Iqtisodchi Otabek Bakirov:
Buzishni sevasizmi? Dom quruvchimisiz? Stoyanka yoki kovorking uchun olingan yerlarda Biznes-markazlar qurishda tajriba orttirganmisiz? Daraxtzorlarni g‘orat qilib huzur olasizmi?
Qonunlarga tupurib qo‘yganmisiz? Hokimlar bilan osh-qatiqmisiz?
Unda bu auksionlar siz uchun. O‘yin o‘ynab beradigan sparring-sheriklaringizni ham chaqiring. Faqat bir kun. 19 dekabr. Uchtasi bittada:
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi. 9,5 gektar
Toshkent shahar onkologik kasalliklar shifoxonasi. 4,6 gektar
Toshkent viloyat onkologik kasalliklar shifoxonasi. 2,7 gektar
Buzing bu shifoxonalarni, kuli ko‘klarga sovurilsin! Hokim va vazirlarga qo‘shib, nomingizni Tarix tavqilaʼnatiga muhrlang!
Oliy darajadagi sinizm shundaki, maqsad faqat pul va yer bo‘lishiga qaramay, bu ishlar onkobemorlar uchun deb eʼlon qilinmoqda.
Eng muhimi, onko-shifoxonalarning sotuvga qo‘yilishi yangi kompleksning qurilishi uchun mablag‘ “topish” bilan emas, ushbu yerlarni maksimal darajada tezroq xususiylashtirib olishga intilish bilan bog‘liq, deb yozmoqda Kun.o‘z.
Sxema qanaqa? Bu obyektlar shaharga to‘g‘ri kelmaydi, yangi joyga ko‘chiramiz degan tashabbusni tepaga olib kirishadi. Yangi joyga ko‘chirish, montaj, yangi qurilish ishlariga ham davlat buyurtmasini o‘zlari o‘zlashtirishadi.
Bo‘shagan yerlar esa sotiladi. Avvaldan kelishilgan, maʼlum bo‘lgan egalariga.
Bular avvalgidek bir taraflama soqqa qilish evolyutsiyasidan o‘tib bo‘lgan. Bular hozir buzish, ko‘chirish, sotishda ham, yangi joyga qurishda ham pul qiladigan darajaga chiqishdi.
Shifokorlar ko‘chasida qurilayotgan necha trillion so‘mlik yangi onkokompleks loyihasi, pudrati kimga berilganini aniqlasangiz, tenglama javobini topasiz.
Bu sxema masalan, sal avvalroq TTZ va Agregat zavodi kabilarni ko‘chirishda qo‘llanilgan. Zavodlarni ko‘chirib tugatib, endi kasalxonalarga o‘tishdi.
Buzuq ekologiya, suvsizlik, sifatsiz ratsion, rasvo meditsina fonida onkologik kasalliklar yonib ko‘paymoqda. 2 soat onkomarkaz eshigi oldida sarg‘ayib turgan odam bo‘lganingizda, bu ishlarni qilish tugul, o‘ylamagan bo‘lardinglar.
Agar hammasi sizlar aytayotgandek (lekin bunga zarracha ishonch yo‘q), barchasi onkobemorlar uchun qilinayotgan bo‘lsa, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ham, uning Toshkent shahar filiali ham, Toshkent viloyati filiali ham sotilmasdan, faoliyat ko‘rsatishda davom etishi, o‘z joyida qolishi kerak. Yangi kompleks ham qurilishi kerak.
Trillionlarni osmonga sovurayotganlar sal o‘zini tiyib tursa, kompleks ham quriladi, uchta kasalxona ham o‘z o‘rnida qoladi.