Ushbu intervyuda Ruslan Izimov qozog‘istonlik ekspert Jumabek Sarabekov bilan nima sababdan so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyodagi mintaqaviy kooperatsiya to‘xtab qolgani sabablarini muhokama qiladi. Tashqi noqulay muhit Markaziy Osiyo mamlakatlarini mintaqada qalinroq integratsiyalashuviga turtki berishi mumkinmi? Kollektiv xavfsizlik bo‘yicha o‘z tizimimiz bo‘lishi kerakmi?
Jumabek Sarabekov – xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert.
Markaziy Osiyo mamlakatlari 2016 yildan boshlab mintaqaviy kooperatsiyani faollashtirishning eng yangi bosqichini boshladi, unda ongli tarzda iqtisodiy kooperatsiyaga asosiy eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston va Qozog‘istonda yangi pragmatik rahbarlarning hokimiyatga kelishi, Xitoy yordamida yangi transport marshrutlari ochilishi, madaniy va boshqa aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama etilishi mamlakatlar ushbu bosqichni samarali bosib o‘tishiga yordam beradiganday tuyulgan edi. Mutaxassislar hatto “Ostona – Toshkent o‘qi” yoki to‘laqonli Markaziy Osiyo tiklanishi singari kooperatsiyaning yangi shakllarini ilgari ham surdi.
Bir tarafdan, Rossiya bilan G‘arbning, boshqa tarafdan esa Xitoy bilan G‘arbning munosabatlari izchil tarzda yomonlashib boruvi Markaziy Osiyo mamlakatlariga mintaqa ichidagi aloqalar hisobiga o‘z qarshi salmog‘ini (protivoves) yaratishiga turtki berishi kerak edi. Biroq ko‘plab sharhlovchilar mintaqaviy kooperatsiya to‘xtab qolganini aytmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar izchil o‘tayotgani yo‘q, muhim hujjatlar imzolanmadi, butun postsovet makoni Ukrainadagi urush sabab turli tomonlarga bo‘linib ketgan paytda qandaydir mintaqaviy birdamlik ko‘zga tashlanmayapti.
Mintaqa mamlakatlarining tashqi siyosat kun tartibidan tashqari chegara, suvdan foydalanish, iqlim o‘zgarishi va boshqa masalalar bo‘yicha muammolari oshib-toshib yotibdi. Bu masalalar o‘zaro kengashilgan holda hal etiladimi yoki yana chegaralarda otilgan o‘qlar ovozini eshitamizmi? Tashqi noqulay muhit Markaziy Osiyo mamlakatlari qalinroq integratsiyalashuviga turtki berishi mumkinmi? Bizga o‘z kollektiv xavfsizlik tizimimiz kerakmi?
Bugun ayni masalalarni biz bilan qozog‘istonlik ekspert Jumabek Sarabekov muhokama qiladi.
Biz bugun Markaziy Osiyodagi integratsiya yoki kooperatsiya jarayonlari haqida gaplashsak, degan edim. Hali Ukrainada urush bilan bog‘liq inqiroz yuz bermay turib, uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari eksport va import marshrutlarini rang-baranglashtirishga intilib kelayotgan edi. Endi eksportning eng asosiy marshrutlaridan birida jiddiy muammolar yuzaga kelgach, ushbu vazifaning dolzarbligi oshmoqda. Shu munosabat bilan Qozog‘istonning transport nuqtai nazaridan qanday muammolari bor, qanday muqobillar yo‘llarimiz mavjud?
Qozog‘iston haqida gapiradigan bo‘lsak, muammo juda keskin ekanini qayd etish joiz, chunki biz shu paytgacha foydalanib kelgan asosiy logistika arteriyalari aynan Rossiya orqali o‘tadi. Bu – birinchi navbatda energetika resurslari eksporti bilan bog‘liq. Energetika resurslarimizning shimoliy yo‘nalishdagi 85 – 90 foizi, xususan, neft aynan Rossiya infratuzilmasi orqali uzatiladi. Kaspiy quvuri konsorsiumidagi (KQK) ofat (avariya) bilan bog‘liq voqealarni va u Qozog‘istonga qancha taʼsir ko‘rsatganini juda yaxshi bilamiz. Bundan tashqari, biz Yevropaga eksport qilayotgan gaz ham to‘liq “Gazprom” infratuzilmasi orqali Yevropaga bozoriga yetib boryapti. Metallar ham Rossiya marshrutlari orqali eksport qilinadi. Faqat g‘allamiz, asosan, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Eronga sotiladi, yaʼni faqat shuning eksport yo‘nalishi boshqa. Qolgan, deylik, asosiy eksport tovarlari bo‘yicha Rossiya duch kelayotgan logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklar biz taraflarda ham aks sado beryapti, chunki Rossiya marshrutining faol foydalanuvchilari sifatida ushbu siqilishni biz ham his qilyapmiz.
