Iqtisodchi Otabek Bakirov:

Maoshi eng kam va nisbiy kamayishda davom etayotgan o‘qituvchilar ustidan pul o‘zlashtirish davom etadi

Yangi deyiladigan O‘zbekistonni ikkita belgi ko‘p xarakterlaydi. Birinchisi, bu yuz million o‘g‘irlash uchun milliardning osmonga sochilishi bo‘lsa, ikkinchisi, eng kambag‘al va kam daromadlilar ustidan, go‘yoki ularga g‘amxo‘rlik qilib pul o‘zlashtirilishi hisoblanadi.

O‘qituvchilar eski davrda himoyasiz va qashshoq bo‘lgani aniq. Lekin yangi davrdayam hech narsa o‘zgarmagan. O‘qituvchilar ishlaydigan eng qashshoq toifaligicha qolmoqda, ayniqsa yashash qiymati dubaylashib borayotgan poytaxtda.

Gazetaning yozishicha, poytaxt o‘qituvchilariga qiymati 1,25 mln.so‘mdan bo‘lgan va byudjetdan qoplanadigan formalar beriladi. Avvalroq, yozdagi 27 iyuldagi 767-14-0-Q/22 sonli qarorlarga asosan 15 ming forma uchun 15,7 mlrd.so‘m ajratilishi rejalashtirilgan edi. Yaʼni bitta forma komplekti o‘rtacha 1,047 ming so‘mdan tushishi kerak bo‘lgan. Demak, o‘tgan 3 oyda komplekt narxi 203 ming so‘mga shishirilgan. Forma komplektlari qaysi kompaniyada tayerlangani ochiqlanmagan.

Yangi O‘zbekiston chinovniklarining sevimli usuli bu. Masalan, ular kambag‘allarni uch karra qimmatlashtirilgan tovuq, qoramol, limon va teplitsa bilan nonini tuya qilishsa, o‘qituvchilarni forma bilan jazolashadi.

Davom etaveringlar, sizlarga qarshi chora yo‘q. O‘zbekistonda korrupsiya bu endi milliy sport turi emas, korrupsiya bu allaqachon mafkuraga aylangan.

Yodda tutish lozim!

Tovar, buyum, kiyim, qadoqlangan oziq-ovqat va boshqa natura mahsulotlar ko‘rinishida taqsimlanadigan, tarqatiladigan ijtimoiy yordam sxemalarida albatta o‘g‘irlik va yolg‘on bo‘ladi. E buyurtmachi, E taʼminotchi,  yo pudratchi, yo yetkazuvchi zanjirlaridan birida yoki hammasida. Bunday sxemalardan pul o‘zlashtirish avval boshdan bosh maqsad bo‘ladi, yordam ko‘rsatish emas!

Xato va tajribalar natijasida normal davlatlar allaqachon qay tarzda ijtimoiy yordam ko‘rsatish afzal ekanini anglab yetishgan.

Demak, eng ratsional ijtimoiy yordam bu – monetizatsiyalashgan, yaʼni pul ko‘rinishida beriladigan yordamdir. Buning yana bir afzalligi, pul ko‘rinishida yordam olgan insonda tanlovlar asosida qaror qabul qilishga doim imkon bo‘ladi.