“Suyunchi puli”dan tejalgan mablag‘lar nima uchun sarflanadi? O‘g‘ri oligarxlargami? Maktablargami?

1 apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzand uchun barchaga, ikkinchi farzand uchun esa farzand tug‘ilgan paytda «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilaning aʼzosi bo‘lgan ayollarga berilishi tarmoqlarda turlicha talqin etilmoqda.

Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilganlar va reyestrga kiritilgan ayollarning tug‘ish statistikasi bo‘yicha biron bir normal statistika yo‘q.

Lekin yarimi yopiq va chala-chulpa demografiya statistikamizga ko‘ra, jami tug‘ilish ko‘rsatkichida birinchi farzandlarning ulushi 23,7% atrofida. Agar shu proporsiyani o‘tgan yilgi tug‘ilish soni ko‘rsatkichiga qo‘llasak, 2023 yilda ikkinchi va keyingi tug‘ilgan farzandlar 734 ming atrofida bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin.

Tendensiyaga ko‘ra bu yil tug‘ilish umumiy soniyam, ikkinchi va undan keyingi tug‘ilgan farzandlar soni ham o‘sadi.

Bu degani 2024 yil 1 apreldan keyin tug‘ilgan taxminan 560-570 ming bolalar uchun “suyunchi puli” berilmaydi (ijtimoiy reyestrdan tashqari). Suyunchi puli mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi, 738 150 so‘mni tashkil etadi (inflyatsiyaga indeksatsiya qilinsa, maydan yo sentyabrdan yana oshadi).

Demak, hukumat mazkur byudjet manyovridan 2024 yilda 415 mlrd.so‘mgacha tejab qoladi (kelasi yillarga iqtisod qilingan mablag‘ yanayam kattaroq ko‘rinish oladi)

Asosiy savol shundaki, bu pullar nimaga va qaysi maqsadlar uchun ishlatiladi? Agar gap ayanchli ahvolda qolayotgan maktablarga yo kasalxonalarga yo‘naltirish haqida ketsa, bu bitta keys. Shunday maqsadlar uchun mazkur manevrga qo‘l urilgan bo‘lsa, shaxsan men ikki qo‘lim bilan quvvatlayman.

Lekin bizning yangi tariximiz prioritetlaridan kelib chiqilsa, kambag‘al va muhtojlardan tejalgan mablag‘lar odatda yaqin oligarxlar cho‘ntagiga ishlaydigan loyihalar yoki sxemalarga taqsimlanishi ehtimoli ko‘pligi xavotirga soladi.

Savolni o‘zi garchi o‘zbekistonliklarning xohish irodasini ifoda etmasada, qoida tariqasida, parlament deputatlari berishi kerak. O‘zbekistonda peshtoqda parlament deb yozilgan binoda kambag‘allarning ham, o‘rta sinfning ham vakilligi yo‘qligi inobatga olinsa, bu ilinjning amalga oshishi ham imkonsiz. Shunday ekan savolni fuqarolarning o‘zlari bergani maʼqul:

Ayollar va bolalardan tejalgan pullarning keyingi benefitsiarlari kim bo‘ladi?