Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshooti yana qayta ishga tushirilishi mumkin

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 1 fevral kuni Andijon shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda maʼlum qildi, – deb xabar bermoqda Uza.uz

“Afsuski o‘z vaqtida So‘xdagi yerosti gaz saqlash inshooti ayrim sabablar bilan yopib qo‘yilgan edi. Qirg‘izistondagi davlat tashrifi chog‘ida Sadir Japarov bilan bu masalada ham kelishib oldik. Yaqinda energetika vazirimiz Qirg‘izistonga borib, texnik tomonlarini kelishib keladi” – dedi Prezident.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshootining hajmi taxminan 2,5-3 mlrd. kub metr atrofida. Shundan 1,3 mlrd. kub metr gazdan foydalanish mumkin, qolgani bufer zonada turadi. Bu degani qish mavsumida vodiyni har kuni 13 mln. kub metr gaz bilan taʼminlash imkoniyatimiz bo‘ladi.

“Mazkur inshootning asosiy gaz saqlash qismi Qirg‘iziston hududida joylashgan, kompressorlar esa O‘zbekiston hududida. Shu sababli inshootdan umumiy foydalanish borasida muzokaralar olib boriladi. Eng avvalo ishchi guruh barcha texnik va iqtisodiy tomonlarini batafsil o‘rganib chiqadi. Chunki inshootdan ancha yillardan buyon foydalanilmagan, hozirgi holatini yaxshilab o‘rganib chiqishimiz kerak. Shundan so‘ng shartlar kelishib olinadi. Balki bu ijara huquqi asosida bo‘lar, lekin hozircha biror fikr aytishga erta”, dedi vazir.