Arab matbuoti sharhi: Makronning nutqi, Trampning mag‘lubiyati va Tog‘li Qorabog‘dagi voqealar qanday talqin qilinmoqda?

Bugun jahon mamlakatlarida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning matbuotdagi talqini juda katta aks-sado bermoqda. Va bu aks-sado o‘sha voqealarning yana-da shiddat bilan avj olishiga, baʼzan hatto keskinlashuviga sabab bo‘layotir. Buning yorqin isbotini ortda qolgan oktyabr oyi misolida ham ko‘rish mumkin. Xabaringiz bor, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron nutqining matbuotda buzib talqin qilinishi shakllangan munosabatlardagi taranglikka sabab bo‘ldi. Umuman, internet orqali yashin tezligida tarqalayotgan bunday holatlarga ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Quyida jahon miqyosida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarning arab matbuotidagi talqinini ko‘rib chiqamiz. Arab davlatlaridagi siyosiy xilma-xillik va matbuotdagi fikrlar qarama-qarshiligi turli rakurslarda axborot olish, bir-biriga zid talqinlar bilan tanishish imkonini beradi. Shunday qilib, oktyabr va noyabr oylarida arab tilidagi ommaviy axborot vositalarining yetakchi mavzusi quyidagilar bo‘ldi:

·               AQShda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari,

·               Fransiyadagi karikaturalar bilan bog‘liq keskin vaziyat,

·               Tog‘li Qorabog‘dagi urush,

·               Saudiya Arabistonining G20 sammitiga mezbonligi,

·               Davom etayotgan koronavirus pandemiyasi.

Trampdan minnatdor arab davlatlari Baydenni ham munosib kutib olmoqchi

Qo‘shma Shtatlarning global yetakchi ekanligi hisobga olinsa, Oq uyni kim boshqarishi jahondagi barcha mintaqalar uchun birdek ahamiyatlidir. Yaqin Sharq mintaqasida esa bu yana-da dolzarb masala hisoblanadi. Arab mamlakatlarida AQShning bu mintaqadagi siyosatiga jiddiy qarshilik ko‘rsatuvchi va uni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlar hamisha mavjud bo‘lgan. Shu bois ham, Qo‘shma Shtatlardagi saylovlar jarayonini arab davlatlari jiddiy kuzatib boradi, arab nashrlari esa saylovlar bilan bog‘liq barcha maʼlumotni soatma-soat sharhlaydi. Bu yil bo‘lib o‘tgan saylovlarni ham matbuot keng yoritdi.

“Al-Arab” gazetasi saylov natijalarining Fors ko‘rfazidagi arab davlatlariga ehtimoliy taʼsiri haqida maqola eʼlon qildi. Maqolada qayd etilishicha, Donald Tramp maʼmuriyati ko‘rfaz arab davlatlari bilan yaxshi hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan, ko‘rfazdagi arab davlatlariga qurol sotish orqali ularning mintaqada harbiy ustuvorlikka erishishi uchun imkon yaratgan. Ko‘rfaz arab davlatlari Tramp maʼmuriyatidan minnatdor bo‘lgani holda Baydenning hokimiyatga kelishiga ham munosib tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Arab siyosiy tizimlarini tanqid qilish bilan nom qozongan “Ar-Qantara” nashri ham Yaqin Sharqning avtokratik rahbarlari Jo Bayden hokimiyatga kelishini jiddiy xavotir bilan qarshi olishiga asoslar yetarli ekanini yozdi. Yaʼni, Baydenning g‘alabasi Amerika uchun inson huquqlari masalasini yana markaziy o‘ringa olib chiqadi, bu esa mintaqadagi avtokratik rejimlar uchun tahdiddir. Shuningdek, nashrda Tramp Yaqin Sharqdagi ushbu hukumatlarning rivojlanishi, muxolifatga qarshi kurash singari harakatlar uchun “yashil chiroq”larni yoqib qo‘ygani, ko‘rfaz davlatlarining Qatarga qarshi blokirovkalash kampaniyasini qo‘llab-quvvatlagani ham eslatib o‘tilgan.

