Rossiyada yillik inflyatsiya 16,7%ga yetgan

Iqtisodchi Otabek Bakirov telegram kanalida eʼlon qilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiyada inflyatsiya surʼati oshishda davom etmoqda. 1 aprel holatiga yillik inflyatsiya 16,7%ni tashkil etgan. Oziq-ovqat inflyatsiyasi 18,75%ga, nooziq-ovqat inflyatsiyasi 20,21%ga yetgan.

Asosan kambag‘al toifalar isteʼmolidagi mahsulotlar narxlari yuqori surʼatlarda oshmoqda.

Oxirgi hafta davomida piyoz (14,22%), kartoshka (4,75%), karam (13,22%), lavlagi (11,27%), sabzi (8,45%), shakar (5,08%), guruch (3,14%) narxlari yuqori surʼatda oshishda davom etgan.

Nooziq-ovqatlardan ayollar gigiyenik vositalari (5,27%), tualet qog‘ozi (2,60%), sovun (3,46%), shampun (3,36%), kir yuvish poroshogi (3,49%) keskin qimmatlamoqda.

O‘rta va yuqori toifalar isteʼmolidagi qator mahsulotlar, masalan, pomidor, bodring, banan, benzin, yengil avtomobillar arzonlamoqda.