Yaponiya qonunchiligi Yaponiyada saqlanayotgan xorijiy markaziy banklarning, jumladan, Rossiya bankining oltin-valyuta zaxiralarini musodara qilishga ruxsat bermaydi, dedi moliya vaziri Syunʼiti Suzuki.
Avvalroq, Yaponiya hukumati Rossiya Markaziy banki bilan operatsiyalarni to‘xtatgan edi, bu aslida uning Yaponiya bankidagi zaxiralarini muzlatish demakdir. Markaziy bankning yapon iyenasidagi aktivlari qariyb 33 milliard dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, Yaponiya hukumati Rossiya rahbariyati, amaldorlar va ishbilarmonlarga qarshi sanksiyalar joriy qildi, “Otkritiye Bank”, “Novikombank”, “Sovsombank”, “VTB”, “Rossiya Bank” aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Promsvyazbank, VEB.RF, baʼzi tovarlar va texnologiyalarni Rossiyaga olib kirishni taqiqladi.
Rossiya sanksiyalarga javoban Yaponiyani “do‘stona” bo‘lmagan davlat deb tan oldi va Yaponiya bilan Kuril orollari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishdan bosh tortdi, shuningdek, bu hududlarda yaponiyaliklar uchun vizasiz rejimni bekor qildi.