Yuzaga kelgan vaziyatdan chiqishning muqobil yo‘llari bormi? Biz ushbu vaziyatda qanday choralar ko‘rishimiz mumkin?
Ayni paytda asosiy muqobil sifatida TMTM, yaʼni Transkaspiy xalqaro trasport marshruti salohiyatini kengaytirish bo‘yicha ishlar faollashtirilmoqda. Lekin ushbu marshrutdan hali to‘liq foydalanilmayotgani va u yaqinda ishga tushirilgani boshog‘riq bo‘lib turibdi. Sinov sifatida ishga tushirib ko‘rildi, konteynerlar tashildi, lekin narxi yuk tashish multimodal bo‘lgani uchun qimmat, birinchidan, bir necha turdagi yuk tashishdan foydalaniladi. Aqtaugacha yoki Quriq portigacha yuk quruqlik orqali yetkazib beriladi, so‘ngra kemalarga yuklanib, dengiz orqali Ozarbayjonga va undan nari manzillarga qayta yuklanib eltiladi. Shu sabab bu marshrut orqali yuk tashish qimmat, qolaversa, u chet buyurtmachilar uchun nisbatan yangi. Lekin shunga qaramay, menimcha, bu – uncha ko‘p bo‘lmagan muqobil yo‘llardan biri. Shu o‘rinda, birinchidan, TMTM koridori imkoniyatlarini kengaytirish vazifasi turibdi. Ikkinchidan, Quriq va Aqtau portlarimiz potensialini kengaytirishimiz zarur, chunki G‘arb bilan Rossiya o‘rtasidagi hozirgi holat, yaʼni sanksiyalar urushi saqlanib qolsa – saqlanib qolish ehtimoli ko‘proq – Rossiyani transport qamali qilish kuchaya boradi. Biz shu sabab eksportimiz yo‘nalishini o‘zgartirishga oldindan tayyor bo‘lishimiz kerak. Uchinchidan, Qozog‘iston hukumati ushbu yo‘nalishda ish olib bormoqda. Ular Aqtau bilan Quriq portlari atrofida terminallar qurish rejasi borligini oshkor qildi. Yana hukumat Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya bilan ayni marshrut bo‘yicha Birlashgan transport logistika kompaniyasi (OTLK) tuzish haqida bitim ham tuzdi, u Yevroosiyo iqtisoidy ititfoqi (YEOII) ichidagi bitimga o‘xshab ketadi, yana Transkaspiy marshruti ishtirokchilari tuzgan bitimni ham esga tushiradi. Endi ko‘raylik-chi, u qanday qilib to‘liq quvvat bilan ishlar ekan va bu marshrutga talab qanday bo‘lar ekan. Shimol yo‘nalishidagi marshrutlarga muqobil sifatida Kaspiy yo‘nalishini tilga olish mumkin.
Bundan tashqari, janub yo‘nalishi ham bor, albatta. Bu – o‘sha Xitoy marshruti. Lekin u – butunlay boshqa narsa, chunki hozir gap bu yerda shimol yo‘nalishidagi tranzit bilan bog‘liq vaziyat haqida ketyapti.
Keling, unda Yevropa integratsiyasi istiqbollari haqida biroz gaplashamiz. Ekspertlar hamjamiyatida Yevroosiy makoni so‘nggi voqealardan so‘ng qaysidir tarzda bo‘laklarga bo‘linib ketdi, bu mo‘ljallarimiz, oldingi aloqalarimiz, jumladan, transport, siyosiy va madaniy aloqalarning jug‘rofiy-siyosiy inqirozi bo‘lishi mumkinligi haqida bahs-munozaralar bo‘lmoqda. Siz bunday nuqtai nazarga qanday qaraysiz? Chindan ham shunday inqiroz haqida gapirish mumkinmi?
