Fransiyadagi prezidentlik saylovlari: Makron va Le Pen ikkinchi bosqichda

Kecha Fransiyada prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Saylovchilarning 74.85 foizga yaqini ishtirok etgan saylovda 99 foiz ovoz natijalariga ko‘ra Emmanuel Makron saylovchilarning 27,6 foiz, uning asosiy raqibi, o‘ng qanot “Milliy front” partiyasi yetakchisi Marin Le Pen 23,4 foiz ovoz to‘plagan. Shu tariqa, ular 24 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi bosqichga yo‘l oldilar.

Saylovda jami 12 nafar nomzod ishtirok etdi. Makron va Le Pendan tashqari eng yuqori natijani jurnalist, Yevroparlamentning sobiq deputati, Fransiya parlamentining chap qanot “Bo‘ysundirilmagan Fransiya” partiyasi aʼzosi Jan-Lyuk Melenshon qayd etdi. Unga 22 foizga yaqin saylovchi ovoz bergan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilgi avvalgi saylovlarda ham Makron va Le Pen asosiy raqib bo‘lgan. Makron birinchi turda 24 foiz, Le Pen 21 foizdan ko‘proq ovoz to‘pladi. Ikkinchi turda Makronni 66 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlagan, uning raqibi esa 34 foizdan sal kamroq ovoz olgan.

Makron barcha G‘arb yetakchilarining Vladimir Putin bilan asosiy muzokarachisi hisoblanadi. 7 fevral kuni u Rossiya prezidenti bilan uchrashish uchun Moskvaga keldi. Undan oldin ham, keyin ham u Putin bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan. Tahlilchilarning qayd etishicha, Makron Angela Merkel Germaniya kansleri lavozimidan ketganidan keyin Yevropa yetakchisi rolini o‘z zimmasiga olishga urinmoqda.