Rossiyaning Aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar ustidan nazorat xizmati (Roskomnadzor) Qozog‘istonning “Vlast” nashridan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi xabarlarni olib tashlashni talab qilib, saytni Rossiyada to‘sib qo‘yish bilan tahdid qildi. “Vlast” muharrirlari “rus tomoni talablarini bajarish niyatimiz yo‘q” deb javob berdi.
Jurnalistlarning taʼkidlashicha, Roskomnadzor Ukrainaning Vinnitsa shahrida 20 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan Rossiya raketalari tomonidan o‘qqa tutilishi haqidagi xabarni, shuningdek, Ukrainaning Mariupol shahrida tinch aholi halok bo‘lgani haqidagi xabarlarni olib tashlashni talab qilgan.
Rad etilgan taqdirda, Rossiya tomoni “Vlast” nashri saytini Rossiya hududida taqiqlangan maʼlumotlarni tarqatuvchi resurslarning yagona reestriga kiritish bilan tahdid qildi.
Jurnalistlar “Vlast – Qozog‘iston nashri, uning faoliyati Rossiya qonunlari va nazorat organlari tomonidan tartibga solinmaydi. Tahririyat Ukrainadagi urush haqidagi bu yoki boshqa yangiliklarni olib tashlash niyatida emas va harbiy senzura uchun masʼul bo‘lgan Rossiya departamenti bu borada qanday fikrda bo‘lishidan qatʼi nazar, uni yoritishda davom etadi “, deb javob berishgan.
Roskomnadzor rossiyalik jurnalistlarga “maxsus harbiy operatsiya” atamasini ishlatib, Ukrainadagi urushni “urush” deb atashni taqiqlaydi. Taqiqni buzgani uchun regulyator allaqachon Rossiyaning mustaqil nashrlari, jumladan “Mediazona”, “Exo Moskvi”, “Dojd”, “BBS Rus xizmati”, “Ozodlik radiosi” va “Meduza” kabi o‘nlab veb-saytlarni bloklagan.
Rossiya ommaviy axborot vositalaridan tashqari, Roskomnadzor boshqa davlatlar jurnalistlarini ham nazorat qilmoqchi. Masalan, aprel oyida regulyator Qirg‘iz OAVsi hisoblangan “Kloop” ogohlantirishsiz bloklab qo‘ygan. Bundan tashqari, Qozog‘istonning “NewTimes.kz”, “Ratel.kz” va “Exclusive.kz” nashrlari Ukrainadagi urush haqidagi nashrlarni olib tashlash talabini olgani maʼlum qilingan.