Shuncha mablag‘ qayerga ketmoqda? Birinchi chorakda davlat byudjeti defitsiti rekord darajada yangilandi

Birinchi chorakning oxirgi ish kunida 3,1 trln.so‘mdan ortiq daromad qayd etilganiga qaramay, 2024 yilning mart oyi 6,8 trln.so‘mlik defitsit bilan yakunlangan.

Byudjet defitsiti (taqchilligi) – bu byudjet xarajatlarining uning daromadlaridan oshib ketishi. Daromadlar xarajatlardan oshib ketganda, byudjet profitsiti yuzaga keladi.

2024 yilning dastlabki uch oyida Davlat byudjetining daromad va xarajatlari farqida jamlangan defitsit 19,8 trln.so‘mdan oshgan. Ochiq maʼlumotlarga tayanilsa, shakllangan defitsit o‘tgan 2023 yilning o‘ta og‘ir kelgan birinchi choragidagi rekordni yangiladi.

O‘tgan yilning tegishli davri bilan solishtirganda, Davlat byudjeti daromadlari 6,8%ga oshgan, lekin xarajatlar ham 19,3%ga ko‘paygan. Byudjet intizomi va muvozanati 2020 yildan keyin keskin yomonlashganini ochiq manbalardan olingan quyidagi dinamikadan ham ko‘rishingiz mumkin.

Toki tub sabablar tan olinmagunicha (asosiy aktiv va pul oqimlarini egallab olgan oligarxiya va monopoliyalarga imtiyoz va preferensiyalar, qolganlarga, ayniqsa kichik va o‘rta biznesga noteng imkoniyatlar, davlat va boshqaruv xarajatlarining tiyilmagani va iqtisodiy xarajatlarning samarasizligi, o‘g‘irlik va o‘zlashtirishga asoslangan energetika) vaziyatni o‘zgartirish oson bo‘lmaydi yoki ayrimlar taklif etayotganidek ijtimoiy xarajatlarni kesish boshlansa, butunlay teskari natijalar ko‘rsata boshlaydi.

Otabek Bakirov