Konstitutsiyada belgilangan masala

Konstitutsiya kuni butun dunyoda nishonlanadi: Yaponiya va Norvegiyadan Gibraltar va mustaqillikka erishmagan Niue oroliga qadar, shu kuni tantanalar bo‘lib o‘tadi. Bayramning jamiyat hayotidagi o‘rni bo‘yicha, ushbu mamlakatda Qonunning rolini baholash mumkin. Shunday emasmi? Bizda ham aynan Konstitutsiya kuni yaqinlashgan sana atrofidagina bayramlar, turli tadbirlar tashkil etiladi…

Ijtimoiy tarmoqlarda yaxshi tahlil qilingan material eʼlon qilinibdi. Sizga ham ilindik.

“Bir necha kundan so‘ng Konstitutsiya kuni nishonlanadi. Har yili shu kun arafasida Konstitutsiya baxtimiz qomusi, baxtimiz poydevori qabilidagi tadbirbozliklar boshlanadi (ayni damda ham shunaqalardan biri bo‘lib o‘tmoqda  va 8 dekabr o‘tishi bilan kelasi yilgacha hammasi unutiladi.

Biz esa ura shiorlardan voz kechib, Konstitutsiya kuni arafasida Konstitutsiyamizning ishlamayotgan yoki lozim darajada ishlamayotgan, ishlatilmayotgan moddalari haqida to‘xtalib boramiz.

Bugun masalan, Referendumlar masalasiga to‘xtalamiz, bu masala Konstitutsiyaning 9- moddasida aks etgan:

9-modda.

Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi. Referendum o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida jami bo‘lib 3 marta referendum o‘tkazilgan. Tariximizdagi ilk referendum 1991 yil 29 dekabrda bo‘lib o‘tgan va unda “O‘zbekiston davlat Mustaqilligi masalasi” Referendumga qo‘yilgan.

Keyingi Referendum 1995 yilning 26 martida bo‘lib o‘tadi va unda Prezident vakolatini uzaytirish masalasi o‘rtaga tashlanadi.

Uchinchi va hozircha tariximizdagi oxirgi referendum 2002 yil 9 yanvarida bo‘lib o‘tadi va unda yana Prezident vakolat muddatini uzaytirish masalasi umumxalq ovoziga qo‘yiladi.

Mana 18 yildan oshdiki, boshqa biron bir muhim masala Referendumga kiritilmagan. Ayrimlar hazillashib aytadiki, endigi referendum yana prezident vakolatini uzaytirish bilan bog‘liq bo‘ladi deb. Hozircha bir nima deyish qiyin.

O‘tgan yomon davrni qo‘ya turaylik mayli, lekin yangi davrimizda ham Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari nega xalq muhokamasiga qo‘yilmayapti?

Farzandlarimiz va umuman yashab turgan zaminimiz taqdirini belgilaydigan AES qurilishi masalasi muhim emasmi?

Boshimizdagi yangi bo‘yinturuq – YEOIIga aʼzo bo‘lish-chi? Xalqdan so‘rashga arzimaydimi?

Tiyiqsiz hokimlar va hokimlik institutini tartibga solish uchun balki Hokimlarni saylash masalasini Referendumga qo‘yarmiz? Nima, o‘rinli va muhim emasmi bu?

Tashqi qarzimiz kosmik tezlikda halokatli chegaraga yaqinlashmoqda. To‘lovi yuki hozir hukumat tepasida o‘tirgan va bosib qarz jamg‘arayotganlarning ustiga emas, farzandlarimiz gardaniga tushadi. Ular og‘iri va achchig‘ini tortadi. Tashqi qarzning miqdoriy chegarasini belgilashni Referendumga olib chiqish nega mumkin emas?

Ana qarang, boylarimiz va amaldorlarimiz pul jamg‘arishni sevadigan Shveysariyada deyarli har hafta referendum. Shveysariya mayli, Konstitutsiyada belgilangan bu masala. Nega foydalanmaymiz?

Yo arzimaymizmi? Unda nega 7- moddada Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir, deb yozib qo‘yilgan?” fikrini bayon etgan maqola egasi.

Yuqorida butun dunyo bo‘ylab konstitutsiya kuni nishonlanishini aytib o‘tgan edik. Marhamat, sanalar bilan tanishib chiqishingiz mumkin.