“SNN arabic” nashri ham saylov natijalari Yaqin Sharq mintaqasi shakllantirgan masalalarga tubdan taʼsir ko‘rsatishi va bu o‘zgarishlar Eron yadroviy kelishuvi hamda mintaqadagi nazoratsiz qolayotgan avtoritarizmning kuchayib borishiga qarshi siyosatgacha bo‘lgan bir qancha yo‘nalishlarni qamrab olishi mumkin”, deb yozadi.

“Suriya TV” axborot portali Jo Bayden g‘alabasidan Bashar Asad hukumati Yaqin Sharqdagi vaziyat dinamikasida o‘z foydasiga o‘zgarish bo‘lishini kutmoqda, Falastin maʼmuriyati esa “dahshatli tush” tugashidan umidvor, deb yozgan.

“Al-Qudus Al-Arabiya” gazetasi Falastin xalqi Tramp mag‘lubiyatidan mamnunligi haqida maqola eʼlon qildi. Gazetada aytilishicha, falastinliklar Trampning prezidentlik davrida juda ko‘p azob chekishdi. Xususan, 2017 yil 6 dekabr kuni Tramp maʼmuriyati bosib olingan Quddusni Isroil poytaxti deb tan olganini rasman eʼlon qildi va 2018 yil may oyida o‘z elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirdi. Shu bilan birga, falastinlik siyosatchilar Bayden g‘alabasi Amerikaning Isroilni dastaklashga qaratilgan “anʼanaviy” siyosatini o‘zgartirishi mumkinligini inkor qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, Oq uyning yangi rahbari Yaqin Sharqda qanday siyosat olib borishi hali nomaʼlum bo‘lsa-da, arab matbuotida mazkur siyosat qanday yuritilishi bashorat qilinmoqda. Bularning baridan tushunish mumkin-ki, Bayden baʼzi arab davlatlari hamda Isroil uchun Tramp singari yaxshi sherik va do‘st bo‘la olmaydi. Falastinliklar Baydenning Tramp kabi dushmanlik qilmasligidan, Eron esa demokratlarning sanksiyalardan qaytishidan umidvor.

Yevropa islomga emas, radikal guruhlarga qarshi

Muhammad payg‘ambar karikaturasini ko‘rsatgan tarix o‘qituvchisini chechen millatiga mansub o‘smir shafqatsizlarcha o‘ldirgani yevropaliklarning o‘rinli noroziligiga sabab bo‘ldi.

Arab-musulmon dunyosidagi nufuzli nashrlardan biri – “Sharq Al-Avsat”: “Mazkur voqea Yevropadagi diniy guruhlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan so‘l kuchlar va ularga qarshi muxolifat o‘rtasida jiddiy bahslar keltirib chiqardi. Yevropadagi so‘l kuchlar o‘z strategiyasini qayta ko‘rib chiqa boshladi”, deb yozdi.

Mazkur gazeta o‘z sahifalarida Yevropada boshlangan diniy ekstremizm va radikal guruhlarga qarshi yangi kurashning mazmun-mohiyatini ochib berishga harakat qilgan. Gazetada bildirilgan fikrga ko‘ra, “Eron va Musulmon birodarlar guruhining media vositalari Yevropadagi ekstremistik guruhlarga qarshi kurashni Islomga qarshi kurash sifatida targ‘ib qilish orqali Yevropani o‘z kurashlariga jalb qilmoqchi. Ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdiki, Yevropadagi musulmonlarning 10 foizdan kamrog‘i o‘zini “Musulmon birodarlar” vakili deb hisoblaydi. Bu ozchilik Yevropa musulmonlari orasida siyosiy Islomni targ‘ib etish uchun harakat qilmoqda” Manfaatdor kuchlar esa “Birodarlar” singari guruhlarni Yevropada saqlab qolishga intilyapti.

Yevropada diniy ekstremizm va radikal guruhlarga qarshi yangi kurash jarayonlari Yaqin Sharqdagi baʼzi musulmon davlatlarning Fransiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga qarshi boykot kampaniyasi bilan birga kechmoqda. Gap shundaki, halok bo‘lgan o‘qituvchining dafn marosimida Emmanuyel Makron Islom dinidagi ekstremistik guruhlarga qarshi kurash va erkin fransuz jamiyatining karikaturalarga nisbatan munosabati haqida gapirgan edi. Biroq, baʼzi bir kuchlarning Makron nutqidan jumlalarni yulib olishi va uni talqin qilishi tufayli musulmon dunyosida nafrat hissiga to‘la kayfiyat yuzaga keldi.

