Monopolist bo‘lish uchun o‘g‘rilik qilishga doim tayyor uddaburonlar

Birovni g‘oyalarini o‘g‘irlash oddiy hol bo‘lgan mamlakatimizda yana bir olamshumul yangilik. “UNICON-SOFT” MCHJ tomonidan Humo deb nomlangan milliy messenjer yaratilibti (humo.app).

Eng qizig‘i mazkur messenjerni Axborot kommunikatsiya sohasiga masʼul tashkilotlar tekshirgan va maxsus sertifikat ham bergan.

Monopoliya

Yana bir innovatsiya messenjer Davlat xizmatchilari uchun xavfsiz emish. Dasturga davlat tashkilotlari ulanishi lozim va har bir xodim uchun oyiga 25 ming 200 so‘mdan abonent to‘lovi to‘lashi kerak ekan. Majburiy obunani raqamlashtirilgan varianti (ena vatsiya)

Huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev:

“OOO, zo‘rku, va nihoyat milliy messenjer ishlatar ekanmiz” deya xursand bo‘lib, o‘sha dasturni ishlatmoqchi bo‘ldim. Ammo dasturni ochishim bilan, bu Telegrammi yoki Humomi, deb adashib qoldim. Shovvozlarimiz birga-bir Telegramdan ko‘chirishibdi. Yana nomi O‘zbekistonning milliy messenjeri emish… )))

Xullas eng qizig‘i oldinda. Buyuk ixtirochilarimizning mazkur olamshumul messenjeri O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 23 iyuldagi 357-sonli qarori asosida ishlab chiqilgan ekan.

Ushbu qarorning 1-ilovasida milliy messenjer ishlab chiqish va hattoki abonent to‘lovini “UNICON-SOFT” MCHJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etish belgilangan.

Nega to‘g‘ridan-to‘g‘ri? Nima uchun bu tadbirkorlik subyektiga Prezident qarori asosida bunaqa imkoniyat berilgan? Shoxi bormi, yoki orqasidan oy chiqqanmi?

Prezident qarorida bo‘lsa, boshqalar g‘ing deyolmaydida, shunda-a? Hamma ko‘z yumadi, hatto ko‘chirmakashlik bo‘lsa ham.

“UNICON-SOFT”ga bittagina savolim bor: bu sharmandalikka qanday chidaysizlar?”

Shu paytgacha 32 ta urinish muvaffaqiyatsizlikka uchragan

O‘zbekistonda milliy ijtimoiy tarmoq va messenjer yaratish haqidagi gap-so‘zlar endi paydo bo‘lgani yo‘q. Daryo.uz nashri hozirgacha 32 ta ana shunday urinish bo‘lgani, 2022 yilga kelib ularning barchasi yopilib ketgani haqida yozgan.

Taʼkidlanishicha, loyihalarning aksariyati muvaffaqiyatli xorijiy kompaniyalarning nusxalari bo‘lgan. Xususan, UzFace, YouFace – Facebook‘ning, Drug.uz – VKontakte‘ning, Bamboo.uz – Twitter‘ning, Sinfdosh.uz – Odnoklassniki‘ning nusxasi bo‘lgan.

Shuningdek, UzChat messenjeri, Doira.uz, Davra.uz, Muloqot.uz, Mening olamim (Olam.uz sayti tarkibida, Rossiyadagi “Moy Mir”ning nusxasi) kabi platformalar yaratilgan. Ular orasida eng uzoq ishlagani Muloqot.uz bo‘lib, 7 yil mavjud bo‘lgan ushbu loyiha 2018 yilda yopilgan edi.

2017 yilda Telegram va WhatsApp kabi messenjerlarning milliy muqobili – Uzphone‘ni ishlab chiqish boshlangandi. Yuqoridagi loyihalarning deyarli barchasi davlat tomonidan moliyalashtirilgandi.