2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
Iqtisodchi Otabek Bakirov:
“Bir yil avval urush boshlangan kuni Ukraina 10 kun, 15 kun turib bersa, keyin Xalqaro huquq va yordam ishga tushadi deb o‘ylagandim. Hatto 10 kungacha soat sanaganman. 96 soat o‘tdi, ko‘pchilikning yomon prognozlari oqlanmadi. Ukraina turib bera oldi”.
O‘zbekiston yuzini saqlab qolgan munosabat
Sobiq tashqi ishlar vazirimiz, o‘zbek siyosatida eng tajribali inson Abdulaziz Komilovning chiqishiga qadar biron o‘zbek rasmiy vakili Ukraina mavzusida munosabat bildirishni lozim topmagandi. Oradan shuncha vaqt o‘tib, ortga qaralsa, aynan Komilovning chiqishi yuzimizni saqlab qolganini tushunsa bo‘ladi. Tarix oldida ham, Xalqaro maydonda ham.
Urush yana bizga ichki og‘riqlarimizni, mafkuradagi muammolarimizni va Strategik vektordagi probellarni ochib berdi. Biz biz bir so‘m sarflamay, jamiyatimiz va davlatimizni diagnostikadan o‘tkazib oldik. Armiyaga nisbatan, xavfsizlikka nisbatan, islohotlar, tashqi savdo va investitsiyalarga nisbatan mutlaqo yangicha qarashlarga muhtoj ekanimiz sezildi. Lekin ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayotgan voqeliklardan dars olmoqdamizmi yoki ko‘z yumib o‘tkazib yuboramoqdamizmi, bilmayman. Shu maʼnoda 31 yil avvalgi berilgan tarixiy imkoniyat bo‘yicha qayta imtihondan o‘tish, o‘tmasligimizni, to‘g‘risi, bilmayman
G‘arb sanksiyalari va O‘zbekiston
2022 yil davomida Ukrainadagi urushning O‘zbekistondagi iqtisodiy vaziyatga salbiy taʼsir ko‘rsatmaganini qayd etiladi. Bir qarashda shunday. Aslida urushning salbiy taʼsiri qator omillarga ko‘ra kechikib yuz berdi va yuz bermoqda. Xo‘sh salbiy taʼsirlarni nimalar kechiktirdi? Eng asosiy omil bu G‘arbning Rossiya importiga qo‘ygan sanksiyalari. Aytish kerakki, importga sanksiyalarga qo‘shimcha ravishda g‘arb kompaniyalarining ommaviy tark etishi, Markaziy bankning antibozor choralari bilan birga qo‘shganda, Rossiya uchun jazo emas, rag‘bat bo‘lib xizmat qildi. Importni to‘xtashi va maʼmuriy kurs juda qisqa muddatda tashqi savdoda Rossiyaning bloklangan oltin valyuta zaxiralari miqdorida ijobiy saldo shakllantirib olishiga imkoniyat berdi. Rublga qo‘shilib Rossiyaning sattelitlari valyutalari ham mustahkamlandi, bu esa xususan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida tovar, pul o‘tkazmalari va investitsiya kanallari vositasida misli ko‘rilmagan pul oqimlari va marjinallikni yaratdi. 2022 yildagi iqtisodiy o‘sishni aynan shu kanallardan quvvat olgan isteʼmol talabi yaratdi. Lekin bu musiqa uzluksiz yangrashi imkonsiz edi.
Kuzdan boshlab G‘arb Rossiyaning eksportiga sanksiyalar qo‘llashni boshladi. Yil oxiriga borib esa nihoyat gaz va neft bo‘yicha sanksiyalar konsensusiga kelindi. Aynan shu harakat Rossiyada byudjet va valyuta muvozanatiga ilk jiddiy zarba aylandi. Bu paytga kelib O‘zbekistonda ham yil davomida vaqtincha yig‘ilgan pul o‘tkazmalari, tovar kanallari va investitsiyalar o‘ziga YANGI qulay manzillarni qidira boshlagandi. Shuning uchun 2022 yil noyabr dekabr va 2023 yil yanvarda importni haddan tashqari o‘sishiga guvoh bo‘ldik. Ovozi pasayib borayotgan musiqani ko‘tarishga imkoniyat topilmagan bir sharoitda, yanvarda energetik krizis yuz berdi. Energetik krizis bo‘lmasa ham iqtisodiy o‘sish sekinlashardi, lekin krizis bu jarayonni ancha tezlashtirib yubordi.
Shunday qilib, 2023 yilning martiga kelib O‘zbekiston daromadlarning qisqarishi oqibatida byudjet muvozanatining izdan chiqishi, eksportning o‘sishdan to‘xtashi, importning o‘sishi yaratayotgan savdo balansi defitsitining keskin o‘sishi, investitsiyalar taqchilligi bilan ro‘para bo‘lmoqda.
Bu nafaqat iqtisodiy siyosatdagi xatolar natijasi, balki urushning kechikkan salbiy taʼsiri bo‘ladi. Urushning salbiy oqibatlari faqat oqibat bilan cheklanmaydi. Uning albatta to‘lovi mavjud va to‘lovlarni qancha erta qabul qilsak, shuncha yaxshi.
Birinchi to‘lov: byudjetning daromad qismini muvozanatlash uchun imtiyozlardan to‘liq voz kechish, xarajatlarni muvozanatlash uchun energetikani subsidiyalashni to‘xtatish va bozorga o‘tish bo‘lishi zarur.
Ikkinchi to‘lov: so‘mning tashqi taʼsir hisobiga real kursini mustahkamlanishiga ortiq ko‘z yumib turmaslik bilan bog‘liq bo‘lish kerak. Gap nima haqida ekanligini tushunganlar tushunadi. Savdo defitsitini kamaytirishning maʼmuriy yo‘llariga burilib ketish teskari samara beradi/
Uchinchi to‘lov: tashqi qarz (hamon berishga ishqibozlar va olishga ishqibozlar topiladi) olish orqali investitsiyalarni rag‘batlantirish yo‘lidan yurmaslik kerak. Ha, iqtisodiyot kichrayadi, lekin sog‘lomlashadi ham. Baʼzida iqtisodiyot qisqarishiga ham yo‘l qo‘yib berish kerak.
