Rossiyada ishini yo‘qotgan o‘zbekistonliklar qayerga borib ishlashi mumkin?

Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) O‘zbekistondan mehnat migratsiyasini o‘rganish natijalarini eʼlon qildi. Taʼkidlanishicha, iqtisodiyotning Rossiyadagi migrantlar pul o‘tkazmalariga yuqori darajada bog‘liqligi mehnat bozori va mamlakatdagi vaziyatni tobora og‘irlashtirmoqda, shuning uchun ishchi kuchini eksport qilishning yangi imkoniyatlarini ko‘rib chiqish zarur.

Tadqiqot davomida, agar O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada ish va daromadlarini yo‘qotgan taqdirda ular ishlashi uchun boshqa eng maqbul yo‘nalishlari sifatida Polsha, Bolgariya, Litva, Chexiya, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya davlatlari ko‘rsatilgan. Singapur, Saudiya Arabistoni va Yaponiya ham alohida taʼkidlangan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maʼlumotlariga ko‘ra, Rossiyadan pul o‘tkazmalari O‘zbekiston uchun valyuta tushumlari va daromadlarining eng muhim manbai hisoblanadi (yalpi ichki mahsulotning 11,4 foizi). Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy maʼlumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Rossiyada 1 million 36 ming mehnat muhojiri bo‘lgan. Har bir mehnat migrantiga to‘g‘ri keladigan oylik pul o‘tkazmalari miqdori 453 dollarni tashkil qilgan.

Tadqiqotda qayd etilishicha, O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligi ko‘p jihatdan migrantlar pul o‘tkazmalari oqimiga bog‘liq bo‘lib, demak, boradigan mamlakatlarning migratsiya siyosatiga bog‘liq. Muhojirlarni vatanga qaytishga majbur qiladigan har qanday iqtisodiy zarba mamlakatdagi ishsizlik darajasini keskin oshiradi va pul o‘tkazmalarini to‘xtatib, qashshoqlikni yana-da kuchaytiradi.

Bugungi kunda mehnat muhojirlarining asosiy yo‘nalishlari Rossiya (61,5 foiz), Qozog‘iston (16,9 foiz), Turkiya (6,1 foiz), Janubiy Koreya (2 foiz), BAA (0,8 foiz) hisoblanadi. 2 million 356 ming mehnat muhojirining 75,9 foizini erkaklar, 24,1 foizini ayollar tashkil etadi. Muhojirlarning asosiy qismi qurilishda – 51,6 foiz, qishloq xo‘jaligida – 12,3 foiz, sanoatda – 9,2 foiz va savdoda – 8,5 foiz ishlashadi.

Ingliz tilini bilish, diplomatik vakolatxonaning mavjudligi, aviachiptalar narxi, shuningdek, borayotgan mamlakatda YAIMning aholi jon boshiga ulushi mehnat muhojirligi uchun muhim omillar ekanligi maʼlum qilingan.

Tadqiqot mualliflarining aniqlashicha, ish bilan taʼminlash mumkin bo‘lgan mamlakatlarda ingliz tiliga bo‘lgan talab O‘zbekistondan mehnat migratsiyasi oqimini 55 foizga qisqartiradi.

manbaa