O‘zbekiston mudofaa sanoatini mustahkamlab, armiyani modernizatsiya qiladi

O‘tgan yili Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan Markaziy Osiyo davlatlari o‘z mudofaa salohiyatini kuchaytira boshlagan.

O‘zbekiston yangi turdagi qurollar va qo‘sh maqsadli texnologiyalar bilan o‘z harbiy mahsulotlarini ishlab chiqarish va xorijdan import qilish orqali Qurolli kuchlarini modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda.

31 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli kuchlarini qurollantirish bo‘yicha yangi davlat komissiyasini tuzish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Yangi komissiyaga Prezidentning o‘zi boshchilik qiladi. Komissiya mudofaa sohasidagi davlat xaridlarini tasdiqlash, Qurolli kuchlarni harbiy va qo‘sh maqsadli mahsulotlar bilan taʼminlash dasturlarini ishlab chiqish, mudofaa sohasidagi korxonalar faoliyatini tartibga solish, yangi korxonalar tashkil etish (jumladan, xorijiy sheriklar bilan hamkorlik qilish orqali) va moliyalashtirish manbalarini belgilash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, 2017 yilda tuzilgan Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi o‘rniga Mudofaa sanoati agentligi tashkil etiladi.

Agentlik ilmiy izlanishlar, shuningdek, loyiha va tajriba-sinov ishlarini tashkillashtiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi komissiya va agentlikning tashkil etilishi O‘zbekiston qurolli kuchlari infratuzilmasini eng yuqori darajaga olib chiqishga qaratilgan.

Ushbu islohotlar doirasida O‘zbekiston mamlakatda ishlab chiqarilayotgan harbiy va qo‘sh maqsadli mahsulotlarning bir qismini eksport qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Ayni paytda yangi davlat korxonasi – «O‘ztextreyd» qurol-yarog‘ va texnologiyalarni import qilish bilan shug‘ullanadi.

Xorijiy hamkorlar bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni davom ettirish, mudofaa sanoatiga xorijiy sarmoyalarni jalb etish ham ustuvor yo‘nalishlardan biridir.

Markaziy Osiyoda birinchi

Eslatib o‘tamiz, Global Firepower‘ning yangilangan reytingida O‘zbekiston armiyasi harbiy salohiyat bo‘yicha 145 ta davlat orasida 62-o‘rinda qayd etilgan.

Mutaxassislar qurolli kuchlarni oltmishdan ortiq parametrlar bo‘yicha baholagan. Ularning asosiylari qatorida mudofaaga mablag‘ sarflanishi darajasi, texnik taʼminot, armiya soni, tanklar, kemalar, samolyotlar va boshqa harbiy texnikalarning miqdori, neft mahsulotlari mavjudligi, davlatning geografik xususiyatlari, ishlab chiqarish va baʼzi resurslarning isteʼmoli, logistik imkoniyatlar kabi mezonlar hisobga olingan.

Reytingga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston armiyasi harbiy salohiyat bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan. Chegaradosh mamlakatlar: Qozog‘iston 63-o‘rin, Turkmaniston 82-o‘rin, Qirg‘iziston 107-o‘rin, Afg‘oniston 114-o‘rin, Tojikiston esa 120-o‘rinda qayd etilgan. O‘zbekistonning mudofaa byudjeti 692,5 mln dollarga baholangan.

Sobiq SSSR davlatlari orasida O‘zbekiston beshinchi o‘rinni egallab, Rossiya (2-o‘rin), Ukraina (15-o‘rin), Ozarboyjon (57-o‘rin) va Belarus (60-o‘rin) armiyalaridan ortda qoldi.

Tahdidlarni aniqlash

O‘zbekiston hukumati armiyani qurol-yarog‘ bilan taʼminlash masalasi uchun to‘g‘ri vaqtni tanladi, deydi Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tashkiloti direktori Alisher Ilhomov.

“Bugungi notinch pallalarda, ayniqsa, Moskvaning neoimperial siyosati va Ukrainadagi urush nuqtai nazaridan, bu dolzarb muammoga aylanib bormoqda”, dedi u.

Ilhomov bir qancha asosiy jihatlarni sanab o‘tdi.

Birinchidan, Ukrainadagi urush NATO qurollari va harbiy texnologiyalarining Rossiya qurolli kuchlarinikidan ustun ekanligi ko‘rsatdi.

Ikkinchi masala – texnologiya yoki butlovchi qismlarning mintaqaga taʼsir o‘tkazishda davom etayotgan Rossiyaga chiqib ketishi xavfini inobatga olib, NATO bunday qurollarni O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo respublikalari bilan bo‘lishadimi yoki yo‘qmi?

Uchinchidan, O‘zbekiston qurol ishlab chiqarish va xarid qilishni rejalashtirar ekan, mamlakat xavfsizligiga tahdidlar qayerdan kelib chiqayotganligi va ularning mohiyatini hisobga olishi kerak.

Bu tahdidlar ikki tomondan: Rossiya va Afg‘onistondan bo‘lishi mumkin, deydi Ilhomov.

“O‘zbekiston Rossiya bilan chegaradosh bo‘lmagani uchun Rossiyadan tahdid asosan samolyotlar yordamida olib kelinadigan qo‘poruvchi guruhlar ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin”, deb qo‘shimcha qildi u.

Afg‘onistonga kelsak, terrorchi yoki qo‘poruvchi guruhlarning kirib kelishidan xavotir bor, deydi u.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tegishli qurollar va texnologiyalarga muhtoj.