  • 1 yanvar – Italiyada Konstitutsiya kuni
  • 13 yanvar – Mongoliyada Konstitutsiya kuni
  • 29 yanvar – Gibraltar Konstitutsiya kuni (2007 yil yanvar oyida qabul qilingan konstitutsiyani nishonlaydi. Gibraltar – Pireney yarim orolining janubiy tomonida joylashgan Buyuk Britaniyaning xorijdagi hududi xisoblandi)
  • 1 fevral – Mekisikada Konstitutsiya kuni (2021 yili shu sanaga to‘g‘ri keladi. Fevral oyining birinchi dushanba kuni bayram kuni xisoblanadi)
  • 2 fevral – Filippinda Konstitutsiya kuni
  • 1 mart –  Panamad Konstitutsiya kuni
  • 14 mart –  Andorrada Konstitutsiya kuni
  • 15 mart –  Belarusiyada Konstitutsiya kuni
  • 28 mart –  Serbiyada Konstitutsiya kuni
  • 9 aprel –  Boliviyada va Kosovoda Konstitutsiya kuni
  • 16 aprel – Bolgariyada Konstitutsiya kuni va yuristlari kuni
  • 1 maya –  Argentina va Latviyada hamda Marshal orollarida Konstitutsiya kuni
  • 3 may –  Yaponiya va Polshada Konstitutsiya kuni
  • 5 may –  Qirg‘izstonda Konstitutsiya kuni
  • 10 may –  Mikroneziyada Konstitutsiya kuni
  • 11 may –  Laosda Konstitutsiya kuni
  • 17 may –  Nauru, Nigeriya va Norvegiya qirolligida Konstitutsiya kuni
  • 18 may –  Turkmanistonda Konstitutsiya kuni
  • 23 may – Germaniya Federativ Respublikasida Konstitutsiya kuni
  • 1 iyun –  Tunisda Konstitutsiya kuni
  • 5 iyun –  Daniya qirolligida Konstitutsiya kuni
  • 28 iyun –  Ukrainada Konstitutsiya kuni
  • 5 iyul –  Armanistonda Konstitutsiya kuni
  • 6 iyul –  Kayman orollarida Konstitutsiya kuni
  • 9 iyul –  Avstraliyada Konstitutsiya kuni
  • 17 iyul – Janubiy Koreyada Konstitutsiya kuni
  • 18 iyul –  Urugvayda Konstitutsiya kuni
  • 24 iyul –  Fiji orolida Konstitutsiya kuni  (1990 yil 25 iyulda mamlakat tarixida ikkinchi marta Konstitutsiya qabul qilindi, unga ko‘ra Fiji suveren demokratik respublikaga aylandi, uning rahbari prezident deb eʼlon qilindi. Endi Konstitutsiya kuni 7 sentyabr kuni nishonlanadi)
  • 25 iyul –  Puerto-Rikoda Konstitutsiya kuni
  • 29 iyul – Moldovada Konstitutsiya kuni
  • 4 avgust –  Kuka orollarida Konstitutsiya kuni
  • 15 avgust –  Ekvatorial Gvineyada Konstitutsiya kuni
  • 18 avgust –  Indoneziyada Konstitutsiya kuni
  • 30 avgust – Qozog‘istonda Konstitutsiya kuni 
  • 1 sentyabr –  Slovakiyada Konstitutsiya kuni
  • 7 sentyabr –  Fijida Konstitutsiya kuni
  • 17 sentyabr – AQShda Konstitutsiya kuni
  • 20 sentyabr – Nepalda Konstitutsiya kuni
  • 24 sentyabr – Kambojada Konstitutsiya kuni
  • 5 oktyabr –  Vanuatuda Konstitutsiya kuni
  • 25 oktyabr –  Litvada Konstitutsiya kuni
  • 6 noyabr –  Tojikiston, Dominikan Respublikasida va Tataristonda Konstitutsiya kuni
  • 12 noyabr – Ozarbajonda Konstitutsiya kuni
  • 26 noyabr – Hindistonda Konstitutsiya kuni
  • 6 dekabr – Ispaniyada Konstitutsiya kuni 
  • 8 dekabr –  O‘zbekiston va Ruminiyada Konstitutsiya kuni 
  • 10 dekabr –  Tailandda Konstitutsiya kuni
  • 12 dekabr – Rossiyada Konstitutsiya kuni
  • 25 dekabr – Xitoyda va Tayvanda Konstitutsiya kuni
  • 27 dekabr – Shimoliy Koreyada Konstitutsiya kuni
  • 29 dekabr –  Irlandiyada Konstitutsiya kuni