Qozog‘iston Rossiyaning YEOII davlatlariga bug‘doy eskportining vaqtincha taqiqlanishiga o‘z eʼtirozini bildirdi.

Qozog‘iston Rossiyaning YEOIIga don eksportini taqiqlashiga qarshi chiqmoqda.

Mamlakat qayta ishlash uchun g‘alla taqchilligiga duch kelmoqda va Rossiyaning bug‘doy, javdar, arpa va makkajo‘xori eksportini bir tomonlama taqiqlashini YEOII shartnoma shartlariga to‘g‘ri kelmasligini taʼkidlamoqda.

Rossiyalik huquqshunoslar bo‘lsa, ruslarning bunga haqqi borligiga daʼvo qilmoqda.

Birinchidan, Qozog‘istonda  Belarusning ittifoq davlati sifatida mazkur taqiqdan istisno qilinishiga diskriminatsion holat deb qarashmoqda. Shuningdek, Qozog‘iston 30 iyungacha 11 million tonna kvota doirasida uchinchi davlatlarga don eksportini davom ettirmoqda. Ammo ayni paytda Qozog‘iston O‘zbekiston, Tojikiston va Afg‘onistonga reeksportning oldini olish uchun Rossiya Federatsiyasidan eksportga taqiq joriy etilganini unutib qo‘ymoqda.

Rossiyadan uchinchi davlatlarga eksport qilishda eksport bojlari mavjud bo‘lgan holda ittifoq doirasidagi bojsiz savdo hisobiga shakllanadigan narx farqi tufayli Qozog‘iston orqali qayta eksport qilish juda qulay va foydali bo‘lib kelgan. Bu mavsumda Qozog‘iston hosil bilan bog‘liq muammolar fonida Sibirda bug‘doy xaridini keskin oshirdi.

Taqiq qozog‘istonlik biznesga allaqachon salbiy taʼsir ko‘rsatgan – mamlakatdagi tegirmonlarning 50-70 foizi yo to‘xtab qolgan yoki zaxiralari tugab qolgan. Shu fonda Qozog‘iston ham bug‘doy va un eksportiga kvota kiritdi.

23 martdan boshlab Sibirda 3-sinf bug‘doyining o‘rtacha narxi 4,6 foizga pasayib, bir tonna uchun 15,3 ming rublni tashkil qildi. Agar yaqin kelajakda YEOIIga eksport qilish taqiqi bekor qilinsa, bu Sibir va Uralda don narxining oshishiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, YEOII davlatlarining Rossiya Federatsiyasidan don eksporti uchun umumiy kvotaga kiritilishi muammoning yechimiga aylanishi mumkin.