“Al-Jazira” veb sahifasi Makronning “Men musulmonlarning his-tuyg‘ularini tushunaman va haqoratli karikaturalarni qabul qilmayman”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirdi. Unda yozilishicha, Makron butun Islom dini haqida emas, balki mazkur dinni niqob qilib olgan ekstremistik guruhlar haqida gapirgan, u terrorizm qurbonlarining 80 foizi musulmonlar ekanligi va ushbu ekstremistik guruhlar Islom dinini buzib ko‘rsatayotganini taʼkidlagan. Fransiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, musulmonlarda uyg‘ongan salbiy hislar yolg‘on va noto‘g‘ri maʼlumotlar tufayli yuzaga keldi.

Boykot bilan bog‘liq fitna va buning tashabbuskorlari haqida Misrning “Alyavm As-sabiʼ” nashri katta maqola eʼlon qildi. Unda yozilishicha, “Al-Jazira” telekanali Qatar va Turkiya hamkorligida Fransiyaga qarshi boshlangan kampaniyaning targ‘ibotchisi hisoblanadi. Aynan mazkur media-tarmoqning markaziy studiyasi orqali Fransiya mahsulotlarini boykot qilish kampaniyasi boshlab berilgan. Biroz vaqt avval Arab davlatlari Turkiya mahsulotlariga qarshi boykot eʼlon qildi, bundan Turkiya katta zarar ko‘rdi va endi g‘ildirakni Fransiya tarafga aylantirib yubordi.

Turkiya tashabbusi bilan Fransiya mahsulotlariga qarshi kampaniya avj nuqtasida bo‘lgan bir davrda “Al-Jazira”ning Fransiyadagi muxbiri Makron bilan suhbat uyushtirdi. Bu suhbat haqida bir qator arab nashrlari o‘z pozitsiyasini eʼlon qildi.

“Alyavm As-sabiʼ” nashri “Bu suhbat “Al-Jazira” orbitasidagi kuzatuvchilarni hayratga soldi. Chunki, bu intervyu “Al-Jazira” va uning ortida turgan kuchlarning asl maqsadlarini ochib tashladi, “Makron bilan suhbat “Al-Jazira”ni fosh qildi”, deb yozdi.

“Al-Xalij on-layne” esa “Makronning bu qarori musulmonlar g‘azabini bosish uchun yetarlimi“, degan savolni qo‘ydi. Nashr “Chekinish yetarli emas”, Fransiya vaziyatni yumshatish uchun barcha musulmonlardan ochiqchasiga kechirim so‘rashi kerak, deb yozadi.

“Al-Axbar” nashri esa Makronning “Al-Jazira”ga kelishini to‘g‘ri qaror deya baholab, bu voqea millionlab g‘azablangan musulmonlarni tinchlantirish uchun qilingan ish ekanini aytgan.

“Al-Jazira” va shu singari axborot portallari, shuningdek, mahalliy nashrlarning noxolis talqini qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini mazkur voqelik isbotlab berdi. “Al-Jazira” orqali yoritilgan bu kampaniya Markaziy Osiyo musulmonlarini ham chalg‘ita oldi. Qirg‘izistonning Jalolobod va O‘sh shaharlarida Fransiya prezidentining bayonotiga qarshi mitinglar bo‘lib o‘tdi.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi va tinchlik shartnomasining yoritilishi, talqini

10 noyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida Rossiya va Turkiya vositachiligidagi tinchlik kelishuvi imzolandi. Bunga arab matbuotida turlicha munosabatlar bildirildi.

“Al-Hurra” nashri Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ uchun ikki oylik kurashdan so‘ng erishilgan tinchlik shartnomasi va mazkur nizoda uchinchi tomonlarning manfaatlarini tahlil qildi. Nashrda yozilishicha, 1997 yildan beri mavjud va oxirgi ikki oyda jiddiy harbiy to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan hududiy nizo Rossiya manfatlari doirasida hal qilindi: “Bu qaror Putinning arman siyosatchilaridan xafsalasi pir bo‘lgani va mintaqada Turkiyaning siyosiy o‘yinchi sifatida qabul qilinganini ko‘rsatdi”.