Umuman, Yevroosiyo integratsiyasining moddiy tajassumi bo‘lgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkil etilgandan beri sanksiyalar sharoitida faoliyat ko‘rsatib kelayotganini qayd etish joiz. Esingizda bo‘lsa, YEOII 2014 yil mayida tashkil topgan va o‘sha yili Qrim voqealari yuz bergan va Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilgan edi. Hozir ham shunday, yaʼni bu tashkilot tashkil topgandan beri shunday noqulay sharoitga tushib qolgandi. Shunga qaramay, uning faoliyati davom etmoqda. YEOII shu bilan barham topishi yoki faoliyatini davom ettirishi haqida aniq gapirish qiyin, chunki iqtisodiy ittifoqning yangi voqelikka qanchalik moslasha olishi ishtirokchilarga bog‘liq. YEOII qisman moslashishga harakat qilmoqda, chunki turli tovarlarga import bojlari pasaytirilayotganini ko‘ryapmiz. So‘nggi marta o‘sha bojlar ancha-muncha kamaytirilgani maʼlum bo‘ldi. YEOII qaysidir tarzda moslashishga harakat qilmoqda. Lekin shu bilan birga, bir qator integratsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlari, jumladan, energiya resurslari uchun va boshqa umumiy bozorlar yaratish uzoq muddatga cho‘zilib ketishi mumkin, chunki sanksiyalarni hisobga olish kerak bo‘ladi. Mabodo sanksiyalar butunlay qamal qilish ko‘rinishini oladigan bo‘lsa, Qozog‘iston integratsiya yo‘nalishini kuchaytirishdan oldin ko‘p bor o‘ylab ko‘rishi zarur. Shuning uchun hamma narsa sanksiyalar bundan keyin qanchalik keskinlashuviga bog‘liq. Ikkinchidan, ish iqtisodiy ittifoq qanchalik egiluvchan va o‘z vaqtida mushkulotlarga moslasha olishiga, uchinchidan, Rossiya iqtisodiyotidagi vaziyat qay tarzda rivojlanishiga bog‘liq.
So‘ngi yillarda vujudga kelgan manzaradan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi siyosat ustuvorliklari, umuman, qay tarzda o‘zgarishi mumkin? Balki mintaqa mamlakatlarini birma-bir ko‘rib chiqarmiz?
Men mamlakatlarimizni bir necha guruhga bo‘lmoqchiman. Gapni Turkmanistondan boshlay qolaylik. Fikrimcha, betaraflik yoki abadiy betaraflik siyosati shundayligicha qoladi, chunki yaqinda hokimiyat almashganiga qaramay, mamlakatning na ichki va na tashqi siyosatidagi yo‘nalish va rivojlanish o‘zgarayotgani yo‘q – buni ko‘rib va kuzatib turibmiz. Xullas, faqat Turkmaniston betaraflik maqomida qoladi.
Keyin Qirg‘iziston bilan Tojikiston bor. Bu mamlakatlarning tashqi sarmoyalarga qaramligi va hk. eʼtiborga olinsa, ularning jug‘rofiy-siyosiy o‘zgarishlarga ko‘proq taʼsirchan ekani maʼlum bo‘ladi. Albatta, ular uchun vaziyat biroz o‘zgarishi mumkin. Ammo bu ikki mamlakatni butunlay notanish vaziyatda qolib ketadi, deb bo‘lmaydi, yaʼni ular uchun Rossiya vektori kuchayishini taxmin qilsa bo‘ladi. Shunga ko‘ra, G‘arb vektori biroz jadalligini yo‘qotishi ham mumkin. Lekin ungacha ham, bilishimcha, so‘nggi yillarda G‘arb Markaziy Osiyo bilan qiziqmay qo‘ygan edi. Bundan faqat bir holat istisno – Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketayotgan Yevropa va AQSHdagi do‘stlarimiz Markaziy Osiyoda qanday voqealar sodir bo‘layotgani va o‘sha voqealar qo‘shinlar olib chiqib ketilgandan so‘ng qay tarzda rivojlanayotgani bilan yana qiziqib qoldi. Lekin ko‘rib turganimizdek, bu – yana vaqtincha, shuning uchun, umuman olganda, G‘arbning Markaziy Osiyoga qiziqishi yangi sharoitda yana-da kamayib boradi, chunki Rossiya ham, Xitoy ham ushbu yo‘nalishda aniq maqsadlarni ko‘zlagan holda ish olib boradi. Yaʼnikim, Qirg‘iziston bilan Tojikiston uchun Rossiya va Xitoy vektorlari kuchayishi mumkin.
