Eron shimolidagi turkmanlar noroziligi G‘arbga «qo‘l kelmoqda»

Gap shundaki, yaqinda Eron shimoli-sharqida ikki yosh turkman qizining zo‘rlanganiga nisbatan rejimning chora ko‘rmayotganiga qarshi o‘tkazilgan norozilik namoyishlari haqida g‘arb matbuoti “Eron jamiyatidagi notinchlik va rejimning etnik ozchiliklarga nisbatan uzoq yillardan beri davom etayotgan kamsituvchi va tajovuzkor siyosatini fosh etdi”, – deya maqola eʼlon qilindi va bu yashin tezligida barcha tillarda internet nashrlari orqali tarqatilmoqda.

Mahalliy “Fars” va “Mashriq” nashrlariga ko‘ra, ayblanuvchi Guliston suv to‘g‘oni qo‘riqchisi va “Bosij”ning maxfiy jangarisi bo‘lgan 55 yoshli Eron fuqarosidir.

7 va 8 yoshdagi qizlarning oilalari bolalarni shu erkak zo‘rlagan, deb aytmoqda.

Guliston viloyati Gonbadi-Kovus shahri bosh prokurori Xusrav Xaliliyning aytishicha, Eron huquq-tartibot idoralari erkakni hibsga olgan va uni faqat odam o‘g‘irlashda ayblamoqda, chunki sud-tibbiy ekspertizasi zo‘rlash holatini istisno qilgan.

Darg‘azab ota-onalar va Gonbadi Kovusda yashovchi yuzlab boshqa odamlar 23 mart kuni sudning “adolatsiz” qaroriga norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqishgan.

Kuch tuzilmalari aksariyati etnik sunniy turkmanlardan iborat namoyishchilarga ular talab qilayotgan adolat kafolatlarini berish o‘rniga, namoyishni bostirganlar.

Namoyishlar 24 mart kuni mahalliy sud binosi oldida davom etgan, ammo Guliston viloyati markazi Jurjondan qo‘shimcha politsiya va xavfsizlik kuchlari safarbar qilinib, zo‘ravonlik bilan bostirilgan, deb xabar berdi internet nashrlari.

Eron hukumati namoyishchilarga nisbatan qatʼiy choralar qo‘llagan.

Hukumat «osoyishtalikni saqlash va g‘arazli kimsalarga qarshi kurashishdan bir soniyaga ham to‘xtamaydi», deb aytgan Guliston viloyati Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) qo‘mondoni Ali Malik-Shaxkuhiy «Iran International» va boshqa nashrlarga ko‘ra.

Turkmanlar Eron aholisining bir foizini tashkil qiladi, ammo ular etnik forslarga tegishli huquq va erkinliklardan foydalana olmaydilar.

Erondagi milliy ozchiliklarning vaziyati juda og‘ir, deydi xorijiy kuzatuvchilar.

«Hukumat vaqtincha va uzoq muddatli hibslar, dom-daraksiz olib ketish va jismoniy kuch qo‘llash holatlari bilan ozchilik guruhlari, jumladan kurdlar, axvaziylar, ozarbayjonlar, balujlarni nishonga olib kelgan», deyiladi 30 mart kuni chop etilgan AQSH davlat departamentining Erondagi inson huquqlariga oid 2020 yilgi hisobotida.

Hisobotga ko‘ra, «bu etnik ozchiliklar vakillari ayniqsa iqtisodiy yordam, tadbirkorlikka litsenziya olish, universitetga o‘qishga kirish, ishlash imkoniyatlari, kitoblar chop etishga ruxsat olish va yerga egalik qilishda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy diskriminatsiya holatlariga duch kelganlar».

Rejim «diniy ozchiliklar, shu jumladan sunniy musulmonlarni kamsitib keladi», deyiladi 2020 yilgi Human Rights Watch hisobotida.

«Davlat maktablarida bolalarning fors tilidan boshqa tilni o‘rganishi va gapirishi qatʼiyan taqiqlanadi», deyilgan 2019 yil Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti chop etgan tadqiqotda.

O‘tgan yil sentyabrda 22 yildan beri turkman tilida chop etib kelingan “Sahro” gazetasining litsenziyasi Eron hukumati tarafidan bekor qilingan va yopilgan edi.