Qozog‘istonlik sotuvchilar rossiyaliklarga mashina sotmayapti

O‘zini oddiy xaridor qilib ko‘rsatgan rossiyalik jurnalistga Qozog‘istondagi ko‘plab avtosalonlar mashina sotmagani qo‘shnilarimiz G‘arb sanksiyalariga rioya qilish talabida qatʼiy ekanidan darak bermoqda.

Qozog‘istonliklar avtodilerlarning G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga urinayotgan rossiyalik mijozlarga mashina sotmaslik qarorini olqishlab, bu talablarga rioya qilmaslik Qozog‘istonga siyosiy va iqtisodiy zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

O‘tgan yili Kremlning Ukrainaga bosqiniga javoban G‘arb davlatlari Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalarni joriy qilar ekan, mahalliy avto ishlab chiqaruvchilar uchun butlovchi qismlarni olish va taʼminot zanjirlarini ushlab turish qiyinlashgan.

Ko‘pgina xalqaro avtomobil brendlari, jumladan, Germaniya, Yaponiya, Koreya, Amerika va Fransiya avtomobil ishlab chiqaruvchilari Rossiya bozoridan chiqib ketgan.

Rossiya bo‘ylab sotuvlar qisqargani sabab, mamlakat yangi avtomobillarning keskin tanqisligi yuzaga keldi, zaxirada mavjudlari esa sezilarli darajada qimmatlashdi.

Ayrim xaridorlar qo‘shni Qozog‘istonga borib, mashina sotib olishni o‘ylagan.

Ammo Qozog‘istonda hozirda Rossiyada mavjud bo‘lmagan – ko‘pincha arzonroq narxdagi avtomobil markalari bo‘lsa-da, Qozog‘iston dilerlik markazlari ularni Rossiya fuqarolariga sotishdan bosh tortmoqda, deb xabar beradi Autonews.ru 27 yanvar kuni.

Autonews.ru muxbiri o‘zini oddiy xaridor qilib ko‘rsatib, Qozog‘istondagi qator brendlarning avtosalonlarida bo‘lgan.

Rossiyaliklarga mashina yo‘q

Muxbir Qozog‘istonda mashina sotib olish imkoni bor-yo‘qligini bilish uchun bir nechta dilerlik markazlarini ko‘zdan kechirib, sezdirmay ish olib borgan.

Koreyaning Hyundai brendi dilerlik markazi «Rossiya pasporti asosida Avtomobilni sotishdan qatʼiyan bosh tortdi», deb yozadi Autonews.ru nashri.

“Ustiga ustak, dilerlik xodimi bu cheklovlar sababini ham aytmadi… sotuvchi Rossiya fuqarolariga muqobil variantlarni ham taklif qilib ko‘rmagan”.

Jurnalistga Hyundai brendining boshqa salonida ham rad javobini berishgan, ular «hujjatlarni rasmiylashtirishda eng avvalo mijozning o‘zi duch keladigan qiyinchiliklarni» ro‘kach qilishgan.

Boshqa bir Koreya brendi – Kia dilerlik markazida ham shunga o‘xshash holat yuz bergan.

Faqat yashash ruxsatnomasi yoki Qozog‘istonning norezident soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasi bilan mashina sotib olish mumkin, deb aytgan menejer jurnalistga.

Rossiyadagi zavodini yopgan va u yerda o‘z avtomobillarini sotishni to‘xtatgan Yaponiyaning Toyota avtokompaniyasining dilerlik markazi ham Rossiya fuqarolariga avtomobil sotishdan bosh tortgan.

“Shu yerdan mashinani o‘z nomiga rasmiylashtira oladigan tanish topishingiz mumkin, ammo keyin qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqa hujjatlar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni o‘z zimmangizga olishga majbursiz”, deb aytgan Toyota savdo menejeri yashirin jurnalistga.

Shu tariqa yashirin rossiyalik xaridor Germaniyaning “Volkswagen”, Xitoyning “Chery” va hatto Rossiyaning “Lada” avtosalonlarida ham mashina sotib ololmagan.

Lada modellari namoyish etilgan dilerlik markazi xodimlari Rossiya pasporti yordamida mashina sotib olishning iloji yo‘qligini aytishgan.