Mintaqa mamlakatlarining uchinchi guruhiga mansub Qozog‘iston bilan O‘zbekiston bor, ular hech qanday qiyinchilik va xarajatlarga qaramay, o‘z tushunchasi bo‘yicha maksimal darajada ko‘p vektorli siyosat olib borishga urinadi. O‘zbekiston haqida gapiradigan bo‘lsak, rasmiy Toshkent ayni vaziyatda o‘zini juda botartib tutmoqda. Qozog‘iston ham shunday, lekin uning Rossiya bilan aloqalari, jumladan, integratsion aloqalari juda qalin. Shunga qaramay, Qozog‘iston ko‘p vektorlilik anʼanasini buzmayotganini, ham G‘arb, ham Rossiya bilan muloqotni saqlab qola yotganini ko‘ryapmiz. Boshqa tarafdan, ko‘p vektorlilikning bahosi ortib borayotgani ham tushunarli. Ammo, nazarimda, Toshkent ham, Ostona ham bu yo‘ldan qaytmaydi va imkoniyat bo‘lgan maksimal vaqtga qadar ayni shu ko‘p vektorlilik mavqeini saqlab qoladi, chunki bunda, birinchi navbatda Qozog‘istonning iqtisodiy manfaati bor. Bizning G‘arb bilan juda ko‘p investitsiya loyihalarimiz bor, eksportimizning ko‘p qismi o‘sha tomonga yo‘naltirilmoqda, shuning uchun, ko‘p vektorlilikning saqlanib qolish ehtimoli katta.
Yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olib, mintaqakviy integratsiyani kuchaytirish kerak bo‘ladimi? Mintaqa darajasidagi o‘zaro yaqinlashuv biroz sustlashib qoldi. Sizningcha, imkoniyatlar haddiga yetildimi? Ayni paytda qanday eng jiddiy to‘siqlar mavjud?
Integratsiyani rivojlantirish shart ekani shubhasiz. Bu har doim, Ukrainadagi urushdan oldin ham, so‘nggi 30 yillik davrda ham dolzarb bo‘lib kelgan. Lekin, afsuski, biz yana yaxshi boshlagan edik bu ishni. So‘nggi marta 2019 yilda yangi turtki berildi. Taassufki, u uzoq davom etmadi. Shu sabab yana zaif dinamikani ko‘rib turibmiz. Buni ham tushuntirib bersa bo‘ladi. Integratsiya haqida bosh qotirishga vaqt bo‘lmagan pandemiyani boshdan kechirdik, har bir taraf maksimal darajada jon saqlash payida bo‘ldi. Bu ham tushunarli. Pandemiya tugar-tugamas Ukrainadagi inqiroz boshlandi. Shuning uchun so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda faollikni ko‘rmayapmiz.
Bu ham yetmaganday, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari ichidagi vaziyat, ayniqsa, Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar ko‘ngildagidek emasligini kuzatyapmiz. Adashmayotgan bo‘lsam, haligacha ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara bilan bog‘liq vaziyat tangligicha qolmoqda, vaqti-vaqti bilan to‘qnashuvlar chiqib turibdi. Yaqinda chegarada otishmalar bo‘lgani haqidagi xabarlarni o‘qidik. Ungacha Bishkek bilan Dushanbe o‘rtasida vaziyat to‘liq miqyosli urushga yetib borishiga bir bahya qolgani ham esimizda. Shuning uchun Markaziy Osiyo beshligi o‘rtasida umidsizlantiradigan juda murakkab munosabatlar saqlanib qolmoqda. Lekin shunga qaramay, biz Markaziy Osiyo integratsiyasini davom ettirishimiz shart. Bu barcha ishtirokchilar manfaatlariga javob beradi, qolaversa, iqtisodiyot nuqtai nazaridan ham barcha ishtirokchilar yutishi aniq, yaʼni hamkorlik qilish orqali yuksakroq iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishimiz mumkin. Bu jug‘rofiy siyosat nuqtai nazaridan ham foydali bo‘lishi turgan gap – biz birga milliy manfaatlarimizni yaxshiroq himoya qilishimiz mumkin. Xavfsizlik sohasida ham foydali jihatlar bor, chunki, deylik, suv, iqlim o‘zgarishi masalalari so‘nggi voqealar sabab orqaga chekindi. Shunga qaramay, iqlim muammosi hech qayerga daf bo‘lgani yo‘q. Tobora tanqislashib borayotgan suv muammosi ham yildan-yilga kuchayaveradi.