Eng avvalo, razvedka, jumladan, sunʼiy yo‘ldosh razvedkasi uskunalari zarur. Bundan tashqari, kamikadze dronlar, zirhli piyoda jangovar mashinalari, minomyotlar, tungi ko‘rish asboblari va havo hujumidan mudofaa tizimlariga ehtiyoj katta, dedi Ilhomov.

O‘zbekiston nima ishlab chiqara oladi?

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekiston o‘z hududida eng yuqori texnologik qurollarni ishlab chiqara olishi dargumon, deydi Ilhomov.

Ammo, O‘zbekiston G‘arb, Turkiya yoki Isroil litsenziyalaridan foydalanib, dronlar hamda 5-6 km masofaga uchuvchi, qisqa masofali minomyotlar uchun o‘q-dorilar yaratishga to‘liq qodir.

Shuningdek, u o‘zi xarid qilgan yuqori texnologik qurollarga texnik xizmat ko‘rsatish va taʼmirlash uchun logistikani tashkillashtira oladi.

O‘zbekiston harbiy-sanoat majmuasida Beshta korxona faoliyat yuritadi. Samolyotlar va zirhli texnikani taʼmirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatishdan tashqari, ularda yengil zirhli texnika, dronlar, tungi ko‘rish asboblari va bir qator jangovar modullar ishlab chiqariladi.

2022 yilda “Lochin” mahalliy dronlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu dronlar qo‘sh maqsadli mahsulot namunasidir. O‘zbek “lochinlari” fuqarolik maqsadlari bilan bir qatorda, razvedka, dushmanga qarshi hujumlar va artilleriya uchun nishonlarni aniqlashtirish kabi harbiy maqsadlarda ham qo‘llaniladi.

2021 yilda sakkiz o‘rinli “Qalqon” yengil zirhli mashinalari sinovdan o‘tkazilgan.

Bu mashinalar razvedka ishlari, harbiy xizmatchilarni tashish, yuklarni yetkazib berish va yaradorlarni evakuatsiya qilishda ishlatilishi mumkin. Ularni olomon nazoratini taʼminlash uchun maxsus operatsiyalarda ham qo‘llash mumkin.

Ushbu transport vositalariga oid tadqiqot loyihasi 55 million dollarga tushgan, deb xabar bergan edi Gazeta.uz 2021 yili.

Pozitiv hamkorlikka intilish

O‘zbekistonning o‘z armiyasini qayta qurollantirish haqida o‘ylay boshlaganiga asosiy sabab Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bo‘ldi, deydi Shvetsiyada yashovchi o‘zbekistonlik siyosatchi Po‘lat Oxunov.

“Ukrainadagi voqealar yangi urushlarning mutlaqo boshqacha texnik va zamonaviy infratuzilmani talab qilishini ko‘rsatdi. Shu bois Toshkent ham bu haqda o‘ylay boshladi”, deydi u.

O‘zbekiston qaysi davlatlar bilan hamkorlik qilishi kerak?

Faqat NATO davlatlari, dedi u boshqa hech kimda bunday zamonaviy harbiy texnika yo‘qligini taʼkidlab.

Ammo bu masalaning bitta lekini bor.

“Bunga O‘zbekiston rahbariyatining Kremlga yaqinligi to‘sqinlik qilishi mumkin, chunki G‘arb harbiy texnologiyalar ruslarga o‘tib ketishidan qo‘rqadi”, deydi Oxunov.

Vaholanki, AQSH allaqachon O‘zbekistonga harbiy texnika yetkazib bermoqda.

2018 yilda ikki mamlakat mudofaa sohasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan harbiy hamkorlikning birinchi besh yillik rejasini ilgari surgan.

2022 yil oktyabr oyi oxirida AQSH O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga umumiy qiymati 2,8 million dollarlik 50 dona Polaris MRZR yengil taktik jangovar mashinasini topshirdi.

O‘tgan oy AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik o‘zbek chegarachilariga umumiy qiymati 600 ming dollarlik 225 dona FLIR termal monokulyarini topshirgan edi.

Ukrainadan olingan saboqlar

Ukrainadagi urush Markaziy Osiyo davlatlarining harbiy va strategik tafakkuriga kuchli taʼsir o‘tkazmoqda, deydi toshkentlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

“Eʼtibor bering, 2022 yilda Qozog‘iston o‘zining harbiy va strategik siyosatini qayta ko‘rib chiqdi va qayta qurollanishga katta moliyaviy resurslar ajrata boshladi”, dedi u. «Shuningdek, mintaqa mudofaa qobiliyatini kuchaytirish va dronlar uchun uskunalar xarid qilishda Turkiya bilan hamkorlik qilmoqda”.

Ukrainadagi urush turtki bo‘lmaganida ham, Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘z mudofaa sanoatini strategik rivojlantirishga eʼtibor qaratishi o‘rinli bo‘lardi, deydi u.

Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida shimoldagi Rossiyadan tashqari, sharqda tobora kuchayib borayotgan Xitoy, janubda esa beqaror Afg‘oniston bor.

“Mintaqa davlatlarining mudofaa salohiyatini oshirish va bir-biri bilan hamkorlik qilishdan boshqa chorasi yo‘q”, deydi Rabbimov. “Qozog‘iston va O‘zbekiston so‘nggi ikki yildan beri shu yo‘ldan bormoqda”.

Rustam Temirov