Rossiya Markaziy Osiyolik migrantlarni qaytara olmayapti

Zoʻravonlik, diskriminatsiya, poraxoʻrlik, ish haqlarining oʻz vaqtida toʻlanmasligi, fuqarolar va hatto politsiya tomonidan kaltaklanish holatlaridan bezor boʻlgan migrantlar oʻz vatanlarida qolmoqdalar.

Arzon mehnatkashlarning ishdan ayrilib, mamlakatni tark etishi hamda oʻtgan yilgi koronavirus pandemiyasi davrida Rossiya chegaralarining yopilishi ortidan mamlakatdagi qurilish kompaniyalari ishchi kuchi tanqisligiga duch kelgan.

Uzoq yillardan beri Rossiya eng ogʻir va eng kam haq toʻlanadigan ishlarda migrantlarga tayanib kelgan. Ammo, endi pandemiya sababli chegaralar yopilar ekan, oʻz vatanida qolib ketgan millionlab xorijlik migrantlarda noqulay mehnat sharoitiga qaytish imkoniyati yoki istagi yoʻq.

Pandemiyadan avval Rossiyada yashayotgan migrantlarning deyarli yarmi oʻtgan yili mamlakatni tark etgan, deya xabar bergan ichki ishlar vazirligi. Koʻpchilik chegaradagi qatʼiy cheklovlar sabab Rossiyaga qayta olmagan, shu bois ayniqsa qurilish va qishloq-xoʻjaligi sohalarida ishchi kuchining jiddiy tanqisligi yuzaga kelgan

Boshqalar esa diskriminatsiya va Rossiyadagi migrant ishchilarga nisbatan zoʻravonlik holatlari sababli qaytishni istamaydi.

Moskva mehnat migrantlarini qaytarish maqsadida ular uchun mamlakatga kirish tartibini soddashtirgan boʻlsa-da, huquqbonlar buni qimmat mahalliy ishchi kuchi xarajatlaridan qiynalib qolgan sohalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan va uning oʻzigagina manfaatli boʻlgan chora deb hisoblamoqda.

Bu orada koʻpchilik kompaniyalar, jumladan Moskvadagi Granelle quruvchilik kompaniyasi ularsiz ishlash uchun moslashishga majbur boʻldi.

Pandemiyadan avval kompaniya asosan Armaniston, Ukraina, Belarus, Tojikiston va Oʻzbekistondan kelgan migrantlarni ish bilan taʼminlagan.

“Mehnat migrantlari yil oxiriga qadar ishladilar, soʻng bayramga uylariga ketdilar, endi esa qaytishlari qiyin boʻlmoqda”, deydi Granelle kompaniyasining kurilish boʻyicha direktor oʻrinbosari Vitaliy Lichits.

“Ishchi kuchi uchun xarajatlarni oshirishga toʻgʻri kelsa ham, Rossiya viloyatlaridan ishchilar yollayapmiz”, dedi u.

Ishchi kuchi tanqisligi bilan bogʻliq xavotirlar

Migratsiya sohasi tahlilchilariga koʻra, COVID-19 epidemiyasidan avval Rossiyadagi ishchi kuchi 10 million migrant va deyarli 70 million rossiyalikdan iborat boʻlgan.

Pandemiyaning avj pallasida, mart oyi oxirida hukumat xalqaro aviaparvozlarni toʻxtatib qoʻyganidan keyin koʻpchilik migrantlar uylariga qayta olmay, bir necha kun va hatto haftalar davomida Rossiyada qolib ketishgan edi.

Oxir-oqibat parvozlar tartibsiz tarzda tiklangan.

Rossiya aviakompaniyalari bir zumda yaroqsiz boʻlib qolgan chiptalarning pulini qaytarishdan bosh tortar ekan, Markaziy Osiyolik migrantlar ishsiz va daromad manbaisiz koʻchada qolib ketishdi.

Shularni hisobga olgan holda, yanvar oyida prezident Vladimir Putin mamlakatga kirish talablarni soddalashtirishga buyruq berganiga qaramay, faollar Rossiyaning yangilangan “mehmondoʻstligi” haqida ogohlantirishgan.

Oʻtgan yil mart oyida chegaralar yopilganidan keyin deyarli 1,5 million ishchi qurilish sohasiga qaytmagan, degan edi bosh vazirning qurilish va mintaqaviy rivojlanish sohasi boʻyicha oʻrinbosari Marat Xusnullin dekabr oyi oxirida.

Hozirda Granelle ishchilarining qariyb yarmi Rossiya viloyatlaridan kelgan, ammo ularning maoshi chet ellik ishchilarnikiga nisbatan 20 foizga koʻp, dedi Lichits.

“Davlat mehnat migrantlarini jalb qilish tartibini soddalashtirish, jumladan elektron ruxsatnomalar berishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha faol ish olib bormoqda”, dedi u.

Ammo rivojlanish surʼati juda past.

Soddalashtirilgan tartibga qaramay, 2020-yil oxiridan fevralgacha boʻlgan muddat ichida Rossiyadagi qurilish obyektlariga faqatgina 14000 ga yaqin chet ellik ishchi qayta olgan.

Murakkab sharoitlar va past ish haqi

Mehnat migrantlari huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlariga koʻra, ishchi kuchi tanqisligining ijobiy taraflari ham bor.

“Ish haqlari sezilarli darajada – sohasiga qarab, 20% dan 100% gacha oshdi”, deydi Rossiya migrantlar federatsiyasi prezidenti Vadim Kojenov.

Uning aytishicha, yillar davomida Rossiyadagi ish beruvchilarning aldovlaridan shikoyat qilib kelgan mehnat migrantlari huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq holatlar kamaygandek boʻlib koʻrinsa-da, koʻpchilik chegaralar qayta ochilgandan keyin yaxshilangan ish sharoitlarining saqlanib qolishiga shubha bilan qaramoqda.

Rossiyadagi migrantlar duch keladigan boshqa qiyinchiliklar orasida diskriminatsiya, poraxoʻr politsiyachilar taʼmagirligi, mahalliy aholi va hatto politsiya tomonidan kaltaklanish muammolari ham bor.

Ishchi kuchi tanqisligini faqat pandemiya bilan bogʻlash notoʻgʻri, deydi Rossiya prezidenti huzuridagi Xalq xoʻjaligi va davlat boshqaruvi akademiyasining ilmiy xodimi Yuliya Florinskaya.

“Ayrim ishchilar ogʻir sharoitlar va kam ish haqi tufayli ishini tashlab ketmoqda”, dedi u.

Tahlilchilarga koʻra, Rossiya iqtisodiyotining yomonlashuvi va pul qadrining pasayishi sababli, chet ellik mehnat migrantlarining soni 2015-yildan beri muttasil kamayib bormoqda.

Uzoq muddatli istiqbolda Rossiya jiddiy ishchi kuchi tanqisligiga duch kelishi mumkin, chunki koʻplab migrantlar Yevropa, Turkiya va Erondan ish izlamoqda, deydi demograf Yuriy Krupnov.

“Texnologik qoloqlikning umumiy muammosi bor”, dedi u. “Ish beruvchilar arzon va malakasiz ishchi kuchidan cheksiz foydalanishni istaydi. Qandaydir oʻzgarish yuz berishi alomatlari esa koʻrinmayapti.”

Karvonsaroy va AFP