Davlat byudjeti defitsiti 29 trln.so‘mdan yoki YAIMning 6,1%idan oshib ketgan

Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi maʼruzasidan kelib chiqilsa, 2023 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, davlat byudjetining defitsiti 29 trln.so‘mga yetgan. Lekin hukumat vakili defitsit degan so‘zni maʼruzada ishlatmagan.

Demak, o‘tgan 6 oyda davlat byudjeti daromadlari 100 trln.so‘mni, davlat byudjeti xarajatlari 129 trln.so‘mni tashkil etgan (boshqa batafsil maʼlumot keltirilmagan). O‘tgan yilning tegishli davri bilan solishtirilsa, daromadlar kamtargina 8,1%ga, xarajatlar esa juda tez 25,2%ga o‘sgan.

Yalpi ichki mahsulot 2023 yil yarim yilligi bo‘yicha 469,9 trln.so‘mni tashkil etgani hisobga olinsa, davlat byudjeti defitsiti deyarli 6,2%ga yetgani maʼlum bo‘ladi.

2023 yil byudjetiga oid qonunga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan byudjeti cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilangan. Maʼruzada konsolidsiyalashgan byudjet maʼlumotlari ochiqlanmagan. Mundarijasiga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti davlat byudjeti defitsitidan ham ancha yuqori bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Eslatib o‘tamiz, butun 2023 yil bo‘yicha Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari defitsiti 24,7 trln.so‘m, konsolidatsiyalashgan byudjet defitsiti 32,5 trln.so‘m prognoz qilingan.

Keskin oshgan defitsitning qoplash manbalari haqida so‘z ochilmagan.

Byudjet kodeksi qoidalariga ko‘ra, 2023 yil byudjetiga oid qonunga allaqachon o‘zgartirishlar kiritilishi kerak edi. 2022 yil byudjetiga yil tugashiga bir kun qolganida 2022 yil 30 dekabrda o‘zgartirishlar kiritilgan.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda byudjet intizomi butunlay izdan chiqib bo‘lgan, amalga oshirilgan xarajatlar xarajatlar ishlatib bo‘lingach, yaʼni postfaktum maʼqullanishi normaga aylangan.

Navbatchi deputatlar byudjet ijrosi va mundarijasi bo‘yicha mohiyatan bironta savol yo eʼtiroz bildirishmagan.