Oʼzbekistonda hozirgacha 18 yoshdan katta aholining 60 foizi koronavirusga qarshi birinchi doza bilan emlangan, yil oxirigacha bu koʼrsatkichni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu haqda Xalqaro media hollda boʼlib oʼtgan ochiq muloqotda Oʼzbekiston bosh vaziri oʼrinbosari Behzod Musaev maʼlum qildi.
«Koronavirusga qarshi kurashishning birdan bir oqilona yoʼli aholini emlash. Buni fuqarolarimiz ham anglab yetmoqda. Hozir qaysi poliklinikaga bormang, bir necha turdagi vaktsinaning istalgani bilan bepul emlanishingiz mumkin. Mamlakatimizda ixtiyoriy ravishda vaktsina oladigan 12 yoshdan yuqori bolalardan tashqari, 21 milliondan ziyod yurtdoshimiz emlanishi koʼzda tutilgan. Hozirgacha shulardan 60 foizi vaktsinaning birinchi dozasini oldi. Yil yakunigacha vaktsina oluvchi aholi qatlamining 80 foizgacha qismini emlash bilan qamrab olishni oʼz oldimizga maqsad qilib qoʼyganmiz. Bu dunyo davlatlari oʼrtasida yuqori koʼrsatkich hisoblanadi»
SSV maʼlumotiga koʼra, hozirda Oʼzbekistonga olib kelingan va mamlakat hududida ishlab chiqarilgan vaktsinalar miqdori 34 951 358 dozani tashkil qilmoqda. Shundan 24 506 587 dozasi emlash jarayonlarida qoʼllangan.