UzAvtoning navbatdagi nayrangi: Mahalliylashtirish niqobi ostidagi chayqovchilik

Yiliga 30 ming dona va narxi 3000 dollarlik elektromobil vaʼdasi bilan boshlangan yolg‘on: mahalliylashtirish doim milliy chayqovchilik bilan yakun topadi

O‘tgan kuni shu paytgacha avtomobillar bilan olib sotarlik qilib kelgan milliy monopol chayqovchi UZAVTO bundan buyon elektromobillar bilan chayqovchilik faoliyatini rasman boshlayotganligini eʼlon qildi. Shishirilgan narxlari qariyb 60 ming dollargacha yetadigan takliflar bozor yoki keng isteʼmolchilar uchun emas. Avval ham yozganimizdek, davlatni va byudjetni emish uchun. Chunki shu yilning o‘zida keti nozik o‘zbek chinovniklari ixtiyoriga kamida 800 ta elektromobil va gibrid yetkazib berilishi kerak.

Elektromobillar bilan bog‘liq keys O‘zbekistonda har qanday mahalliylashtirish, bu maishiy texnika ishlab chiqarishmi, avtomobilmi, bolalar tagligimi yo metall prokatmi yakunda monopol chayqovchilik huquqini egallash bilan yakun topishini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Keling shu o‘rinda elektromobillar ishlab chiqarish va mahalliylashtirish afsonasi qanday to‘qilgani tarixiga qisqa nazar tashlaymiz:

2018 yil. Buxoro. Xitoyning Henan Suda kompaniyasi elektromobillar ishlab chiqarishni boshlashi mumkin. Loyiha 64 mln.dollar. O‘shanda elektromobillar Neksiya va Spark narxida bo‘lishi ham aytilgandi.

2018 yil. Andijon. Janubiy Koreya kompaniyasi Asakada elektrokarlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Qiymati 2 mln.dollar.

2019 yil. Qo‘qon. Shaffof omadli sanoat va Xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiradigan loyihaning umumiy qiymati 30 million AQSH dollari. Elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘ladi

2021 yil. Yana Buxoro. «Ideal Lift» MCHJ va Janubiy Koreyaning Songuo Mobility Innovation CO, LTD. kompaniyasi bilan hamkorlikda viloyatda elektromobillarni ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Loyiha qiymati 1,21 mlrd.dollar. Yillik quvvati 30 ming dona elektromobil.

2021 yil. Farg‘ona. Xitoyning «Great Wall Ceramic Industries» kompaniyasi bilan 2022 yilda yakunlanadigan loyiha natijasida 350 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. To‘la quvvati bilan ishga tushgach, korxonada yiliga 10 ming elektromobil ishlab chiqarilishi mumkin.

Sanalganlar faqat tashriflar davomida ko‘z-ko‘z qilingan loyihalar. O‘nlab, yuzlab to‘qilgan va yasama loyihalar singari bular ham amalga oshmagan. Bironta o‘zbek elektromobili ishlab chiqarilmagan.

Lekin, elektromobillar importi tobora bir qo‘lli bo‘lib, uning savdosi bir qo‘lga jamlanmoqda. Chunki boshdanoq asl reja shunday bo‘lgan. Mahalliylashtirish niqobi ostidagi chayqovchilik. Sinalgan usul.

Manba