2000-yili Toshkent Moliya institutini bakalavr va 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Aniq, lo’nda va keskin, o‘yindan tashqari fikrlar egasi. the_bakiroo telegram kanali muallifi, iqtisodchi/bloger.
“Davletovuz”ning davlat poliklinikasidagi holat bo‘yicha tviti nafrat aralash savolli mulohazalarni qayta jonlantiradi. Maktablar yetishmovchiligi haqida ko‘p yozamiz. Lekin pariteti bo‘yicha poliklinikalar yetishmovchiligi muammosi Undan ham badtar.
Bu haqda kam yozilishi sabablari bor
Davlat poliklinikalari xizmatidan homilador va bolali ayollar hamda qariyalar ko‘proq foydalanishadi. Ular ijtimoiylashmagan. Ijtimoiy faol yoshlar va muammolarni ko‘taruvchi fuqarolarning aksariyatining poliklinikalarga ishi tushmaydi.
Tong yorishmasdan aholi massivlaridagi poliklinikalariga boring. Hali ish boshlanmagan, hamshira-yu, vrachlar ham yo‘q. Lekin homilador va bolali ayollar, qariyalarning uzun navbatini ko‘rasiz. Nega ertalabdan? Chunki aksar malakali vrachlar davlat poliklinikalarida 0,25 yo 0,5 stavkada ishlaydilar. Albatta ular ish vaqtini tongi smenga qo‘ydirishadi. Keyin esa asosiy daromad olinadigan xususiyga yo‘l olishadi.
Ayb shifokorlardami? Yo‘q albatta. Oddiy hisob-kitob qilib ko‘rilganda ham, masalan, malakali bolalar vrachi va ayollar kasalliklari bo‘yicha vrachning davlat poliklinikasi beradigan va xususiy shifoxona taklif etadigan maoshi 4-5 barobargacha farqlanadi. Ayb miyasi chirigan o‘zbek chinovniklarida.
Birinchidan, ularning aksari, vrachni kasallar boqib oladi deb o‘ylaydilar. Lekin, o‘zini hurmat qiladigan vrach kasal qo‘liga qaramaydi. Pullik asosda xizmat ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, xususiyga borib rasman to‘lov asosida davolaydi.
Ikkinchidan, infratuzilma yetarli emas. Yaqin yillarda yangi poliklinikalar ishga tushirilgani yo‘q, boriyam faqat remont qilinmoqda. Yaʼni ularning quvvati oshayotgani yo‘q. Chinovniklar esa raqamlashtirish bilan muammoni yechmoqchi. Amalda bu jismoniy bardakni raqamli bardakka aylantirmoqda.
Hamma muammoda muammoni yechishni emas, pul qilishni ko‘zlaydigan chirigan chinovniklar masalan, poytaxtda poliklinikalar muammosini vagon konteynerlar (https://t.me/the_bakiroo/5867) bilan yechmoqchi.
Nima qilish kerak?
Birinchidan, tibbiyotga qoldiq, pul qolsa moliyalashtirish bilan qarashni bas qilish kerak. Oliy toifali vrachlar maoshlarini kamida uch barobarga oshirish lozim (vaʼda qilingan ming dollar). Shu yilning o‘zida va keyinchalik bozorga qarab (imkoniyatga qarab emas) oshirib borish lozim.
Ikkinchidan, poliklinikalar yetishmovchiligi muammosini manzilli tarzda aniqlashtirish va to‘laqonli yangilarini qurishni boshlash zarur. Konteyner bu poliklinika emas.
Uchinchidan, o‘zbek chinovniklari uchun hukumat poliklinikalari va hukumat kasalxonalari tizimi tugatilishi zarur. O‘zbek chinovnigi, uning bola chaqasi, ayoli, ota-onasi xalq borayotgan poliklinikaga va kasalxonaga borishi zarur.
Soliq to‘lovchilar hisobidan yashaydigan hokim, vazir va amaldorlar ixtiyoridagi maxsus izzat, alohida ko‘rik va qarovdan iborat meditsinaning mavjudligi chinovniklarning tibbiyotga nisbatan munosabatini shunday past darajaga tushirgan. O‘zbek chinovnigi bo‘qog‘ini oldirgan Germaniyaga, yuragini operatsiya qilishga Isroilga soliq to‘lovchilar hisobidan emas, borsa o‘zining hisobidan borishi kerak.
Masalan men hali Surxondaryoning Qumqo‘rg‘onidan bo‘lgan Qurbonboy buvani hukumat tibbiyot samolyotiga o‘tkazib Germaniyaga davolangani yuborganini eshitmadim.
Lekin har hafta, har oy maxsus samolyotlar soliq to‘lovchilar hisobidan yuragi yo oshqozoni emas, aslida miyasi kasal chinovniklarni chetga davolagani tashiydi.
Nima demoqchiman. Chinovniklar bu xizmatkor. Xalq esa Xo‘jayin.
Meditsinada ularning o‘rni almashib qolgan (boshqa ijtimoiy sohalarda ham). Adolat qaror topishi uchun meditsina Xo‘jayinlar uchun, xalq uchun bo‘lishi zarur. Xizmatkorlarga esa, yaʼni chinovniklarga, masalan konteyner ham bo‘laveradi.
