Spark va Neksiya-3 umuman yo‘q, Kobalt, Damas va Lasettining faqat eng qimmat variantlari taklif etilmoqda
Iqtisodchi Otabek Bakirov:
Kechadan boshlab navbatlar tugatildi va Prezident topshirig‘i bajarildi degan qasamxo‘rligi bilan mashhur monopolist O‘zavtomotorsning @UzAvtoSavdo_bot va UzAutoSavdo ilovasi orqali Spark va Neksiya-3 avtomashinasi bo‘yicha kontraktatsiya qilish imkonsiz bo‘lib qolgani kuzatilmoqda.
Bot orqali buyurtma berilganida “Ma‘lumotlar olish vaqtida xatolik yuz berdi” yozuvi, ilova orqali buyurtma berilganida esa “Proizvodstvo dannoy modifikatsii priostanovleno” xabarnomasi chiqmoqda.
Kobalt, Damas va Lasetti rusumli avtomashinalarni ham o‘zingiz istagan modifikatsiyani tanlay olmaysiz. Masalan, Kobaltning 124,3 mln.so‘mlik, 125,8 mln.so‘mlik modifikatsiyalariga shartnoma yo‘q, yuqoridagi kabi yozuv sizga ro‘para bo‘ladi. Faqat 127,1 mln.so‘mlik Kobaltga qanoat qilishingizga to‘g‘ri keladi, bunda ham yetkazib berish muddati 2023 yil 28 fevral etib belgilangan.
Lasetti bilan ham ahvol shu. “Katta bolalarning mashinasi”ni minmoqchi bo‘lganlar 156,4 mln.so‘mlik eng qimmat variantni tanlashga va kelasi yil 28 fevralgacha kutishga majbur. Boshqa iloj yo‘q.
Mavjud avtolar orasida ayni damda faqat Damas nisbatan ozmi-ko‘pmi imkonli bo‘lib turipti. Qariyb 87 mln.so‘m Damasga to‘lov qilsangiz (ha, shu pulga qasamxo‘r monopolist orqa oynalar tonirovkasini qo‘shib bermoqchi) kelasi yil yanvarda qo‘lingizga tegishi mumkin bo‘ladi.
Manbalar defitsit sunʼiyligi bilan bog‘liq ko‘p ikir-chikirlarni maʼlum qilishmoqda. Lekin hozircha buni oshkor qilib bo‘lmaydi, axir ular hammasi o‘zaro chatishib ketishgan: qoida ham o‘zi, hukumat ham o‘zi, hukm chiqaruvchi ham o‘zi.
P.S. Aytgancha, ishlab chiqarilishi boshlangani eʼlon qilingan Trekker avtomobili bo‘yicha ham kontraktatsiya to‘xtagan. Balki 30 avgust kuni qimmatlashtirilgan holda qaytadan savdoga chiqarishar, kim biladi. Bular 26 yildan buyon mahalliylashtirish safsatasi orqali qimmatlashtirishning hadisini olishgan-ku.