2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Yolg‘on va ikkiyuzlamachilik davlat siyosatiga aylangan Rossiyaning iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikovga ko‘ra, Rossiyada ishlash uchun kelayotgan O‘zbekistonliklarning soni oxirgi 7 yilda 4 barobarga oshgan.
Agar Reshetnikovga ishonilsa, O‘zbekistonda odam qolmagan va barcha ishga layoqatli fuqarolarimiz Rossiyaga mardikorchilikka ketgan. Avval ham ko‘p bora taʼkidlaganimizdek, bugungi Rossiyaning imperiyacha va shovinistik mafkurasi hatto fuqarolarning mamlakatlar o‘rtasida harakatlanishida ham o‘zining kasal xohishlarini ifoda etadi. Vergul va abzaslar orqali o‘qilsa, ularning ishoralari aniq va osmondan olingan bu raqamlardan maqsadi ham tayin. Yaʼni, biz Rossiyaga qarammiz, uzib bo‘lmas darajada bog‘liqmiz, o‘zimizni bilib, ularning qosh-qovog‘iga qarab ish tutishimiz kerak.

Eng yomoni nima bilasizlarmi? Eng yomoni Reshetnikovga o‘xshaganlarning bayonotlarini hech bir tekshirmay o‘zbek OAVlari ham tarqatmoqda.
O‘zi ahvol qanaqa?
2023 yil 1 yanvar holatiga Rossiyada jami 1 223,3 ming nafar o‘zbekistonlik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarning soni 2022 yil 1 yanvarga nisbatan jami 12,8 ming nafarga kamaygan.
Bu raqamlar osmondan olinmagan. Rossiya Federatsiyasining rasmiy statistikasi. Odatda putin propagandasi Rossiyaga kirgan o‘zbekistonlik borki, u turistmi, talabami, bemormi yo tadbirkormi, hammasini mehnat migranti qatoriga qo‘shib keladi. Masalan, Moskvaga serqatnov o‘zbek chinovniklari ham ularning nazarida go‘yoki migrant.
Albatta, muammolar yo‘q emas
Mehnat migratsiyasini boshqa yo‘nalishlarning kengaytirish hisobiga diversifikatsiyalash juda sust ketmoqda. Tegishli agentlik faqat migrantlarni shilish va o‘rtakashlik bilan mashg‘ul. Yordam berishmasin, agarda hech qursa xalaqit berishmay turishsa ham o‘zbekistonliklar o‘zlari uchun yangi va yangi bozorlarni kashf etishda davom etishadi.
Va bir narsani hamisha yodda tutish zarur. Biz ayrim urug‘i quriyotgan shovinistlardan farqli o‘laroq ko‘paymoqdamiz, eng katta boyligimiz bo‘lgan nufusimiz bir kun kelib katta sifatga aylanajak.