Integratsiyasiz, birga ishlashsiz bu muammolarni hal etib bo‘lmaydi. Bunga ishonchim komil. Lekin hozircha maqtanadigan yutug‘imiz yo‘q. Ha, savdo-sotiq ko‘rsatkichlari tamoyili yomon emas, o‘zaro savdo-sotiq, umuman, Markaziy Osiyoning o‘zaro savdosi ko‘rsatkichlari ortib bormoqda. Ammo siyosiy qadamlarsiz, siyosiy irodasiz integratsiyamiz faqat savdo-sotiq bilan cheklanib qolishi ham mumkin. Integratsiyaning qamrovi – undan katta. Shuning uchun men, taassufki, biror ijobiy fikr aytishim qiyin. Balki bu hamma narsaga ikkilanib qaraganim sababli integratsiya sari qadamlarini ko‘rmayotganimdandir. Harqalay, bu – shaxsiy fikrim.
Aslida muammolar bor – bunga qo‘shilaman. Ular – so‘nggi 30 yil davomida hal etilmay kelayotgan muammolar. Lekin shu bilan birga, muayyan olg‘a siljish bor ekanini ham tushunamiz. O‘zingiz Markaziy Osiyoda integratsiyasini jadallashtirish 2018 yil Ostonada boshlangan edi deb aytdingiz. So‘nggi bir necha yil davomida, ayniqsa, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraga oid bahslarning aksariyat qismini hal etishga erishildi. Suv bilan bog‘liq masalalarning bir qismi ham, ulardan asosiysi – Tojikiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagisi yechila boshladi. Umuman olganda, to‘g‘ri qayd etib o‘tganingizdek, iqtisodiyot sohasida ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Hammamiz tushunadigan va menga yoqadigan bir ibora bor: Markaziy Osiyo mamlakatlari integratsiyaga mahkum. Ha, shuning uchun istiqbolga qarasak, barchamiz tushunib, u yoki bu tarzda yaqinlashsak, kooperatsiya va integratsiyaga kirishsak, qaysidir tarzda Markaziy Osiyodagi integratsiyani institutsionallashimiz (yaʼni o‘zaro munosabatlarni tartibga soladigan qonun-qoida, meʼyorlar, ularni hayotga tatbiq qiladigan institutlar tashkil etish) kerak emasmi? Agar shunday qilish kerak bo‘lsa, siz uni nimalarda ko‘rasiz? Masalan, 30 yil davomida mintaqaviy integratsiya bo‘yicha turli tashabbuslar taklif etildi va ularni amalga oshirishga urinishlar bo‘ldi. Lekin siz ham qayd etganingizdek, ulardan hech qaysisi samara bermadi. Ayni choqda biz bugun “Ostona – Toshkent o‘qi” singari tashabbus yoki shakllar borligini eslab o‘tdik. Bu tashabbusning “Vishegrad to‘rtligi” (yoki “Yevropa kvarteti”ga Vengriya, Chexiya, Polsha va Slovakiya kiradi, tomonlar 2004 yildan beri ushbu tuzilma doirasida ko‘p tomonlama hamkorlik qilib keladi) singari o‘xshashi ham mavjud. Ayting-chi, bizga integratsiyaning yoki qalinroq kooperatsiyaning qanday shakli ko‘proq mos keladi?