Volkswagen avtosalonlaridan biridagi sotuvchi Rossiyani Ukrainaga qarshi urushi va uning ortidan joriy qilingan G‘arb sanksiyalariga ishora qilib “dunyodagi og‘ir siyosiy vaziyatni” bahona qilgan.

Autonews.ru Qozog‘istonning qaysi shahrida surishtiruv olib borganini ochiqlamagan, biroq katta ehtimol bilan, bu – rossiyaliklar muntazam ravishda avtomashinalar sotib oladigan Ostona shahri.

Rossiya milliy avtomobil ittifoqi (MAI) vitse-prezidenti Anton Shaparin Autonews.ru nashriga qozoq dilerlarining Rossiya pasportiga avtomobil sotmaslik qarori “siyosiy” ekanligini aytdi.

“Avto ishlab chiqaruvchilar dilerlarning (Rossiya pasporti asosida mashina sotishga ruxsat berib), Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berishmoqda, degan xulosaga kelishsa, ularga mashina sotmay qo‘yishidan qo‘rqishmoqda”, deb aytgan Shaparin.

Rossiyaga yordam berishdan bosh tortish

Avtodilerning rossiyalik fuqarolarga mashina sotishdan bosh tortgani to‘g‘ri qaror, deydi kuzatuvchilar.

Qozog‘iston ayniqsa, agar urush uning manfaatlariga zarar keltirsa, o‘zini rivojlangan davlat kabi tutishi, urushga qatʼiy qarshi ekanini bildirishi va Rossiyani qo‘llab-quvvatlamasligi kerak, deydi Qozog‘iston avtomobil biznesi uyushmasining sobiq boshqaruvchi direktori Murat Raximberdiyev.

“Eng muhimi, biz sanksiyalarga to‘liq rioya qilishimizni kafolatlashimiz kerak”, deb aytgan u.

Qozog‘iston ancha vaqtdan beri Rossiyaga G‘arb cheklovlarini chetlab o‘tishga yordam bermasligini taʼkidlab keladi.

Ko‘p yillik iqtisodiy munosabatlarga qaramay, Ostona Moskvaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishga yordam bermaydi, degan edi dekabr oyi oxirida Yaponiyaning NHK telekanaliga bergan intervyusida Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tileuberdi.

Qozog‘iston prezidenti maʼmuriyati rahbari o‘rinbosari Timur Suleymenov o‘tgan yil mart oyida Bryusselga qilgan safari chog‘ida xuddi shunday bayonot bergan.

“Tashrifdan maqsad – yevropalik hamkorlarimizga Rossiyaning AQSH va YEI sanksiyalarini chetlab o‘tishida Qozog‘iston vositachi bo‘lmasligini ko‘rsatish. Biz sanksiyalarga rioya qilamiz”, degan edi u EurActiv yangiliklar agentligiga bergan intervyusida.

Qozog‘iston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Yevropaga mahsulotlarini eksport qilishda foydalanayotgan Rossiya kompaniyalar norozilikka sabab bo‘lgan.

Yanvar oyida o‘tkazilgan surishtiruvga ko‘ra, Rossiya va Belarus yog‘och eksportchilari o‘z mahsulotlarini Qozog‘iston va Qirg‘izistonniki degan daʼvo bilan Yevropaga yuborishgan, buning uchun ular hujjatlarda kelib chiqish mamlakatini soxtalashtirishgan.

Ko‘pchilik qozog‘istonliklar Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni yana-da qisqartirishga chaqirmoqda.

Ostonalik qurilish mollari yetkazib beruvchisi Daulet Axmetovning taʼkidlashi ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdodan doim Rossiya foyda ko‘rgan, Qozog‘istonda esa savdo kamomadi mavjud.

“Qozog‘istonlik fuqarolar va kompaniyalar javobgarlikni his qilishi va Rossiya kompaniyalariga sanksiyalardan qochishga yordam bermasligi kerak“, deydi Olmaotalik Sanjar Dosjanov.

“Aks holda salbiy oqibatlarni qandaydir alohida kompaniya emas, butun boshli iqtisodiyotimiz his qilishi mumkin”, deb aytgan u.

Kanat Altinbayev