“Al-Arab” nashri ham “Rossiya bu mintaqada hali-hamon katta taʼsirga ega ekanini isbotladi”, deb yozdi. Maqolada aytilishicha, bitimdan so‘ng Rossiya Kavkazda kimning taʼsiri kuchliligini ko‘rsatib qo‘ygan bo‘lsa-da, u hozir qaltis vaziyatda qolmoqda. Armanistonda keskinlashib borayotgan vaziyat sabab Pashinyan isteʼfoga chiqarilsa va Yerevanda g‘arbga yo‘naltirilgan kuchlar hokimiyatga kelsa, Rossiya Armanistondagi taʼsirini yo‘qotadi. Chunki hozir Armanistonda unga yordam berolmagan Kreml pozitsiyalariga qarshi jamoatchilik g‘azabi kuchayib bormoqda.

Pandemiya va terrorizm – umumiylik nimada?

Koronavirus mavzusi, mana, bir yildirki, arab matbuotining asosiy mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda. Turli guruhlarga tegishli nashrlarda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatlar, xususan, diniy ibodatlarni bajarishga nisbatan cheklovlar borasida qarama-qarshi talqinlarni uchratish mumkin.

“Al-Jazira” nashri pandemiya sabab masjidlar yopilishi va jamoat ibodatlari vaqtinchalik taʼqiqlanishi musulmonlar tarixida birinchi marotaba emasligi haqida tahliliy maqola eʼlon qildi. Unda tarixiy manbalardan iqtibos keltirilib, Islom o‘tmishidagi o‘ndan ortiq pandemiyalar haqida maʼlumot berilgan. Xususan, xijriy 18 yili Shom o‘lkasida, xijriy 395 yili Tunisda, 449 yili O‘rta Osiyo hududlarida boshlanib, keyinchalik g‘arbga, Iroq yerlariga qadar kengaygan va natijada taxminan 2 millionga yaqin kishining o‘limiga sabab bo‘lgan vabo yodga olingan. Bundan tashqari, xijriy 749 yilda Misrda tarqalgan qora o‘lat, xijriy 827 yili Makkada boshlangan va har kuni 40 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan vabo hamda boshqa ko‘plab pandemiyalar tilga olingan. Maqola xulosasida siyosiy tizimlardagi farqlarga qaramay, musulmon davlatlari pandemiya sharoitida yakdil qaror qabul qilgani yozilgan. Zero, diniy ulamolar o‘rtasida bahslar borgan bo‘lsa-da, barcha musulmon davlatlarida birdek masjidlar yopilgan.

Germaniyalik ekspert Stefan Vaydner “Ar-Qantara” veb-sayti uchun yozgan tahliliy materialida terrorizm va pandemiya o‘rtasidagi umumiylikni ko‘rib chiqadi. Ikkalasi ham qotil, har ikkisiga qarshi kurash tinch aholi va iqtisodiyotga zarar keltiradi. Ekspert 2020 yili boshlangan pandemiya va 2001 yilning 11 sentyabr kuni bo‘lgan noxush voqeadan keyin o‘zgargan jahonda umumiyliklar borligini qayd etadi. Xususan, 11 sentyabr voqealaridan so‘ng qisqa muddatga bo‘lsa-da, xalqaro havo liniyalarida uzilishlar bo‘ldi, jahon miqyosida Islom dini va musulmonlarga nisbatan shubhalar kuchayib, har bir musulmon potensial terrorchi sifatida ko‘rildi. Turli fitna nazariyalari ko‘paygani sayin islomofobistik qarashlar avj oldi.

Virus sababli ham xalqaro havo liniyalari uzoq muddatga yopib qo‘yildi, dahshatli kasallik keng tarqalishida kimni ayblash kerakligi haqidagi bahslar turli fitnalarga sabab bo‘ldi. Dastlabki bosqichda osiyoliklardan shubhalanish ortidan Yevropada rasizm alomatlari kuzatildi, keyinchalik esa har bir fuqaro virusning potensial tashuvchisi ekanligiga ishonildi. 11 sentyabrdan keyin faqat musulmonlar jabrlangan bo‘lsa, bugungi kunda har bir kishi virus qurboni bo‘lishi mumkin.