Markaziy Osiyodagi integratsiyani institutsionallash kerakmi yoki yo‘qmi, degan birinchi savolga, so‘zsiz, bu zarur, deb javob beraman, chunki institutlar tashkil etilib, u yoki bu darajada ishlay boshlasa, integratsiya ham barqarorroq rivojlana boradi. Buni hatto aksioma ham deb atash mumkin. Ushbu institutlar qanday shaklda, qanday ko‘rinishda bo‘lishi – bahsli masala. Bu masala bo‘yicha O‘zbekiston bir necha marta, hali bunga erta, deb aytdi. Menimcha, Turkmaniston bu loyihani qo‘llab-quvvatlashi dargumon. Endi Qozog‘iston oldida sheriklarimizni integratsiya institutlari zarurligiga ko‘ndirishday vazifa turibdi. Bu yerda gap aynan qaysi modelni tanlash haqida ketayotgani yo‘q. Ishni kichikroq narsadan, masalan, Davlat rahbarlari kengashi – Maslahat kengashidan boshlash lozm bo‘ladi. Bu institut bo‘lmay nima? Lekin ko‘rib turganimizdek, ayni institut vaqti-vaqti bilan, davlat rahbarlari uchrashganda va hk. hollarda ishlayapti, xolos. Alashmasam, Toshkentda Markaziy Osiyo instituti tashkil etildi. U tashkil etilganini eshitdik, xo‘sh, undan keyin nima bo‘ladi?
Integratsiya sezilarli bo‘lishi uchun yetakchilarning yangi avlodi, jamiyatdagi yangi to‘lqin paydo bo‘lishi zarur. Men bu bilan aynan shu formatda integratsiya amalga oshirilishi kerak demoqchi emasman, integratsiya institutlarini faqat shu formatda tashkil etish shart emas, bu o‘zaro kelishilgan holda hal etiladi, buni kollegiyalar hal etadi.
Mushukning qanaqa rangda bo‘lishi emas, sichqon tutishi muhim emasmi?
Ha, bu iborani ham ishlatsa bo‘ladi, ishni qandaydir kichik bir kengash yoki hukumatlararo komissiyadan boshlash zarur. Muhimi, u ishlashi kerak. Muhimi, real siyosiy iroda bo‘lishi darkor, chunki busiz istalgan narsani tashkil etish mumkin, lekin u hech qanday samara bermaydi. Masalan, Vishegrad to‘rtligi g‘oyasi bo‘lgan. Bu g‘oya necha yildan beri bor. Hali men talabalik vaqtimda, yaʼni 2007 – 2010 yillari u haqda gapirilar edi. Uning yangiligi qolgani yo‘q, lekin shu holicha ham dolzarbligini saqlab qolmoqda. Kelinglar, G7 yoki G5 ni tashkil qilaylik, shunaqa norasmiy sammit, shunaqa norasmiy tashkilot bor. Istalgan narsani tashkil etish mumkin, lekin eng muhimi, u ishlashi kerak. Ammo hozircha sheriklarimiz mintaqaviy integratsiya masalasiga biz kabi nazar tashlayotganini ko‘rayotganimiz yo‘q.
Men bizni qandaydir inqiroz birlashtirishi mumkin, deb taxmin qilishim mumkin. Afsuski, bu – boshlang‘ich ssenariy, biz bu hamkorlikni faol tarzda yo‘lga qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Siz ayganingizdek, istamagan taqdirimizda ham biz shunga mahkummiz. Kelgusida birlashishga majbur bo‘lamiz.
Juda qiziq fikr. Ukrainadagi inqiroz birlashishni boshlashimiz uchun yetarli buhron emasmi?
Savolingizni o‘zingizga qaytaraman. Nega Ukraina inqirozi bizlarni birlashtirishi shart? Men uchun Markaziy Osiyoga nima tahdid qilayotganini bilish qiziq. Albatta, u yerda strategik muammolar, xatarlar bor. Lekin har bir mamlakatning xatarlari boshqasinikidan farq qiladi. Ukrainadagi voqealar sabog‘i Qozog‘iston uchun Tojikiston yoki Turkmaniston chiqaradigan saboqdan butunlay farq qiladi. Shuning uchun Ukraina inqirozi allaqanday birlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishiga ishonmayman. Birlashtiruvchi omil undan ko‘ra suv muammolari bo‘lishi mumkin. Haqiqiy suv tanqisligi boshlansa, bosh urib boradigan joyimiz qolmasa, o‘zaro kelishishimizga to‘g‘ri keladi, chunki Ukraina inqirozi Markaziy Osiyo mamlakatlariga qattiq taʼsir ko‘rsatdi. Agar bizni Afg‘onistondagi inqiroz birlashtira olmagan bo‘lsa… Ha, xavfsizlikni taʼminlash maʼnosida mudofaa vazirliklari orqali muloqotlar faollashdi. Lekin buni integratsiya, yaʼni uning yangi burami yoki bosqichi deb aytish mumkinmi? Afg‘on inqiroziga kelsak, ha, dastlab Afg‘oniston hukumati tez orada yiqiladi, toliblar Markaziy Osiyo chegarasini yorib o‘tadi yoki diniy ekstremizm eksport qilinadi, qabilidagi tahdidlar bo‘rttirib ko‘rsatildi. Bu tahdidlar bo‘rttirib ko‘rsatilgani sababli jamiyatlarda ulkan qo‘rquv hukm surdi. Lekin biz mintaqaviy integratsiya jiddiy olg‘a siljiganini ko‘rmadik. Shuning uchun aynan mintaqadagi qandaydir voqealar, eng avvalo, suv o‘sha birlashtiruvchi sababga aylanadi, deb o‘ylayman.
