Yanvarda inflyatsiya 1%ga yetmagan

2023 yilning birinchi oyida 0,8%lik rasmiy inflyatsiya qayd etilgan. Bu oxirgi uch yildagi eng past ko‘rsatkich. Yillik inflyatsiya 12,2% (-0,1%)gacha pasaygan.

Yanvarda oziq-ovqatlar 1,0%ga, nooziq-ovqatlar 0,6%ga, xizmatlar esa 0,7%ga qimmatlagani ko‘rsatilgan.

Asosiy yemaklardan tuxum 2,0%ga, , piyoz 44,7%ga, kartoshka 1,4%ga, sabzi 1,5%ga, yaʼni boshqa oziq-ovqatlardan tezroq qimmatlagan. Statistika shuningdek, shakarni 1,4%ga, kungaboqar yog‘ini 0,7%ga va paxta yog‘ini 0,5%ga arzonlaganini ham ilg‘ay olgan.

Elektr va gaz va yoqilg‘ining boshqa turlarining narxi yanvar oyida o‘zgarmagan, deb xulosa qilingan. Qo‘shimchasiga, “2023 yilning yanvar oyida qator hududlarda benzin narxi pasayishi kuzatildi” deya chiroyli qofiya bilan abzas yakunlangan.

Yo‘lovchi tashish xizmatlari 1,1%ga, tovar tashish xizmatlari esa 0,2%ga qimmatlagan xolos. Izoh shart emas.

Biz juda tez orada bir xonali inflyatsiya tugul, undan pastrog‘iga ham erishamiz. Chunki biz avval ham bu yo‘ldan o‘tganmiz.

Inflyatsiyani past ko‘rsatishga urinish O‘zbekiston uchun yangilik emas.

Chunki inflyatsiya qanchalik past ko‘rsatilsa, go‘yoki aholining real daromadlari shuncha balandroq o‘sgandek ko‘rinadi.

Maʼlumot uchun, 21- asrdagi tariximizda eng past inflyatsiya 2004 yilda chizilgan. Atiga 3,7%.

Oxirgi 10 yillikda esa eng past inflyatsiya 2015 yilda, oldingi epoxa o‘zining platosiga yetganda chizilgan: 5,6%.

Otabek Bakirov