Saudiya Arabistoni “G20” sammitiga mezbonlikdan o‘z imijini o‘zgartirish uchun foydalanishi mumkinmi?

Joriy yilning 21-22 noyabr kunlari yakuniga yetib borayotgan yilning muhim voqealaridan biri – “Katta yigirmatalik”ning (G20) Saudiya Arabistoni poytaxtida bo‘lib o‘tgan on-layn formatdagi sammitidir. “Katta yigirmatalik” sammitiga ilk bor arab davlati mezbonlik qildi. Mazkur sammit ishi tafsilotlari arab matbuotining asosiy mavzusi bo‘lib, barcha yetakchi gazetalar sammitdan lavhalar berib bordi.

Germaniyadagi jahonga mashhur “Deutsche Welle” teleradiokompaniyasining arab tilidagi veb-sahifasi orqali bir maqola omma eʼtiboriga havola qilindi. Unda G20 sammiti Saudiya Arabistonida o‘tkazilishining ahamiyati tahlil qilingan. Saudiya Arabistonining sammit ishiga mezbonligi jahonda Saudiyaning inson huquqlarini buzayotgani uchun xalqaro tanqid va boykotga chaqiriqlar fonida amalga oshirildi. Ar-Riyod sammitga mezbonlikdan o‘z imijini o‘zgartirish uchun foydalanishi mumkinmi? Sammitning boshqa arab mamlakatlari uchun qanday oqibatlari bo‘lishi mumkin, degan savollar mazkur maqolada tahlil qilingan.

“Al Arabiya” axborot agentligi Sammit ishi bo‘yicha qabul qilingan Bayonotda yetakchi mamlakatlarning qarzdor davlatlardagi milliarddan ziyod odamlarga foyda keltiradigan qarz bo‘yicha to‘lovlari 2021 yil iyun oyigacha to‘xtatilishi to‘g‘risidagi tashabbus maʼqullangani haqida xabar berdi.

“Al-Jazira” sammit ishi natijasida qabul qilingan bayonotdagi “G20” aʼzolarining koronavirusga qarshi vaksina yaratish va uni adolatli taqsimlash, vaksinani barcha mamlakatlar, xususan, kambag‘al davlatlarga ham yetkazib berish, pandemiya sharoitida jahon sog‘liqni saqlash tizimiga katta moliyaviy yordam ko‘rsatish, kambag‘alikka qarshi kurash bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish kabi tezislariga eʼtibor qaratgan.

“Al-Jazira” muxbiri bayonot bo‘yicha Londonda joylashgan “Helpage” yordam guruhining bosh ijrochi direktori Justin Derbyshire bilan suhbatni eʼlon qildi. Unda aytilishicha, G20 mamlakatlari, afsuski, pandemiya sharoitida jahon ahliga yordam berish uchun majburiyatlarni to‘g‘ri taqsimlamagan. “So‘z bilan aytish yaxshi, ammo biz jahon mamlakatlari uchun zarur amaliy harakatlar va moliyaviy yordam masalasini ko‘rib chiqishimiz kerak”, dedi Derbyshire. Uning aytishicha, kelgusi oylarda “Pandemiya sabab ochlik va to‘yib ovqatlanmaslikni bartaraf etish uchun o‘z vaqtida berilishi kerak bo‘lgan moliyaviy yordam talab qilinadi”.

Tashkilot rahbarlari o‘z-o‘zini taʼminlashga qodir bo‘lmaganlar soni tobora ortib borayotganiga eʼtibor qaratishi kerak. Zero, ularning soni joriy yil iyun oyida 54 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir 91 milliongacha yetdi. Jahon banki 2021 yil o‘rtalariga kelib, kambag‘allar soni 150 millionga ko‘payishi haqida prognoz qilgan deya Justin Derbyshirening so‘zlarini keltirgan, nashr.

Shavkat Ikromov