Bizni oltin zaxiramiz ko‘proq, lekin Qozog‘iston iqtisodiyoti O‘zbekistonnikidan kuchli

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari endi Qozog‘istonnikidan ko‘proq. Bu esa navbatdagi populistik qarorlarga turtki berishi mumkin

Oltinning keskin qimmatlashishi va zaxiralarimiz tarkibida oltinning ulushi ko‘proq ekani hisobiga Qozog‘iston zaxiralari qoldig‘i O‘zbekiston xalqaro zaxiralari qoldig‘idan ortda qola boshladi.

Bu vaqtinchalik kartina oxirgi yillarda populizm ustiga qurilgan va maʼmuriy qarorlar bilan boshqariladigan O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun navbatdagi zararli harakatlarni amalga oshirish va investitsion defitsitlarga nisbatan yechim o‘laroq taqdim etishga turtki berishi mumkin. Oldinga o‘tib aytish kerakki, agar bu yo‘ldan borilsa kasallangan iqtisodiyotimiz uchun oxirgi doza bo‘ladi.

Birinchidan, Qozog‘iston iqtisodiyoti uchun 35 mlrd.dollarlik xalqaro zaxiralar bu norma, chunki Qozog‘iston eksporti O‘zbekistonnikidan deyarli 5 barobar katta (84,4 mlrd.dollar). Savdo profitsitda (+ 24,4 mlrd.dollar). Ijobiy saldo barqaror o‘sish tendensiyasi bilan birga saqlanmoqda. Qo‘shnilardan farqli ravishda O‘zbekiston tashqi savdosi defitsit fonida o‘smoqda va har yili savdo defitsiti avvalgi rekordini yangilamoqda. Bu yil yana yangilanadi. Savdo defitsiti muvozanati qachon tiklanishi borasida yaqin prognozlar yo‘q.

Ikkinchidan, bizdan farqli ravishda Qozog‘istoning likvid holatda saqlanayotgan 57 mlrd.dollarlik Milliy fondi ham mavjud. Bizda esa FRRU likvidligidan asar ham qolgani yo‘q. Yaʼni tashqi risklar paydo bo‘lganida, davlatning qo‘lida byudjet muvozanatini taʼminlash va iqtisodiy barqarorlik uchun yetarli miqdorda ichki zaxiralar mavjud. Xalqaro moliyaviy institutlarga, har qanday yordamni siyosiy maqsadlarida foydalanadigan uchinchi davlatlarga murojaat qilishga ularda ehtiyoj yo‘q.

Uchinchidan, Qozog‘istonda tashqi shoklarga va umuman shoklarga nisbatan aholida ham, biznesda ham ko‘nikmalar va tajribalar mavjud. Ular oxirgi 30 yilda kamida 5 marta shoklarni boshidan kechirgan. Shuning uchun nafaqat aholi va xususiy biznes, davlat korporatsiyalari ham ehtimoliy qora kunlarga zaxiralar yaratishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishgan.