“Migrantlar qamoqxonasi”

Yaʼni qonunbuzar migrantlarni vaqtinchalik saqlash markazidagi muhojirlar vatanga jo‘natilishini oylab, hatto, yillab kutib yotishadi. Ular oddiy kiyim-bosh, sifatli yemak va kundalik ehtiyoj buyumlariga zarurat sezishadi. Ammo begona yurtda ularni keltiruvchi yaqinlari yo‘q. Faqat ko‘ngillilarning Ramazon oyi, bayramlardagi xayriyalarni hisobga olmaganda.

Jinoyatchi bo‘lmagan mahbuslar

Rossiyada SVSIG (qisqartilgan iborasi “spespriyomnik”) – Chet elliklarni vaqtinchalik saqlash markazini muhojirlar oddiygina qilib “Migrantlar qamoqxonasi”, deyishadi.

Bu yerda migratsiya konunchiligini buzgan muhojirlar deportatsiya bo‘lgan vaqtdan to Vataniga yuborilgunga kadar hibsda saqlanadilar.

Ayni paytda Moskva viloyatidagi Saxarova qishlog‘ida joylashgan markazda 80 dan ortiq o‘zbekistonlik ushlab turilibdi.

Ramazon oyi davomida o‘zbekistonlik huquq ximoyachilari, daspora vakillari, migratsiya agentligi vakillari, blogerlar, ko‘ngillilar va faollar maxsus markazda bo‘lishdi.

Ular mahkum muhojirlarga kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari va turli kerakli buyumlar olib borib turishdi.

Oylab yotish sababi nima?

“Migrantlar qamoqxonasi” – yopiq hudud. Migratsiya qonunlarini buzgan muhojirlar jinoyatchi kabi saqlanishi va bu yerdagi shart-sharoitlarning yomonligi huquq himoyachilari tomonidan tanqid ostiga olib kelinadi.

Migratsiya agentligi vakillari esa, bu kutish vaqtlari ularning Vatanga qaytish hujjatlarini rasmiylashtirish masalasi bilan bog‘liq ekanligini taʼkidlashadi.

Markaz namoyishchilarga to‘lganida

Shu yilning yanvar-fevral oylarida Rossiyada Aleksey Navalniy tarafdorlari tomonidan o‘tkazilgan miting ishtirokchilari ommaviy hibsga olindi.

Ularning soni ko‘pligidan IIB vaqtinchalik hibsxonalariga sig‘dirishning imkoni bo‘lmadi.

Namoyish qatnashchilari spespriyomniklarga joylashtirilganidan 2 kun o‘tmay, ijtimoiy tarmoqlarni bu yerdagi sharoitlardan qilingan shikoyatlar bosib ketdi.

Bir necha sutkalarga qamalgan rossiyalik namoyishchilar “migrantlar qamoqxonalari”dan suratlar va videolarni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylay boshlashdi.

Negadir, markazlar rahbariyati migrantlar uchun cheklaydigan telefon, internet kabi aloqa vositalarini, bino va xonalarni tasvirga olish imkoniyatlarini rossiyalik mahbuslar uchun cheklamadi.

Huquqbuzarga ham sharoit kerak

Asli o‘zbekistonlik yurist Zarnigor Omonillayeva namoyishlardagi hibslar sabab bo‘lib, bu markazlarda sharoit yaxshilanishiga umid bildirganini aytadi.

– “Dojd” kanalida aktyor Yevgeniy Siganov Saxarovodagi sharoitlarni “hayvonlar uchun”, deb atab, odamlar huquqni buzganda ham bunday sharoitlarda yashashi kerak emas, deb fikr bildirdi.”Novaya Gazeta” esa rossiyaliklar migrantlarning joylariga joylashish jarayonini batafsil keltirganida, u yerda hech narsa o‘zgarmaganini ko‘rishimiz mumkin, – deydi Zarnigor Omonillayeva.

“Va nihoyat mavzuga Rossiya miqyosida eʼtibor berilayapti. To‘g‘ri, avvallari ham mustaqil OAVlar bu haqida yozgandi. Lekin Saxarovodagi sharoit jamoatchilik etiborini hech qachon tortmagan. Ko‘tarilgan muammo tor va kichik doirada muhokama qilinganicha qolavergan”, – deb yozdi yurist-bloger.

Omonillayevaga ko‘ra, bu aynan migrantlarning yoki rossiyaliklarning muammosi emasligi ko‘ringan.

“Sharoitlar borasida birin-ketin davlat idoralari hisobot berishga majbur bo‘layapti va tabiiyki, sharoitni yaxshilash bo‘yicha vaʼdalar jaranglay boshladi”, – deydi yurist.

Ammo oradan bir necha oy o‘tib ham, sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmadi.