Rossiya o‘ziga yaqin monopolistlarni qo‘llab-quvvatlaydigan benzin o‘yinlarini davom etadi

Rossiya hukumati to‘satdan neftni qayta ishlash zavodlarida taʼmirlash ishlarini boshlash bahonasida benzin eksporti cheklovlarini kiritmoqda.

Cheklovlar 1 martdan 1 sentyabrga qadar davom etadi va bu taqiqlar YEOII, Mo‘g‘uliston, O‘zbekiston hamda bosib olingan Abxaziya va Janubiy Osetiyaga taalluqli bo‘lmasligi qayd etilmoqda.

Bundan avvalgi taqiqlar o‘tgan yili sentyabrdan noyabrgacha davom etgandi.

Rossiyaning energetika tovarlarini qurol va bosim vositasi o‘laroq ko‘rishi birinchi marta emas. Rossiya bu bilan nafaqat unga bog‘langan mamlakatlarning ichki siyosatiga katta taʼsir o‘tkazadi, shuningdek, doimiy ravishda shu mamlakatlarda o‘ziga moyil energochinovniklar va yoqimli bo‘lgan monopoliyalarni ham quvvatlaydi. Chunki cheklovlar vaqtida mustaqil xususiy subyektlar o‘zaro kelishuvlardan tashqari ochiq bozorda bitimlarni amalga oshira olishmaydi.

Ochiq manbalardagi uzuq-yuluq maʼlumotlarga ko‘ra, Rossiya benzinining O‘zbekistonga importi O‘zbekneftegaz sho‘basi, Sanoat Energetika Guruhi MCHJ va SDK Group And MCHJ tomonidan nazorat qilinadi.

Afsuski, o‘zbek statistikasi benzin importi bo‘yicha mamlakatlar kesimida maʼlumot bermaydi. Lekin 2021 yilgacha bo‘lgan davrda Rossiyadan benzin importi jami importning 50%ini ham tashkil etmagan. Import geografiyasi Turkmaniston va Qozog‘istondan tashqari Iroq va Eronni ham qamrab olgan edi.

2022 yildan urush boshlangandan so‘ng, O‘zbekistonning Rossiya benziniga qaramligi keskin orta boshladi. Norasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 2023 yilga kelib qo‘shni Turkmanistondan benzin importi karrasiga kamayib, statistik xatolik darajasigacha pasaygan va hatto keyingi oylarda to‘xtatib qo‘yilgan. Qozog‘istondan benzin importi esa 2022 yilda to‘xtatilgan.

O‘zbek energetiklari mamlakat energetik xavfsizligini taʼminlash, barqaror yetkazib beruvchilar geografiyasini kengaytirish va raqobatni rag‘batlantirish o‘rniga Rossiyaga qaramlikni oshirishni maʼqul ko‘rib kelishmoqda.