Bobir Oqilxonov: “O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish uchun monopoliyani yo‘qotish kerak!”

Axborot hamkorimiz Biz-TV onlayn teleradiokanali ijodkorlari “BIZnikilar bilan suhbat” ruknida IT sohasida dunyoga taniqli o‘zbek mutaxassislaridan biri Bobir Oqilxonov bilan qiziqarli suhbat uyushtirdi.

Ma’lumot o‘rnida: Bobir Oqilxonov 2016 yil buyon AQShda yashaydi, bungacha esa o‘n yil Avstraliyada va olti yil Rossiyada yashagan. U ish faoliyatini Avstraliyada boshlagan – ijtimoiy tarmoq yaratgan, so‘ngra bir nechta loyihalar bilan shug‘ullangan, u haqida o‘sha paytda mahalliy matbuotda ham yozishgan. Albatta, u birdaniga muvaffaqiyatga erishmagan: ayrim loyihalar omadsiz chiqqan, lekin tadbirkor omadsizlik ham biznesning bir bo‘lagi deb hisoblaydi.

– Nima uchun O‘zbekistondan ketgansiz?

– O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sganman. Maktabimni Rakaat mahallada bitirganman. 2000 yilda ota-onam chet elda o‘qiysan deb Avstraliyaga yuborishgan. Yurtimdan ketganimga 20 yil bo‘ldi. Orada kelib-ketib yuraman. Chunki ota-onam, qarindoshlarim, do‘stlarim O‘zbekistonda. Bir necha yildirki, IT sohasida biznes qilaman. Pandemiya boshlanganida bolalarimni masofada o‘qiysan deb uyga yuborishdi. Hamma narsa yopildi. Jamoam butun dunyoda tarqalgan. Hammasi masofada ishlaydi. Bolalarim ham masofada o‘qisa, uyda o‘tirishni nima keragi bor, deb chiqib ketdim. 6 oydan beri butun Amerika bo‘ylab sayohatda yuribmiz.

– Siz “Forbes teg council” ro‘yxatiga kiritilgan ilk o‘zbekistonlik tadbirkorsiz. O‘zi qanday bo‘lgan bu? Nimaga aynan siz? Shu to‘g‘rida gapirib bersangiz.

– Yaxshi savol. Texnologiyada juda katta tajribam bor, katta ishlar qilganman, desam maqtanishga kirmasa kerak. Katta bir loyiha ustida ish olib borayotganimizda meni “Forbes teg council” ga tavsiya qilishdi. Rozi bo‘ldim. Mijozimni o‘zi tavsiya qildi. Oradan ozgina vaqt o‘tganidan keyin aloqaga chiqishdi va tegishli ma’lumotlarni to‘ldiring, deb iltimos qilishdi. Hammasini to‘ldirdim. Yubordim. Esimdan ham chiqib ketdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, xat yuborishdi. Tabriklaymiz, siz “Forbes teg council” ga qabul qilindingiz, deyishdi. Xursand bo‘ldim. Keyin qarasam, bu jamoa texnologiyada ancha yildan beri ishlab kelayotgan odamlarni shunaqa yig‘ib olarkan-da, keyin ruxsat berarkan. Masalan, o‘zim ham Forbesda maqolalar yozsam bo‘ladi. Yoki tavsiyalar bersam bo‘ladi. Shu tarzda har bir texnologiya bo‘yicha bular maqolalar yozishganida ham bizga aloqaga chiqishadi va mana bu narsani o‘qib ko‘ring. Nima maslahat bera olasiz? Qayerlarida o‘zgartirishlar qo‘ya olamiz, deb maslahatlarni so‘rab turishadi. Bu juda qiziq.

– Nima uchun IT sohasiga kirgansiz? Nima turtki bo‘lgan?

– 1997 yilda dadam uyga internet ulatgan. Undan oldin uyimizda doim kompyuter bo‘lgan. Dadamning o‘zi ham kompyuterga qiziqqan. Kompyuterda o‘yin o‘ynashga ruxsat bermasdi. Lekin borib dasturlashni o‘rgangin, deb aytardi. Yoshlikda dasturlashga qiziqishim bo‘lmagan. Ammo keyin internet birinchi ochilishi bilan internetga kirib juda qiziqib ketdim. Shu sababchi bo‘lgan. Birinchi marta O‘zbekistondan turib Amerikaning ma’lumotlarini oldim, Rossiya saytlariga kirdim. Garchi o‘sha paytlarda internet tezligi juda past bo‘lgan bo‘lsa-da, shundan beri texnologiya sohasiga qiziqib ketganman va shu sohada faoliyat yuritaman.

– Hozirda qanday loyihalar ustida ish olib boryapsiz?

– Hozir menda Zoomga o‘xshagan video-konferensiya dasturim bor. Lekin buni Zoom deb ochganim yo‘q. Pandemiyadan oldinroq ochilgandi. Sal boshqacharoq konsepsiya asosida. Menda 2020 yili inqiroz bo‘ladi, degan ma’lumot bor edi. Lekin buni aynan pandemiya ekanini bilmagandim. Lekin o‘shanda agar inqiroz bo‘lsa, demak odamlar masofadan ishlaydi, degan fikrga kelganman. Nega? Chunki ko‘pchilik ishsiz qoladi. 2008-2009 yillarda ham inqiroz bo‘lganida odamlar ishsiz qolib ketishdi-da, keyin ishga kira olishmadi. Olti oylab, uzoq muddat! Keyin “Co-working ” markazlar rivojlanib ketdi. Har bir soha vakili o‘z ishini bozorga sotishga qaror qilgan…

Suhbatni batafsil video ko‘rinishida tomosha qilishingiz mumkin.