Qirg‘izistondagi siyosiy parokandalik: tasodif yoki odat?

Belarusdagi ommaviy namoyishlar va Kavkazdagi hududiy muammolar tugamasdan, qo‘shni mamlakat Qirg‘izistonda siyosiy parokandalik boshlanib ketdi. Mamlakat sanoqli kunlar ichida muhim siyosiy voqealarni boshidan kechirdi: 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari soxtalashtirilishi oqibatida vujudga kelgan tartibsizliklar, saylov natijalarining bekor qilinishi hamda prezident Sooronbay Jeenbekovning isteʼfosi natijasida vujudga kelgan siyosiy kuch bo‘shlig‘i shular jumlasidandir. Mustaqillik tarixida ikki marotaba siyosiy beqarorlikni boshidan kechirgan qo‘shni mamlakatni kuzatib, ushbu o‘zgarishlar qarshisida hayron qolgan ko‘pchilikni bir savol qiynayotgan bo‘lsa ajab emas: Markaziy Osiyodagi demokratiya orolchasi deb taʼriflanadigan Qirg‘iziston uchinchi marotaba siyosiy to‘ntarishni boshidan kechiryaptimi?

Saylovdan keyingi holat

Bugungi siyosiy inqiroz zamirida 2020 yil 4 oktyabrda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari yotgani ko‘pchilikka maʼlum. Saylovda bir palatali milliy parlament, Jo‘qorg‘i Keneshning 120 o‘rini uchun o‘n olti partiya kurash olib bordi. Sobiq prezident Jeenbekov hech bir partiyani qo‘llab-quvvatlamasligini bir necha bor taʼkidlagan bo‘lsada, sobiq hukumat amaldorlari va badavlat ishbilarmonlardan tashkil topgan “prezident tarafdorlari uchligi” – “Birimdik” (“Birlik”, prezidentning ukasi Asilbek Jeenbekov), «Mekenim Qirg‘izstan» («Vatanim – Qirg‘iziston», korrupsiya sxemalarining “meʼmori” deb nom olgan bojxona xizmati boshlig‘ining sobiq muovini Raimbek Matraimov) va Qirg‘iziston partiyalarining saylovda 58 foiz ovoz orqali boshqa yirik partiyalarni sahnadan chetlatib, parlamentning 88 foiz o‘rniga daʼvogarlik qilishi saylovning adolatli o‘tganini shubha ostiga qo‘ydi.

Sadir Japarov va Sooronbay Jeenbekov foto:sputnik

Saylov natijalari eʼlon qilinishi ortidan respublika poytaxti Bishkek markazida boshlangan namoyishlar, bir qator rasmiy muassasalarni qamal qilinishi hamda ommaviy zo‘ravonlik va talon-tarojlik harakatiga ulanib ketdi. Vujudga kelgan siyosiy tartibsizliklar Markaziy saylov komissiyasini saylov natijalarini bekor qilishga, bosh vazir boshchiligidagi hukumatni esa isteʼfoga chiqishga majbur qildi. Shuningdek, namoyishchilar qamoq jazosini o‘tayotgan sobiq prezident Almazbek Atambayev hamda Sadir Japarovni hibsdan ozod qilishdi.

Amaldagi hukumat isteʼfosi mamlakatning siyosiy boshqaruvini so‘roq ostida qoldirdi: nafaqat tashqi dunyo, balki oddiy qirg‘iz xalqi ham mamlakatni ayni damda kim boshqarayotganini bilmas edi. Natijada, vujudga kelgan vaziyatdan foydalanib siyosiy bo‘shliqni to‘ldirish uchun sahnaga yangi siyosiy daʼvogarlar chiqa boshladi. Mamlakatning siyosiy taqdiri kuch uchun kurashayotgan uch guruh qo‘lida qoldi: 1) kichik mehmonxonada parlamentning favqulodda yig‘ilishini o‘tkazib, Sadir Japarovni Bosh vazir sifatida tayinlagan amaldagi deputatlarning bir qismi, 2) eski poraxo‘r siyosiy elitani hukumatdan tozalash istagida birlashgan va siyosiy tajribasiz yoshlardan tashkil topgan Xalq Muvofiqlashtirish Kengashi va 3) amaldagi prezident Sooronbay Jeenbekov isteʼfosi talabi bilan chiqqan amaldagi muxolif partiyalardan iborat Muvofiqlashtirish Kengashi. Va nihoyat, Sadir Japarov 15 oktyabrda prezident Jeenbekov isteʼfoga chiqqandan so‘ng, parlament spikeri prezidentlik vazifalarini bajarishdan bosh tortgandan keyin amaldagi prezident hamda bosh vazir lavozimini egalladi.

