Ishonchli boshqaruvga berilib zarar ko‘rayotgan tashkilotlar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 yil yakunlari bo‘yicha eng ko‘p zarar ko‘rgan 10 ta korxona ro‘yxatini eʼlon qildi.

www.davaktiv.uz

Ro‘yxatni 3,6 trln.so‘mlik zarar bilan O‘ztransgaz AJ boshqarib turipti. Solishtirish uchun 2019 yilni jamiyat 2,1 trln.so‘m zarar bilan yakunlagan.

Keyingi o‘rinda esa 755 mlrd.so‘m zarar bilan O‘zbekiston havo yo‘llari mustahkam o‘rnashgan. “Havoshka”ning butun biznes modeli davlat manbalaridan maksimal darajada ko‘proq pul undirishga qaratilgani, yaʼni aviakompaniya qancha ko‘p zarar ko‘rsa, davlat shuncha ko‘p pul berib kelishi haqida avval ham yozganmiz.

www.davaktiv.uz

Ro‘yxatning undanam qiziq joyi zarar ko‘ruvchi davlat korxonalari ro‘yxatida Ishonchli boshqaruvga berilgan  “Yangi Angren IES” AJ (246 mlrd.zarar), “O‘zbekko‘mir” AJ (184 mlrd.so‘m zarar) va “Angren IES” AJning (178 mlrd.so‘m zarar) ham mavjudligidir.

Solishtirish uchun 2019 yilda “Yangi Angren IES” AJ  55 mlrd.so‘m,

 “O‘zbekko‘mir” AJ 80 mlrd.so‘m zarar ko‘rgan, Angren IES” AJ esa kichik bo‘lsada, 338 mln.so‘mlik foyda qayd etgan. Boshqacha aytganda, Ishonchli boshqaruvga o‘tgandan keyin korxonalarning samarasizligi, zarari karrasiga oshgan. Mashhur o‘g‘ri-muttaham, Putinni hokimiyatga keltirgan oligarx Berezovskiy taʼbiri bilan aytganda “zarari davlatga, foydasi cho‘ntakka qabilida” ishlab kelishgan. Taʼkidlash lozimki, ushbu korxonalar Ishonchli boshqaruvga topshirilishidan avval yuqori samarali bo‘lmagan, lekin 2018 yilgacha faqat foyda bilan faoliyat ko‘rsatgan va doimiy ravishda dividendlar to‘lab kelingan.

Darvoqe, ro‘yxatda davlatning trillionlab mablag‘lari va xususan tashqi qarz hisobiga bunyod etilgan “Toshkent metallurgiya zavodi” MCHJ ham bor. Deyarli yuqoridagi prinsip asosida boshqarilayotgan zavod 380 mlrd.so‘m zarar qayd etgan. Asosiysi, zavodni qurganlar va boshqarayotganlar foydada, qolgani qora o‘zbek xalqining bo‘ynida.

Zarar ko‘rish poygasida xalq jamoasi deyiladigan “Paxtakor futbol klubi” MCHJ ham ishtirok etgan.

“Okaxonlarining nazoratiga” topshirilgan Paxtakor davlatga 83 mlrd.so‘m zarar keltirgan.

Yil boshida SFI Management Group O‘zmetkombinat, OKMK va O‘zvtorsvetmet korxonalaridagi davlat ulushlarini ishonchli boshqarish bo‘yicha shartnomalar bekor qilingan edi. Umid shuki, yuqorida sanalgan korxonalar bo‘yicha ham Ishonchli boshqaruv shartnomalaridan voz kechiladi. Toki nafaqat korxonalarni trillionlab zararga yetkazib tugatishmaguncha va toki korxonalarga qo‘shib mamlakatimizniyam sotib yuborishmaguncha. Ishonchli boshqaruv bitimlarini tuzgan, undan manfaatdor bo‘lgan chinovniklar, tabiiyki, lyustratsiya jarayonidan o‘tishi lozim.

Manba: bankirov telegram kanali