BMT Xalqaro migratsiya tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, qo‘shni davlatlardagi Ukrainadan kelgan qochqinlar soni 3 millionga yetgan. Ulardan 157 ming nafari uchinchi davlat fuqarolaridir.
Polsha hukumati Ukrainadan 1 million 830 ming kishini qabul qilganini eʼlon qildi.
YUNISEFning xabar berishicha, Ukrainada urush boshlanganidan beri 1,4 milliondan ortiq bola mamlakatni tark etgan. Bu shuni anglatadiki, har kuni 70 mingga yaqin bola urush kunlarida muhojir holatiga tushib qolgan.
Ukrainadagi urush tufayli yuzaga kelgan migratsiya inqirozi tezligi va ko‘lami bo‘yicha faqat Ikkinchi jahon urushi davri bilan solishtirish mumkin, deyilgan YUNISEF bergan maʼlumotda.
“Ushbu falokatdan chiqishning yagona yo‘li urushni zudlik bilan to‘xtatishdir”, — deyiladi tashkilotning tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga chaqirgan bayonotida.
BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi urush boshlanishida Ukrainada zo‘ravonliklar avj olgan taqdirda 4 milliongacha odam mamlakatni tark etishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.