Biz bayram qilaveramiz, lekin O‘zbekiston so‘z erkinligi reytingida pastga sho‘ng‘imoqda

“Chegarasiz reportyorlar” tashkiloti 2023 yil uchun tuzilgan reytingida O‘zbekiston 137-o‘rinda qayd etildi. Anʼanaga ko‘ra jahon matbuot erkinligi kuni arafasida eʼlon qilinadigan reytingdagi natija o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 4 pog‘onaga pasaygan (yomonlashgan).

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili So‘z erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini birdan 24 pozitsiyaga yaxshilab, 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarilgan edi.

Reytingda siyosiy (-3), iqtisodiy (-9) va ijtimoiy (-9) indikatorlarda natijalarimiz sezilarli pasaygan.

Xulosalar hokimiyat OAV va hukumat bilan bog‘langan qator blogerlarni yetarli darajada nazorat qilishi, chinovniklar jurnalistlarga iqtisodiy jihatdan bosim o‘tkazishi yoki sotib olishga urinishi, ijtimoiy tarmoqlar rasmiy OAVlar deyarli yoritmaydigan korrupsiya bilan bog‘liq axborotlarni almashadigan platformaga aylangani ko‘rsatib o‘tilgan.

Postsovet makonida O‘zbekistondan tashqari yana Rossiya (164- o‘rin), Belarus (157- o‘rin), Tojikiston (153- o‘rin), Qozog‘iston (134- o‘rin), Qirg‘izistonning (122- o‘rin) so‘z erkinligi bilan bog‘liq reytingi yomonlashgan.

So‘z erkinligi eng yuqori deya Norvegiya, Irlandiya va Daniya topilgan bo‘lsa, eng yomon uchlikni Shimoliy Koreya, Xitoy va Vyetnam egallagan.