O‘zbekiston va Rossiya iqtisodiyoti bog‘liqligi haqida

O‘zbekiston va Rossiya pandemiya davom etayotganiga qaramay, hamkorlik surʼatlarini oshirmoqda. Bu haqda 17 noyabr kuni Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi II mintaqalararo hamkorlik forumi chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.

“Faol hamkorlik tufayli, hatto pandemiya sharoitida ham o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga muvaffaq bo‘ldik, joriy yil bu ko‘rsatkich 6 milliard dollardan oshadi”, — dedi prezident.

Investitsiyalar

Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy sarmoyadorlaridan biri hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, Rossiyaning respublika iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi 10 milliard dollardan oshadi.

Ayni paytda davlatlar 150 dan ortiq qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda, ularning umumiy qiymati qariyb 14 milliard dollarni tashkil etadi, dedi o‘z navbatida Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

“Rossiya kapitali ishtirokida korxonalar soni so‘nggi to‘rt yil ichida 2,5 barobar ko‘payib, 2 mingdan oshdi. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan yirik sanoat haftaligida “Rossiyaning 13 ta hududi ishtirok etdi, 130 million dollarga yaqin 21 ta shartnoma imzolandi”, dedi u.

Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi yetakchilik qilmoqda (2335 ta kompaniya). Rossiya investitsiyalari respublika iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga: tog‘-metallurgiya, neft va gaz, energetika, qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan. Shunday qilib, “Lukoyl” o‘zi O‘zbekistonda gazni qidirish va qazib olishga qariyb 8 milliard dollar sarmoya kiritgan.

“Gazprom” mamlakatda uglevodorodlarni qidirish va qazib olishga sarmoya kiritmoqda: 2006 yildan 2013 yilgacha kompaniya Ustyurtdagi geologik qidiruv ishlariga qariyb 383 million dollar sarmoya kiritgan.

Bundan tashqari, Gazprombank O‘zbekistonda uglevodorodlarni qazib olish loyihasini moliyalashtirmoqda. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan loyihaning umumiy qiymati 3,9 milliard dollarni tashkil etadi.

Tashqi savdo

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash ham barqaror o‘sish surʼati bilan ajralib turadi. Avvalroq, joriy yilning iyun oyida Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin 2020 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sib, qariyb 6 milliard dollarga yetganini taʼkidlagan edi.

“Joriy yilning dastlabki besh oyida iqtisodiy hamkorlik o‘sishda davom etdi va 15 foizga oshdi – bu taxminan 2,5 milliard dollar degani. Rossiya eksporti deyarli 12 foizga, O‘zbekistondan import esa 25 foizga o‘sgan”, – dedi Rossiya bosh vaziri.

Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston Rossiyaga jami 1,5 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan. Rossiya O‘zbekistondan asosan to‘qimachilik, poyabzal, oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi xomashyosi, kauchuk, metall va ulardan tayyorlangan boshqa mahsulotlar xarid qiladi

Shu bilan birga, O‘zbekiston Rossiyadan 3,6 milliard dollarlik mahsulot sotib oldi, bular mashinalar, asbob-uskunalar, yog‘och, kimyo mahsulotlari va mineral mahsulotlari kabilar.

Migrantlar

O‘tgan yili O‘zbekistonga mehnat migrantlari 6 milliard dollardan ortiq pul o‘tkazmalarini jo‘natgan.Yevroosiyo taraqqiyot banki maʼlumotlariga ko‘ra, migrantlarning respublikaga pul o‘tkazmalarining umumiy oqimi YAIMning qariyb 12 foizini tashkil etgan. Pandemiyagacha 2018-2019 yillarda bu ko‘rsatkich 15 foizni tashkil etgan edi.

Ayni paytda Rossiya Markaziy banki Rossiyadan qo‘shni davlatlarga shaxsiy pul o‘tkazmalari bo‘yicha statistik maʼlumotlarni eʼlon qildi. 2021 yilning birinchi olti oyida MDH davlatlariga jami 5,44 milliard dollar jo‘natilgan. Bu mablag‘ning deyarli yarmi O‘zbekistonga to‘g‘ri keladi – 2 milliard dollarga yaqin.