Markaziy Osiyodagi qalin kooperatsiya haqida yana gapni jinday davom ettirsak, nazarimda, yana bir dolzarb savol tug‘iladi: biz mintaqada kollektiv xavfsizlikning yangi tizimini yaratishimiz kerakmi? Bunday gap-so‘z anchadan beri yurgan edi, ayniqsa, Ukrainadagi vaziyat og‘irlashgan paytda tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi, chunki u hech bir blokka yoki harbiy-siyosiy ittifoqqa qo‘shilmagan davlat edi. Boshqa tarafdan, siz eslab o‘tganingizdek, mintaqada hali hal etilmagan juda ko‘p ichki, mintaqa ichidagi muammolar talaygina va ular kollektiv xavfsizlik darajasiga chiqishga xalal beradi, lekin shunga qaramay… Siz nima deb o‘ylaysiz?
Ha, xavfsizlik masalalari bo‘yicha mintaqaviy muloqot albatta zarur, chunki narkotrafik, diniy ekstremizmga qarshi kurashdan boshlab suv masalalari, iqlim o‘zgarishi masalalar qadar birga ishlash uchun sabab ham, mavzular ham ko‘p. Xullas, muammolar oshib-toshib yotibdi. Shulardan biri chegara bilan bog‘liq. Taassufki, siyosatchilar uni yecha olmayapti. Qirg‘iziston va Tojikistonga oid holatda ikkala tomon ham populizmga yo‘l qo‘yganini ko‘ryapmiz: muzokarachilar qandaydir natijaga yaqinlashib, muammolarni hal etish bo‘yicha mexanizm ham ishlab chiqmoqda, lekin oradan ko‘p o‘tmay voqealar, to‘qnashuvlar sodir bo‘lyapti. Oqibatda ishlab chiqilgan mexanizm dolzarbligini, qilingan ish esa qiymatini yo‘qotmoqda. Shuning uchun xavfsizlik masalasida ham, iqtisodiyot masalasida ham, gumanitar hamkorlik masalasida ham ishlar qalashib yotibdi. G‘oya sifatidagi muloqot istiqbollidir. U, shubhasiz, kerak. U yo‘lga qo‘yilishini juda-juda istaymiz. Lekin haddan ziyod nekbin bo‘lish ham yaramaydi. Hozir zamon juda realistik bo‘lishga, voqea-hodislarga realistik qarashga majbur qilmoqda. Davrimiz ruhi shunaqa.
Gapingizga qo‘shilaman. Bilasizmi, Markaziy Osiyodagi kollektiv xavfsizlikka oid savol yo‘q joydan paydo bo‘lgani yo‘q. Oldingi suhbatlarimizdan birida o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik hamkasblar bilan Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan voqealarni muhokama qilgan edik. O‘sha paytda ular bir qiziq savolni o‘rtaga qo‘ygandi: nima uchun Qozog‘iston yordam so‘rab, O‘zbekistonga murojaat qilmadi? Maʼlum bo‘lishicha, bunday vaziyatlarda harbiy yoki harbiy-texnik yordam ko‘rsatishga asos bo‘ladigan na qandaydir tashkilot va na ikki tomonlama bitim bor ekan. Yaʼnikim, Qozog‘istonning yordam so‘rab faqat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) murojaat qilish imkoniyati bo‘lgan, chunki o‘sha tashkilot doirasida muayyan shartnomalar va bitimlarga qo‘l qo‘yilgan.
