Qozog‘istonda rusiyzabon fuqarolarga nisbatan millatchilik ko‘rinishlari ko‘pincha tashqi kuchlar taʼsirida qo‘zg‘atiladi, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
“Rossiyskaya gazeta” Lavrovning “Rossiya va Qozog‘iston: chegarasiz hamkorlik” maqolasini chop etdi. Unda vazir “so‘nggi paytlarda Qozog‘istonning rusiyzabon fuqarolariga nisbatan ksenofobiyaning bir qator o‘tkir ko‘rinishlariga guvoh bo‘ldik”, deb taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “ko‘p jihatdan alohida holatlar kichik shaharchalarda ko‘rinadi, millatchilikni tarbiyalash va Rossiya bilan hamkorlikni obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlar tashqaridan maxsus axborot usullaridan foydalanish mahsuli hisoblanadi”.
Biroq Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar darajasi “har bir xavotirli holat bo‘yicha zudlik bilan birgalikda choralar ko‘rish imkonini beradi”, dedi u. Lavrovning taʼkidlashicha, Rossiya ham, Qozog‘iston ham rus tilining birlashtiruvchi missiyasi naqadar muhim ekanini tushunadi. Uning eslatishicha, Qozog‘iston konstitutsiyasiga ko‘ra, “rus tiliga davlat maqomi berilgan va qozoq tili bilan teng ravishda qo‘llaniladi”. Bu “o‘z hayoti va ishini Rossiya va butun MDH makoni bilan bog‘laydigan qozog‘istonlik yoshlarga foyda keltiradi”, deb yozadi “TASS”.
Ikki davlatning uzoq muddatli manfaatlari, vazirning fikricha, “strategik sheriklik va ittifoqchilik, integratsiya jarayonlarini rivojlantirish”ga mos keladi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar “nafaqat xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga to‘liq tayanadi, balki hukmron geosiyosiy voqelikni ham hisobga oladi”.