Sooronbay Jeenbekov Foto:AFP 2020

Siyosiy beqarorlik tarixiga nazar

Xalq namoyishlari natijasida siyosiy hokimiyatning o‘zgarishi Qirg‘iziston uchun mutlaq begona emas. 2005 yil mart oyida mamlakatning birinchi prezidenti Asqar Akayev xalq namoyishlari bosimi ostida hokimiyatdan ketishga majbur bo‘lgan edi. Siyosiy kuchi turli hududiy guruhlar orasida siyosiy muvozanat saqlashga qurilgan Akayevning hokimiyatni asta-sekin o‘z nazorati ostida to‘plashi hamda 2005 yilgi parlament saylovlarida oila aʼzolarini siyosiy sahnaga olib kirishga urinishi uning siyosiy karyerasiga yakun yasagan edi. Xalq harakatlari esa Akayev mamlakatni tark etishi bilan so‘nib, yetakchilik yana eski siyosiy elita qo‘liga o‘tdi.

Askar Aqayev foto:ru.reporter.kg

Huddi bugungi kunda sodir bo‘layotganidek, muxolifat vakillari Kurmanbek Bakiyevni Bosh vazir vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida tanlashdi. Bakiyev 2005 yil iyun oyida o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘olib chiqib, hukumat tepasiga keldi. Ammo, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, o‘zgarishlar mohiyatan emas, faqat ismlarda ekanligi ayon bo‘la boshladi: hokimiyatni egallagan Bakiyev sobiq prezident Akayev singari hukumat tarkibiga qarindosh va oila aʼzolarini jalb qilib, boshqaruvda ko‘plab korrupsion uslublarga qo‘l ura boshladi. Natijada Bakiyev ham 2010 yilgi xalq namoyishlaridan so‘ng hokimiyatdan chetlashtirildi.

Qurmanbek Bakiyev foto:Af.mil

Mustaqillik tarixida ikki marotaba siyosiy bo‘hronlarni boshidan kechirgan Qirg‘iziston siyosiy barqarorlik uchun 2010 yil yangi siyosiy tajribaga qo‘l urdi: davlat konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarish natijasida mamlakat parlament va prezident kuchi muvozanatini saqlaydigan siyosiy boshqaruv shakliga o‘tdi. Ammo, bugungi parokandali vaziyat parlamentar boshqaruv tizimi ichki siyosiy barqarorlikni faqatgina Almazbek Atamboyevning 2011-2017 yillardagi siyosiy rahbarligi davrida taʼminlanganidan dalolat bermoqda.

Almazbek Atamboyev foto:dw.com

Nega Qirg‘istonda siyosiy parokandalik surunkali kasallikka aylandi?

Xo‘sh, Qirg‘iziston nega doimo takrorlanib turadigan siyosiy parokandalikdan qiynaladi? Mashhur olim, agar maʼlum voqea bir marta sodir bo‘lsa – bu baxtsiz hodisa, ikkinchi marta – tasodif, uchinchi martada esa odatga aylanadi, degan edi. Qirg‘izistonda uchinchi marta sodir bo‘layotgan siyosiy parokandalik ham aslo tasodif emas, balki u odatga aylandi. Parokandalikning tez-tez takrorlanib turishi bu odatning chuqur ildizi borligini anglatadi. Qirg‘izistonning “siyosiy odati” zamirida bir necha muhim omil yotadi.

Bulardan biri bu siyosiy kuchning turli hududiy guruhlar orasida bo‘linishidir. Aslida, mamlakat ichki siyosatidagi guruhiy bo‘linmalar Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yot emas. Ammo bu Qirg‘izistonda o‘ziga xos tarixga ega. 1990 yillar yakunida turli millatlar orasidagi chiqqan janjallar tufayli Qirg‘iziston Kommunist partiyasining rahbari Masaliyev o‘z lavozimidan chetlatilgach, sobiq ittifoq markazi respublikada yangi siyosiy rahbar tayinlash jarayoniga aralashmasdan, uni o‘z holiga qo‘yib qo‘yadi. O‘z navbatida, bu vaziyat siyosiy kuchning yagona markazda mustahkamlanmasdan, turli guruhlar orasida taqsimlanishiga olib kelgan. Elita yahlidligi hamda mustahkam davlat tuzulmasini shakllantirib ulgurgan qo‘shni Qozog‘iston va O‘zbekistondan farqli ravishda, Qirg‘izistonning siyosiy taqdiri manfaatlar qarama-qarshiligi natijasida tarqoq holga kelgan siyosiy guruhlar qarshisida qolib ketadi.

