Ish haqi ko‘tarilgan, lekin daromadlarning o‘sishi sekinlashgan

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 3 892,4 ming so‘mga yetgan. Bu hisobga qishloq xo‘jaligi va kichik tadbirkorlik subyektlari kirmaydi. Qo‘shilmagan segmentlardagi hisoblar inobatga olinsa, haqiqiy o‘rtacha ish haqi yuqoridagi raqamdan 20%gacha pastroq chiqadi.

Lekin bu asosiy muammo emas. Asosiy muammo hududlar va tarmoqlar bo‘yicha tobora kengayib borayotgan farqlardir.

Hududlar orasida eng ko‘p va eng kam oylik ish haqi o‘rtasidagi farq 2,18 barobarga yetgan. 2021 yilda bu farq 2,06 barobar, 2020 yilda esa 1,94 barobar edi. Ish haqlari o‘rtasidagi farqlar oshib borayotgan bir sharoitda nega biznes ishlab chiqarishni arzon ishchi kuchi bor hududlarga ko‘chirmayapti, degan savol boshqatdan qo‘yilishi va unga yoqimsiz javoblarni eshitishga tayyor bo‘lish zarur.

Tarmoqlar o‘rtasidagi farqning kengayishi statistika agentligining o‘zi taqdim etgan infografikada ham aks etgan. Izohga hojat yo‘q.

2022 yilda aholi jon boshiga umumiy daromadlar 17,8 mln.so‘mni tashkil etgan. Jon boshidagi daromadlarning o‘sishi 19,8%ni, jon boshiga real daromadlarning o‘sishi esa 7,5%dan iborat bo‘lgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 9,9% bo‘lgan va korrektirovkadan keyin 10,7% etib ko‘rsatilgan. Tarixiy ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda doim korrektirovka qilib boriladi va odatda o‘sish surʼati tuzatishlardan keyin yana-da oshadi.

Eng boy va eng kambag‘al hududlar o‘rtasidagi farq ortishda davom etmoqda va bu farq 2,83 barobarga yetgan (o‘tgan yili 2,76 edi).

Daromadlarning jon boshiga eng yuqori surʼatda real o‘sishi pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik baland bo‘lgan Xorazm (+11,8%) va Surxondaryoda (+10,6%) qayd etilgan. Mehnat haqiga bog‘liqlik baland bo‘lgan Navoiy viloyatida jon boshiga real daromadlar qisqargan (-0,9%).

Umumiy daromadlar tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlar ulushi 65%dan 61,6%ga pasaygan, transfertlar bo‘yicha esa 26,2%dan 29,8%gacha o‘sgan.

Mustaqil ravishda band bo‘lganlarning jami daromadlardagi ulushi 37,4%dan 33,3%gacha pasaygan.

Aholining umumiy daromadlari tarkibida tashqi transfertlarning ulushi eng baland hududlar Xorazm (31,1%) va Samarqandda (28,8%) bo‘lib qolmoqda.

Otabek Bakirov