Afg‘onistondagi ochlik terroristik guruhlarga qo‘l kelmoqda

Afg‘oniston fuqarolari qashshoqlik va ochlik tufayli ISHID safiga qo‘shilmoqda, deya xabar bermoqda Turkiya axborot agentligi o‘z manbalariga tayanib.

Aniqlanishicha, ISHID ushbu guruhga qo‘shilganlarga oyiga 270 dollardan 450 dollargacha maosh taklif qilmoqda.

Iroq va Shom islom davlati (ISHID)ning Xuroson bo‘limi qashshoqlik va iqtisodiy inqirozdan foydalanib, afg‘on yoshlarini o‘z safiga jalb qilmoqda, deyiladi agentlik xabarida.

Sharqiy Kunar viloyatidan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, ISHID yirik va muntazam naqd pul berish orqali ishsizlarni guruhga qo‘shilishga undamoqda.

Afg‘onistonlik tahlilchilar fikricha, minglab odamlar ishsiz qolgan, hatto non ham sotib ololmaydigan mamlakatdagi vaziyat ISHID va boshqa terroristik guruhlarga o‘z saflarini to‘plash va mamlakat va mintaqadagi mavqeini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.