Jumabek, keling, suhbatimizga yakun yasash barobarida istiqbolga qarashga urinib ko‘ramiz. Markaziy Osiyoni yaqin kelgusida nimalar kutyapti?
Juda yaxshi savol berdingiz. Nazarimda, yaqin yillarda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston tandemi integratsiya lokomotivi bo‘ladi. Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan munosabatlarida so‘nggi yillarda chindan ham yaxshi dinamika, tuzuk tamoyil ko‘zga tashlanmoqda. Ham iqtisodiyot, ham siyosat, ham xavfsizlik sohasida yorib o‘tish ham – bu iboraning yaxshi maʼnosida – bo‘lyapti, deb aytish mumkin. Bilishimcha, ushbu tandem integratsiya lokomotivi bo‘lib qoladi, bu – yaxshi, chunki integratsiyaga tayyorgarlik, iqtisodiy potensial, demografiya, qurolli kuchlar masalasida ular mintaqaning 2 ta kuchli davlatidir. Bu integratsiyaga intilishlarga quvvat baxsh etadi. Ilk bashorat – shu. Qozog‘iston bilan O‘zbekistonning aloqalari qanchalik muvaffaqiyatli rivojlansa, bu mintaqaviy integratsiya uchun shuncha foydali bo‘ladi. Siz ko‘rsatib o‘tgan jarayonlar, xususan, tashqi vaziyatning yomonlashuvi, menimcha, o‘zbek va qozoq elitalarining kooperatsion kayfiyatini kuchaytiradi. Bu – so‘zsiz.
Ikkinchidan, ko‘p narsa chegara muammolari qanchalik tez hal etilishi yoki tartibga solinishiga bog‘liq, chunki yana integratsiya bilan bog‘liq ishlar jonlansa yaxshi bo‘ladi. Biz bayonot beramiz, qandaydir kelishuvlarga qo‘l qo‘yamiz, lekin so‘ngra chegaralardagi vaziyat keskinlashib, o‘sha impuls yo‘qolib qolaveradi. Shuning uchun Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bu ishni qancha tezlatsa, shuncha yaxshi. Bu ishni ikki tomonlama asosda tezlashtirish, tartibga solish muhim, chunki shu holatdagina integratsiya uyg‘un va hech bir to‘siqlarsiz olg‘a siljiydi.
Keyin tashqi muhit va Afg‘onistondagi vaziyat bor, yana Rossiyadagi, ushbu mamlakat iqtisodiyotidagi vaziyat ham, nazarimda, Markaziy Osiyo kun tartibida turgan masalalarga bevosita taʼsir ko‘rsatadi. Agar Rossiya iqtisodiyotidagi inqirozli vaziyat uzoq vaqt saqlanib qolsa, Markaziy Osiyodan borib, o‘sha yerda ishlayotgan migrantlar taqdiri nima bo‘ladi? Markaziy Osiyoning o‘zidagi ichki vaziyat qanday rivojlanishi ham savolligicha qolmoqda, chunki aynan migratsiya, migrantlar ish kuchini eksport qilish borasida muammolar vujudga kelishi mumkin.
Har bir mamlakatdagi ichki siyosiy o‘zgarishlar haqida gapiradigan bo‘lsak, u yerlardagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borish kerak bo‘ladi. O‘zbekiston bilan Qozog‘istondagi vaziyat aniq. Lekin Tojikistonda hokimiyat almashuvi qay tarzda yuz beradi? Bu – yaqin istiqboldagi eng muhim masalalardan biri. Qirg‘izistonda nima bo‘ladi, chunki bu mamlakatda siyosiy voqealar, o‘zgarishlar boshqa qo‘shnilarimiz bilan solishtirganda, ikki karra tez sodir bo‘ladi. Shuning uchun Dushanbe va Bishkekdagi ichki siyosiy voqealar dinamikasini kuzatib borish juda muhim. Fikrimcha, Turkmaniston har doim sirli qo‘shni sifatida qolaveradi. U yerda nimalar bo‘layotganidan hamisha ham boxabar emasmiz. Lekin biz uchun mamlakatda ichki siyosiy tinchlik va barqarorlik saqlanib qolishi muhim. Men mintaqamiz kelajagini barpo qiladigan muayyan ssenariyni emas, muayyan tamoyillarni shunday tavsiflagan bo‘lar edim.