JSSTning taʼkidlashicha, COVID tarqalishi omikronda to‘xtamaydi

Uni mutatsiyasi davom etadi…

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning omikron shtammi oxirgisi emasligi va virus mutatsiyada davom etishini maʼlum qildi.

JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus bu yilgi birinchi matbuot anjumanida so‘zga chiqib, delta bilan solishtirganda omikron shtammi yengilroq shaklda kechishi, ammo uni yengil kasallik deb tasniflash noto‘g‘ri ekanligini qo‘shimcha qildi.

“Ilgari tarqalgan shtammlar singari, omikron ham bemorni kasalxonaga yotqizishi va o‘limga olib kelishi mumkin. Omikron sunami effektini yaratdi, u tez tarqaladi va butun dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimlariga katta bosim yuklaydi”, dedi u.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yetakchi epidemiologi Mariya van Kerxove omikron shtammi haqidagi savollarga javob berar ekan, unga nisbatan hozirda qo‘llanilayotgan barcha vaksinalarning samaradorligiga ishora qildi.

Kerxovening taʼkidlashicha, omikron koronavirusning oxirgi shtammi emas. “Afsuski, omikron oxirgi variant bo‘lmaydi, virus mutatsiyada davom etmoqda”, dedi u.

O‘zbekistonda esa koronavirus bilan kasallanganlar soni ortmoqda

Kunlik kasallanishlar soni: kecha O‘zbekistonda qariyb 390 nafar kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi

2022 yil 9 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 200730 (+389) nafarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 3 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 1497 nafarni tashkil qildi. 

Eslatib o‘tamiz, bugun soat 16:00 da Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq mavjud epidemiologik holat va mamlakatda aniqlangan COVID-19ning yangi “omikron” shtammi oqibatlari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.