Prezidentning Moskvaga borishi yangilik bo‘ldimi?

Siyosiy jarayonlar nihoyatda intensivlashib ketayapti. Prezidentlik saylovlari kutilayotganligini bilardik. Lekin oktyabr oylarida bo‘lishini taxmin qilardim. Yo‘q, ikki oy ichida bo‘ladi ekan. Lekin, umuman, prezidentlik saylovlarining bo‘lishi – yangilik bo‘lmadi. Bu borada, o‘tgan yili qaror qabul qilinganligini bir jurnalist akamiz aytgandi. O‘tgan yili, referendumdan so‘ng prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi rejalangan ekan. Faqat, “ikki oy ichida” degan fikr shu yil paydo bo‘ldi, nazarimda.

Prezidentning Moskvaga borishi – yangilik bo‘ldi

Bir hafta oldin eʼlon qilingan maʼlumotlarga ko‘ra, faqat Japarov borishi aytilgandi. Qolgan Prezidentlar bormasligini rasman eʼlon qilishmasa-da, norasmiy shaklda, bildirilgan edi. Aftidan, Moskva telefon orqali juda jiddiy bosim qilgan shekilli, Tojikiston, Qozog‘iston davlat rahbarlaridan keyin, O‘zbekiston Prezidenti ham Kremlda.

Rossiyada Qozog‘istonga qarshi juda kuchli informatsion hujumlar bo‘layapti. Sabab – Qozog‘iston Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tish borasida aylanma sxemalardan bosh tortgan. Ungacha esa, yaqinda BMT Bosh assambleyasida Qozog‘iston “Rossiya – tajovuzkor davlat” degan mazmundagi pozitsiyaga ham, “ha” deb ovoz bergandi. To‘qayev vaziyatni yumshatish uchun Moskvaga borishni lozim topgan. Tojikiston va O‘zbekiston esa, Putinni asabini chiqarib, yo‘q joydan muammo yaratishni istamaydi.

Nega Rossiya 9-mayni bu qadar katta bayram qiladi?

Sababi, faqat Gitler Germaniyasidan sog‘-omon qolganida emas. Balki, ikkinchi jahon urushidan keyin, SSSR nomi ostidagi tarixiy Rossiya, bir tomondan o‘zini ichki ziddiyatlarini yengdi. Hali qovushmagan SSSR Gitlerga qarshi birlashdi, ichki birlik paydo bo‘ldi. Separatizm pasaydi.

Ikkinchi tomondan, Rossiya imperiyasi kengaydi. Yangi hududlar sifatida Boltiq bo‘yi respublikalarini mustamlaka qildi. Varshava kelishuvi nomi ostida, sharqiy Yevropa va dunyo davlatlari ustidan o‘z taʼsirini kuchaytirdi.

Demak, 9-may Rossiya uchun, bu imperiyani mustahkamlash, kengayishi va global hukmronlikka o‘tish davri hisoblanadi. Shuning uchun, 9-may, Rossiya uchun – global hokimiyatni, qudratni qumsash bayrami. Imperiyachilikni xumori tutganda, 9-may kuni, qizil maydonda eski, chang bosgan kostyumni kiyin, zanglagan medallarini taqib, boshqalarni qo‘rqitishni istaydi. Lekin imperiya so‘nmoqda.