Absamat Masaliyev foto:sputnik.kg

Tarixiy meros natijasida paydo bo‘lgan va bugungi kunda “Shimol va Janub” shaklida namoyon bo‘ladigan siyosiy bo‘linishlar nafaqat 2005 va 2010 yillardagi davlat to‘ntarishlari hamda vujudga kelgan tartibsizliklarda, balki bugungi kunda kuzatilayotgan jarayonlarda ham aks etmoqda.

Shuningdek, mustaqillikning dastlabki yillarida iqtisodiyotni liberallashtirish siyosati natijasida vujudga kelgan erkin jamiyat va iqtisodiy jihatdan zaiflashgan davlat ham bugungi Qirg‘izistonning siyosiy hayotida muhim rol o‘ynaydi. Sobiq ittifoq davrida markaziy hukumat butun mamlakat iqtisodiyotini taʼminlab turgan. Ammo SSSRni parchalanishi natijasida, Qirg‘iziston davlati iqtisodiy jihatdan qudratsiz (nisbatan zaif) holga kelib qolgan edi. Qo‘shni mamlakatlardan farqli ravishda, Qirg‘izistonning siyosiy barqarorlikni taʼminlashda muhim sanaladigan neft, gaz yoki boshqa tabiiy boyliklarning yetarli miqdordagi zahiralari kabi “iqtisodiy poydevori” mavjud emas. Natijada, qudratsiz davlat o‘rnini aholini iqtisodiy taʼminlay oladigan xususiy sektor egalari, badavlat tadbirkorlar egallay boshlagan. Qisqa qilib aytganda, iqtisodiy erkinlik davlatni iqtisodiy zaiflashuvi bilan birga mamlakat aholisining aksariyat qismini davlatga qaramligini keskin kamaytirib, siyosiy erkinliklarini ochiq talab qila olishiga imkon ham yaratgan.

Mamlakatning bugungi kuni

Oxirgi paytda Qirg‘izistonda kuzatilayotgan siyosiy tartibsizliklar zamirida tarixiy meros bilan birgalikda albatta so‘nggi bir necha yillarda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar ham turibdi. Birinchi muhim omil 2010 yilgi inqilobdan keyin aholining siyosiy o‘zgarishlarga bo‘lgan umidlarning puchga chiqishi bilan bog‘liq. Qirg‘iziston xalqi 2005 yildan buyon o‘zgarishlar o‘rniga, faqat inqilob keltirib chiqargan turg‘unlik, yana-da avj olayotgan poraxo‘rlik va davlat lavozimlarining suisteʼmol qilinishiga guvoh bo‘lishdi. Bu esa o‘z navbatida davlat qonunchiligi hamda siyosiy elitaga bo‘lgan ishonchni kundan kunga zaiflashishiga olib keldi. 2019 yilgi maʼlumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston korrupsiyani qabul qilish indeksi ro‘yxatida 180 ta mamlakat orasida 126-o‘rinni egallagan.

Shuningdek, ushbu noroziliklar pandemiya davrida vujudga kelgan iqtisodiy taranglik bilan ham bog‘liq. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kuzatilganidek, Qirg‘izistonda ham aholi qator iqtisodiy qiyinchiliklarga duch keldi. 2018 yilgi maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining taxminan to‘rtdan bir qismi, yaʼni 27 foizi kam taʼminlanganlar sirasiga kiradi, bu degani – qashshoqlik chegarasida kun kechiradi.

Shuningdek, Qirg‘iziston iqtisodiyotining chet eldan keladigan (mehnat muhojirlari yuboradigan) pul o‘tkazmalari hajmiga qaramligi ham yuqori darajada. Ushbu transfertlar mamlakat YAIMning 28 foiziga to‘g‘ri keladi. Pandemiya davrida yuz minglab mehnat muhojirlar ishsiz qolib, ushbu pul o‘tkazmalari hajmi ham ancha pasaygan. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonda ishsizlik darajasi 13,6 foizni tashkil qiladi, yil ohirigacha bu ko‘rsatgich 21 foizgacha ko‘tarilishi mumkin. Shuningdek, real YAIM hajmi 2020 yilning dastlabki olti oyida 5,3% pasaygan.

