Yangi ВA.2 o‘pkaga “zarba” bermoqda

Yapon olimlari: “Omikron”ning yangi mutatsiyasi o‘pkaga “zarba” bermoqda.

Dunyoda koronavirusga chalinish holatlari kundan kun kamayayotgani insoniyat uchun yaxshi yangilik. Bu, pandemiyaning o‘tkir bosqichi ortda qolayotganini anglatadi.

Ammo shunga qaramay, olimlar “omikron”ning yangi ВA.2 subvarianti keng tarqala boshlaganidan jiddiy tashvishda. Tahlillarga ko‘ra, mazkur mutatsiya hozirgacha 60 ga yaqin mamlakatda aniqlangan.

Xo‘sh, mutaxassislarni ko‘proq nima xavotirga solmoqda? Gap shundaki, koronavirusning ushbu yangi turi hozirgi odatiy “omikron”dan keskin farqlanadi. Avvalo, ushbu virus mutatsiyasiga tashxis qo‘yish birmuncha murakkab. Shu sababli u allaqachon “ko‘rinmas shtamm” deya nom olib ulgurdi.

Qolaversa, yuqumlilik darajasi ancha yuqori. Inson organizmidagi antitanachalar hujumlariga “chap berish”ga qodir. Eng yomoni, unga chalinganda kasallik nisbatan og‘ir asoratlar bilan kechishi mumkin. Yapon olimlari o‘tkazgan tadqiqot natijalari buni tasdiqladi.

Unga ko‘ra, “omikron”ning ВA.2 turida ko‘proq “delta” shtammiga xos xususiyatlar namoyon bo‘lmoqda. Yaʼni, mazkur subvariant endi yuqori nafas yo‘llarigagina emas, balki insonning nozik aʼzosi — o‘pkasiga “zarba” bermoqda.

Yana bir fakt: rossiyalik taniqli epidemiolog Yelena Gasichning taʼkidlashicha, “omikron”ning hozirgi anʼanaviy turi bilan xastalanganda, asosan shamollash, yaʼni O‘RVI belgilari namoyon bo‘lsa, ВA.2 variantida taʼm va hid bilish qobiliyati yo‘qolishi kuzatilyapti. Bundan tashqari, kasallik oshqozon-ichak faoliyati buzilishi bilan ham kechmoqda.

Shunga qaramay, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi maxsus vakili Melita Vuynovich shu yil koronavirus pandemiyasi tugashi mumkinligini maʼlum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya nihoyalanishi odamlar endi COVID-19ga chalinmasligini anglatmaydi. Faqat infeksiyani yuqtirish ko‘rsatkichlari keskin kamayib, o‘sish dinamikasi qayd etilmaydi.

“Kasallanganlar soni ko‘pligi virusning mutatsiyaga uchrash imkoniyatiga egaligini bildiradi, — deydi JSST maxsus vakili. — Shu sababli hozir epidemiologik vaziyat kelgusida qanday tus olishini aniq bilmaymiz. Biroq, SOVID-19 butun dunyoni aylanib chiqqach, yirik epidemiyalar tugaydi, degan taxminlar bor”.