Viloyat hokimi tashrif buyurgan o‘yinda “Neftchi” futbolchilari hakamni do‘pposladilar

Pro liga so‘ngi turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Turon” bahsidan keyin stadionda ro‘y bergan voqea shunchaki dahshatning o‘zginasi bo‘ldi.

Uchrashuv “Turon” jamoasining 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topdi va shu tariqa yaypanliklar Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Eng jirkanch holat o‘yindan keyin boshlandi. Bosh hakam Shavkat Nasibullayev final hushtagini chalishi bilanoq “Neftchi” futbolchilari uni o‘rab olishdi. 

Bu ham kamlik qilgandek muxlislar maydonga tushib ketishdi. Shundan so‘ng ur-tep boshlandi. Hozir barcha ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar va “Neftchi” jamoasi aʼzolarining hakamlarni o‘rab olgani-yu, futbolchilardan birining karate uslubida bosh hakamni boplab tepgan videosi aylanib yuribdi. 

Bu uyat! Sharmanda!

Vaholanki, hakam o‘yinni yomon boshqarmadi. “Turon” haqli g‘alaba qozondi. “Neftchi” esa bugungi o‘yini bilan uch ochkoga loyiq emasdi. Yuta olmaganiga chiday olmasdan alamni hakamlardan olish qaysi kitobda yozilgan? “Neftchi” shu orqali noprofessional klub ekanligini ko‘rsatdi. Bu jamoaga Superligada joy yo‘q. Uning joyi Proligada ham emas. 

Hammasi kattalar ko‘z o‘ngida ro‘y berdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ham, PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev ham o‘sha yerda edi. Endi katta ehtimol bilan “Neftchi” futbol klubi va “Istiqlol” stadioni maʼmuriyati nihoyatda jiddiy tartibda jazolanadi. Buni shunday qoldirib bo‘lmaydi. Bugungi voqea bilan o‘zbek futboli aslo maqtanadigan ahvolda emas. O‘ylaymizki, to‘s-to‘polon ishtirokchilari albatta o‘z jazosini topadi.

Manbachampionat.asia