O‘zbeklarning avtoulovga muhabbati: byudjetga pul, xalq uchun qo‘shimcha chiqim

Registratsiya to‘lovlari byudjetga qo‘shimcha 3 trln.so‘mdan ortiq daromad keltiradi. Bugundan boshlab, avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov miqdor bazaviy hisoblash miqdorining 0,1 barobaridan 6,84 baravarigacha, yaʼni 34 000 so‘mdan 2 325 600 so‘mgacha ko‘tariladi.

Boshqacha aytganda har bir Avtomobilni YHXBda qayta ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari 2 291 600 so‘mga oshadi.

2023 yilning aprelidan dekabriga qadar O‘zbekistonda 1,34 mln.dan ortiq avtomobil oldi sotdisi yuz bergan. Agar shu ko‘rsatkich saqlanib qolsa, 2024 yilning qolgan davrida avtomobillarni ro‘yxatga olish orqali byudjetga 3 trln.so‘mdan ortiq qo‘shimcha daromad kelib tushishi mumkin (ro‘yxatdan o‘tkazish xarajati keskin ortishi ishonchnomalar sonini oshirishi ehtimoli ham bor).

Avtomobil oldi sotdisi jarayoni uchun xarajatlarning keskin ortishi birinchisi emas. O‘tgan yili 1 noyabrdan avtomobil raqamlarini berish uchun to‘lov BHMning 1,5 barobaridan 3,5 barobariga oshirilgandi.

Tarmoqlarda elektromobil olish rag‘batlantirilmoqda, endi ularni ro‘yxatdan o‘tkazish 5 barobar arzon bo‘ladi, deya biroz chalg‘ituvchi maʼlumotlar tarqatmoqda. Ha, elektrobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan arzonroq bo‘lishi aniq. Lekin elektromobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish ham BHMning 0,1 barobaridan 1,5 barobarigacha, yaʼni 15 barobariga oshganligini aytmaslik noo‘rin bo‘ladi.

Nima uchun bu o‘zgarishlar kuchga kirishidan faqatgina 2 kun avval, yana dam olish kunlari ochiqlanganligi sababi nomaʼlum. Rasmiylarga bu savol berilmagan ham bo‘lsa kerak.

Noqonuniy imzolangan buyruqlar qonuniy kuchga egami?

Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, 2024 yil 31 mart yakshanba dam olish kuni edi. Qonunchilikka ko‘ra, dam olish kunlari hech qanday hujjatlar imzolanmaydi, qabul qilinmaydi.

Afsuski, qonun himoyachilari bo‘lmish Adliya vazirligining o‘zi bu holatga bo‘ysunmagan. Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2024 yil 31 mart kuni mashinalarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxlarini karrasiga oshirish haqidagi buyruqni imzolagan.

Adliya vazirligi esa o‘sha buyruqni ayni shu kuni, 2024 yil 31 mart yakshanbada ro‘yxatdan o‘tkazgan. Buyruqda aytilishicha, iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan. Vazir Qo‘chqorov bu kelishuvga 2024 yil 30 mart shanba kuni imzo qo‘ygan.

Adliya vazirligiga savol: yakshanba kuni imzolangan hujjatlar qonuniy kuchga egami?

IIVga savol: hukumatning 2017 yildagi qarorini asos qilgan ekansizlar, nega unda 1 kun qolganda imzolandi, oldinroq emas?

Bandlik vazirligiga savollar: yakshanba kuni imzolangan bo‘lsa, adliya va IIV xodimlari yakshanba kuni ishga chiqqan, bunga biror chora ko‘riladimi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 maydagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5997-son Farmonining 5-bandi to‘rtinchi xatboshisiga asosan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni belgilovchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi huquqiy normalarni kiritishga yo‘l qo‘ymaslik belgilangan. Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan jismoniy va yuridik shaxslar uchun amaldagi to‘lov so‘mmasini 6,8 baravarga oshirish to‘g‘risidagi yangi band kiritilishi mazkur Farmon talablariga zid emasmi ?

Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligidan tegishli munosabat kutib qolamiz !