156 milliard so‘mlik Qo‘qon aeroporti necha yilda o‘zini oqlaydi?

Dam olish kunlari Qo‘qonda aeroport foydalanishga topshirildi. Qurilish-taʼmirlash ishlari uchun 156 mlrd so‘m sarflangani qayd etilgan (40 mlrd so‘m terminal uchun, 107 mlrd so‘m uchish-qo‘nish yo‘lakchasi uchun).

Qo‘qon Aeroportiga hozircha faqat Toshkentdan Silk Avia (Havoshkaning sho‘basi) reysi qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Voqelik jihatidan, albatta, Qo‘qon aeroportining ochilishi quvonchli hodisa. Ayniqsa Navro‘z kunlarida.

Ayni paytda Qo‘qon aeroportining ishga tushirilishi chiroyli piar suratlar, balandparvoz shiorlar va “bayramga sovg‘a” qabilida ko‘rilmasligi kerak.

Har bir loyiha o‘zining iqtisodiy mazmuniga ega bo‘lsa, faoliyati izchil va uzoq davom etadi (bo‘lmasam, yil o‘tmay yana yopiladi). Shu o‘rinda Qo‘qon aeroportining texnik iqtisodiy asoslari mundarijasi qanday ekanligi juda qiziq. Xususan, 156 mlrd so‘mlik o‘zlashtirilgan kapital qancha muddatda qaytadi. Zararsizlik nuqtasiga chiqish uchun Qo‘qon aeroporti kuniga nechta reysga va qancha yo‘lovchiga xizmat qilinishi kerak?

Darvoqe, bundan 2 yil avval aytilgan “Farg‘ona vodiyiga yagona aeroport qurish” rejalari nima bo‘ldi? Axir o‘shanda “har uchala viloyat aeroportlari shahar ichida joylashgan bo‘lib, faqat bir tomondan qo‘nish mumkin, soatiga oltita samolyotning o‘tkazish imkoniyati cheklanganligi” aytilmaganmidi?

O‘zi aeroportlar bo‘yicha har 3 oyda o‘zgaradigan oxirgi strategiyamiz qanaqa? Ertaga yana o‘zgarib qolmaydimi?

Va umuman, qachondan boshlab, vodiyliklar xorijga O‘sh va Xo‘janddan emas, Namangan, Andijon, Farg‘ona va qo‘ling o‘rgilsin yangi aeroporti bor Qo‘qondan uchishni boshlashadi? Va qachondan boshlab vodiy aeroportlari tojik va qirg‘iz qardoshlarimizning aeroportlariga raqobatbardosh darajaga chiqadi?