Kamoliddin Rabbimov 1999—2002-yillarda Oʻzbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi aspiranturasida oʻqigan. 2000—2001-yillarda Oʻzbekiston respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ilmiy tadqiqotchi, 2001—2004-yillar „Ijtimoiy fikr“ sotsiologik tadqiqotlar markazida ilmiy tadqiqotchi, 2004—2005-yillarda Fuqarolik jamiyatini oʻrganish institutida katta ilmiy xodim vazifalarida ishlagan. 2007—2021-yillarda Fransiyada yashagan.
Har bir davlatning energiyasi, kuchi, quvvati bo‘ladi. Baʼzi davlatlar o‘zlarining energiyasini rivojlanishga, erkinlikka, hamjihatlikka, birdamlikka erishish uchun sarflaydi. Baʼzi davlatlar esa, o‘zining ichidagi ijtimoiy energiyani bostirish uchun, kurashish uchun sarflaydi. Mana shunday davlatlarda qo‘rquv – xalqning eng birinchi hissiyoti bo‘ladi. Bu davlatlar – qo‘rquv saltanati bo‘ladi.
O‘zbekiston 2016 yilga qadar qo‘rquv saltanati bo‘ldi. Qo‘rquv – insonlar ongini falaj qiluvchi darajada edi. 2017 yildan boshlab, jamiyat ongidagi qo‘rquv erib boshladi. Jamiyatda erkinlikka katta umid paydo bo‘ldi. Lekin, bugunga kelib, vaziyat gibrid tus oldi. Ertaga nima bo‘lishini tushunish qiyin.
Qo‘rquv tizimini maromiga yetkazgan davlatlar, har doim, har kuni o‘z holatlarini alohida monitoring qilib turishlari kerakki, “men yana oldingi vampir holatiga qaytmayapmanmi?!” deb xavotirga tushishlari kerak.
Qattiq avtoritar davrni yashagan davlatlar, o‘zgarishlarga erishish va mustahkamlash uchun, aynan kuch ishlatar tizimlarni alohida tartibga solib turishlari kerak bo‘ladi. Keyingi oylarda qiynoqqa solingan tadbirkorlar, bosim ostidagi jurnalistlar va OAVlari, kuzatuvlar va bosimlar haqida juda ko‘p xabarlar tarqaldi. Lekin, davlatning markaziy shaxslari, bu davlatning siyosatimi, yoki tizim ichidagi tuzatilishi kerak bo‘lgan xatolarmi – gapirishmayapti.
Davlatning o‘rta bug‘ini “biz vaziyatni nazorat qilyapmiz” deb, qo‘rquv saltanatini parvarishlasa, bunga davlatning yuqori pog‘onalari imkon bermasligi kerak. Qo‘rquv saltanati shunday narsaki, u oyoqdan, jamiyatdan, xalqdan boshlanadi va davlatning tepasiga borganda, butun bir tana to‘liq gangrena holatiga yetgan bo‘ladi. Kech bo‘ladi! Davlatning o‘zi yutqazgan bo‘ladi. Hokimiyat tarixiy kampaniyani yutqazgan bo‘ladi.
