Qirg‘iziston Prezidenti Moskvaga taklif qilinganidan keyin masofadan ishlashga o‘tdi

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov yaqinlashib kelayotgan xalqaro tadbirlar munosabati bilan masofaviy ish rejimiga o‘tdi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.

“Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ilgari rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar munosabati bilan davom etayotgan keskin epidemiologik vaziyatni hisobga olib, vaqtincha uzoqdan ishlash rejimiga o‘tdi”, deyiladi xabarda.

Matbuot xizmati qanday xalqaro tadbirlar haqida gap ketayotganligiga aniqlik kiritmadi. Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni Japarov va Rossiya prezidenti Vladimir Putin may oyining oxirida Moskvada uchrashishga kelishib olgani haqida xabar berilgan edi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik va Yevrosiyo iqtisodiy integratsiyasi, shuningdek, KXShT, MDH va ShHT doirasidagi mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashning dolzarb masalalarini muhokama qilmoqchi. Kreml matbuot xizmati, shuningdek, Japarov Putinning Rossiyaga ishchi tashrif bilan kelish taklifini qabul qilgani haqida xabar bergan.

Sentyabr oyida “Proyekt” nashri Putin bilan uchrashuvdan oldin har kim ikki haftalik karantindan o‘tishi shart deb yozgan edi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov nashrni sharhlar ekan, “kimdir ikki haftalik, kimdir bir necha kunlik karantindan o‘tmoqda, kimdir esa umuman karantinsiz uchrashmoqda”, deb maʼlumot bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, izolyatsiya muddati insonning grafigi va epidemiologik vaziyatga bog‘liq. Aprel oyida Putin bilan uchrashuvdan oldin Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘zini izolyatsiya qilgandi.

Aprel oyida Putin COVID-19 vaksinasining ikkinchi dozasini olgandi. Bir necha hafta o‘tgach, u antikor tekshiruvini o‘tkazdi, natijada pozitivlik darajasi 15 qayd etilgan. “Shifokorlar aytishicha, bu yaxshi natija”, – deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.