Qisqa qilib aytganda, mamlakatda ildiz otgan korrupsiya va pandemiya tufayli kundalik hayotning qiyinlashib borishi xalqni ko‘chaga chiqishga majbur qilgan asosiy omillar hisoblanadi.

Mavjud siyosiy beqarorlikka barham berish qiyin masala

Qirg‘izistonda odatiy holga aylangan davlat to‘ntarishlarini kuzatib, yana bir savol tug‘iladi: siyosiy erkinlikni taʼminlay oladigan ushbu davlat nima uchun endi guruhiy bo‘linishlarga barham berib, korrupsiyani jilovlaydigan va investitsiya muhitini yaxshilaydigan demokratik boshqaruv tizimini qura olmaydi? Aslida, shu savoldan anglash mumkinki, demokratiyaning o‘zi mamlakatdagi boshqaruv bilan bog‘liq muammolarga yechim bo‘la olmaydi. Qirg‘izistonda mustahkam demokratik boshqaruvining ildiz otishini taʼminlashda ikkita asosiy to‘siq mavjud: institutsional muammolar va zaif fuqarolik jamiyati.

Institutsional muammolar mamlakatning o‘ziga xos parlamentar tuzumi va saylov qonunchiligida vujudga kelgan beqarorlik bilan bog‘liq. Gap shundaki, 2010 yilgi konstitutsiya va saylov qonunchiligi bilan bog‘liq o‘zgarishlar mamlakatda siyosiy va iqtisodiy beqarorlikni keltirib chiqaradigan yangi siyosiy “o‘yin qoidalarini” yaratdi. Prezident vakolatlarini cheklashga qaratilgan yangi konstitutsiya prezidentlik muddatini 6 yillik hamda faqat bir martalik muddat (bir shaxs faqat bir marta saylanishi mumkin) qilib belgiladi. O‘z navbatida, bu holat shaxsiy manfaatlarni qisqa muddat ichida amalga oshirishga bo‘lgan rag‘batni uyg‘otdi. Muddatning qisqaligi, shuningdek boshqa davlat hizmati lavozimlariga keladiganlar uchun ham korrupsiya bilan bog‘liq ayni rag‘batni uyg‘otdi.

Fuqorolik jamiyatining zaifligi ham demokratik boshqaruvning mustahkamlanishida to‘siqlardan yana biri hisoblanadi. Qirg‘iziston xalqining siyosiy irodasi ko‘pchilikning hamohang fikrlarini tinch yo‘l bilan siyosiy yechimga aylantiradigan institutsional kanallar (partiyaga aʼzolik, saylovlarda ishtirok etish va hokazolar) orqali emas, balki g‘azabli to‘ntarish va tartibsizliklar shaklida ifodalanishini kuzatmoqdamiz. Mustahkam fuqarolik jamiyatining belgilaridan biri bu ko‘pchilikning fikrini umumlashtiruvchi siyosiy partiyalar hisoblanadi. Qirg‘izistondagi mavjud siyosiy partiyalar maʼlum g‘oya atrofida birlashgan jamoa emas, balki badavlat tadbirkorlar va siyosiy elitaning shaxsiy manfaatlarini olg‘a suradigan vosita sifatida qo‘llaniladi. Shu maʼnoda, mamlakat aholisi Qirg‘iziston parlamentini ijtimoiy va iqtisodiy muammolar muhokama qilinadigan forum emas, balki maʼlum kichik qatlam uchun hizmat qiladigan makon sifatida ko‘rishadi.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, Qirg‘izistondagi parokandalik bugunga kelib maʼlum darajada yumshagan bo‘lsada, davlatning siyosiy kelajagi hamon noaniqligicha qolmoqda. Mamlakat kelajagiga bog‘liq muhim siyosiy qarorlarning jinoyatga aralashgan shaxslar tomonidan “parda ortida” qabul qilinishi xalq manfaatlarini huddi 2005 va 2010 yillardagi kabi yana kichik guruh manfaati tagida qolib ketganini anglatadi. Nima bo‘lganda ham, yangi hokimiyat ishni korrupsiyani jilovlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va ichki bo‘linishlarga barham berish, mustahkam davlat boshqaruvi tizimi hamda demokratik institutlarni shakllantirishdan boshlamas ekan, ushbu mamlakat taqdiri muntazam ravishda takrorlanib turadigan siyosiy parokandalik ostida qolib ketishi shubhasiz.

Muallif: Bekzod Zokirov – siyosatshunos, Tokio universitetining doktoranti (Yaponiya)

Manba