2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Monopollashtirish yashirin milliy g‘oyaga aylanib ulgurgan O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish qisqarishda davom etmoqda. O‘tgan yilning tegishli davri bilan solishtirganda yengil avtomobil ishlab chiqarish 10%dan ziyodga yoki 9834taga qisqarib ketgan. Pandemiyadan keyin, bir yarim yil davomida yarim o‘tkazgichlar monopollashtirilgan bozorda avtomobil tanqisligi uchun arpa uni singari bo‘lib kelgan bo‘lsa, 2023 yilda yangi bahonalar o‘ylab topilgani yo‘q. Maʼlumot uchun, oxirgi olti oyda yarim o‘tkazgich va tranzistorlar 30-50%ga, hattoki karrasiga arzonlashib ketgan.
Aytish kerakki, ishlab chiqarish keskin qisqargani bilan Uzauto motors o‘zining sevimli ishi o‘zbekistonliklarni jazolash va eksportga avtomobil yetkazishni bir daqiqa ham esdan chiqarmagan.
Masalan, yanvar-aprel oylarida 27 739 ta Cobalt ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shu davrda Qozog‘istonda 10 627ta Cobalt sotilgan. Ishlab chiqarish to‘xtatilgan deb eʼlon qilingan esada, to‘qqiz qaytgan qasamxo‘rlardek, 1985 dona Nexia-3 ishlab chiqarilgan, lekin Qozog‘istonda 2 728ta Nexia-3 sotilgan. Yaʼni o‘tgan yili ishlab chiqarilib, ehtimolki, yashirin omborlarda tuzlab qo‘yilgan Nexia-3lar ham Qozog‘istonga ketgan.
Sinizmning oliy cho‘qqisi shuki, o‘zbekistonliklarga Nexia-3 uchun kontraktatsiya o‘tgan yili sentyabrda, Cobalt uchun esa dekabrda to‘xtatilgan. Bir dona ham Nexia-3 va Cobalt ishlab chiqarilmagan qahraton yanvarda Qozog‘istonga ehtimolki, tuzlab qo‘yilgan omborlardan yetkazilgan uch mingdan ziyod shu rusumdagi avtomobillar sotilgan. Qoyilmisiz?
Uzauto motors yangi deyilgan davrning 7- yiliga kelgan o‘tgan yomon zamonda o‘zbekistonliklarga nisbatan qo‘llab kelingan eng rasvo, eng jirkanch va eng yaramas vosita va usullarini qo‘llashga o‘tdi. Yaʼni o‘zbek avtopromida hamma tosh otishga o‘tgan o‘sha eski zamonning buzuq qoidalari, hattoki sxemalarigacha va menejmentigacha to‘liq tiklandi.
Qozog‘istonda yanvarda, fevralda, martda va aprelda avtomobillar sotuviga qarang, tanlov va raqobat kengligiga eʼtibor qarating. Shularning hammasiga o‘zbekistonliklar ham haqli aslida, lekin o‘ta tor va yuqori darajada korrupsiyalashgan manfaatlar uchun butun boshli xalq boshqa muhim tanlovlardan mahrum qilingani singari avtomobil tanlovidan ham mahrum etilgan.
