O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar kengayishi drayveri – harakatlantiruvchi kuchi savdo-sotiq va iqtisodiy soha bo‘lib turibdi. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigiga aylandi va shu mavqeni saqlab qolayotir. O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, respublikaning Xitoy bilan 2019 yildagi tashqi savdo aylanmasi 7,62 milliard AQSh dollari bo‘ldi. Hozircha Xitoy savdo hajmi bo‘yicha Rossiyadan bir oz oldinda bormoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining 16,8 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Undan keyin Rossiya (14,8 foiz), Qozog‘iston (7,3 foiz), Koreya Respublikasi (5,8 foiz), Turkiya (5,2 foiz), Qirg‘iziston (2,4 foiz) va Germaniya (2,1 foiz) bormoqda.

O‘zbekistonning Xitoyga eksporti ortmoqda, biroq eksportning asosiy qismini hozircha strategik xom ashyo: tabiiy gaz, uran, mis, paxta va mineral o‘g‘itlar tashkil qilyapti. Ushbu tovarlar orasida eng muhim o‘rinni tabiiy gaz egallaydi, Tabiiy gaz bo‘yicha 2011 yilda imzolangan ikki tomonlama oldi-sotdi shartnomaga ko‘ra, XXRga uni yetkazib berish 25 yilga mo‘ljallangan.

O‘tgan yil oktyabrida O‘zbekistonda Xitoyning “Alibaba” savdo platformasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish soddalashtirilgan edi. O‘zbekistonning bir qandolatchilik kompaniyasi ushbu platforma bilan birinchilardan bo‘lib 3 million AQSh dollarilik eksport shartnomasini imzoladi.

Savdo-sotiq aloqalarini kengaytirish maqsadida 2020 yil oktyabrida O‘zbekiston Guanchjou shahrida bosh konsulligini ochdi. U O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi bunday shakldagi ikkinchi vakolatxonasidir, ilk vakolatxona Shanhay shahrida faoliyat ko‘rsatmoqda. Tomonlar bosh konsullik ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar taraqqiyotiga qo‘shimcha turtki berishini, O‘zbekiston viloyatlari bilan Xitoyning janubiy viloyatlari o‘rtasidagi tovar aylanmasi oshishini kutmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent (Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ham shu qatorda) Pekin bilan O‘zbekistonda koronavirusga qarshi rekombinant vaksinaning klinik sinovlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib oldi. Muzokara vaqtida qayd etilishicha, klinik sinovlar muvaffaqiyatli yakun topgan taqdirda O‘zbekiston vaksinani o‘z muddatida va arzon narxda sotib olish uchun ustuvorlikka ega bo‘ladi.