O‘zbek iqtisodiga 2 500 dollarlik oltin yoki 8%lik o‘sish ham yordam bermaydi

Agarda daromadlarning o‘sishiga qarab xarajatlarni o‘stirish va xarajatlarni qoplash uchun qo‘shimcha daromad topish musobaqasi to‘xtatilmasa, o‘zbek iqtisodiga 2 500 dollarlik oltin yoki 8%lik o‘sish ham yordam bermaydi. Chunki yangi yuqori xarajat normasiga ko‘nikib olingandan so‘ng, hech kim orqaga qaytishni istamaydi. To‘satdan o‘sgan daromadlarni shu zahoti o‘zlashtirish ko‘nikmasidan voz kechilmasa, ishtahalar va manfaatlar doim tezroq chopaveradi.

O‘zbekiston juda yuqori iqtisodiy o‘sish, oltin va misning rekord narxlariga qaramay byudjet defitsiti ko‘rsatkichlarining yangilashda davom etayotgani hali ko‘p tadqiqot va izlanishlarga turtki beradi. Nima qilmaslik kerakligi haqida bizning xatolarimiz misolida retseptlar paydo bo‘ladi.

Lekin, ungacha o‘zimiz o‘zimizni tiyish uchun yangi fiskal qoidalarni belgilab olmasak, yomon ahvolimiz yana-da yomonlashaveradi. Chunki hozirgi kasalimizning umumiy nomi fiskal masʼuliyatsizlik, o‘zbekcha nomi esa og‘zaki topshiriqlardan boshqa tiyadigan qoidalarning yo‘qligi.

O‘zbekiston zudlik bilan shartli ravishda 1800 dollarlik oltin, 7800 dollarlik mis narxi chegarasi belgilagan daromadlar doirasidagi ratsional byudjetga qaytishi kerak. Chiziqdan yuqori daromadlar ishlatilmasligi, jamg‘arilishi zarur.

Xarajatlar ayovsiz va shafqatsiz kesilishi zarur. Ayniqsa iqtisodiyotga xarajatlar, ayniqsa davlat boshqaruvi xarajatlari. Xarajatlar o‘sishidan manfaatdor guruhlar, ayniqsa oligarxiya va monopoliyalar qaror qabul qilish jarayonidan butunlay chetlashtirilishi zarur.

Ha, o‘zbek chinovniklari yoqtiradigan hech nimani o‘zgartirmaslik, status kvoni saqlab qolish varianti ham bor. Lekin bunda yaqin orada inflyatsiyani ham, savdo defitsitini ham, milliy valyuta kursiga bosimni ham boshqarib bo‘lmas stadiyaga kiramiz.

Eng to‘g‘ri yechim qattiq ekonomiya rejimiga o‘tish, yaʼni byudjetga oligarxiya va monopoliyalar o‘tkazayotgan ulkan bosimni ildizi bilan kesib tashlash. Shunda faqat adolat bo‘ladi. Adolatli haqiqat bo‘ladi.